Jahon | 21:14 / 13.02.2020
14820
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiya va Xitoy korxonalariga qarshi sanksiyalar joriy qildi

AQSh 3 fevraldan Rossiyaning mudofaa sanoati bilan bog‘liq uchta korxonasiga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Shuningdek, Xitoyning 5 ta, Iroq va Turkiyaning bittadan kompaniyasi ham sanksiyalar ostiga tushgan.  

Foto: AFP

Bu haqda AQSh davlat departamentining 13 fevralda e'lon qilingan hujjatida ma'lum qilingan.

Rossiyaning “Pansir-S” zenit-raketa zambaraklar majmuasi ustida ishlovchi, Tulada joylashgan “Konstruktorskoye byuro priborostroyeniya imeni akademika A.G.Shipunova” (Akademik A.G.Shipunov nomidagi priborsozlik konstruktorlik byurosi), raketa va koinot texnikasi ishlab chiqaruvchi “NPO Mashinostroyeniya”, “Vertoleti Rossii” xoldingi tarkibiga kiruvchi va “Kamov” konstruktorlik byurosi vertolyotlarini ishlab chiqaruvchi Kumertau aviatsiya ishlab chiqarish korxonasi sanksiyalar ostiga tushgan.  

Bundan tashqari, AQShning sanksiyalar ro‘yxatiga Xitoyning 5 ta kompaniyasi (Dandong Zhensheng Trade Co., Ltd., Gaobeidian Kaituo Precise Instrument Co. Ltd., Shenzhen Tojoin Communications Technology Co. Ltd., Shenzhen Xiangu High-Tech Co., Ltd., Wuhan Sanjiang Import and Export Co., Ltd), Iroqning Kata'ib Sayyid al-Shuhada va Turkiyaning Eren Carbon Graphite Industrial Trading Company, Ltd. kompaniyalari kiritilgan.    

Ta'kidlanishicha, ushbu korxonalarga nisbatan sanksiyalar kiritish qarori Eron, Shimoliy Koreya va Suriyaga yadroviy, kimyoviy, bakteriologik qurollarni ishlab chiqishda yordam beruvchi texnologiyalarni berishni taqiqlovchi ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik haqidagi qonunga binoan qabul qilingan. 

Mavzuga oid