Yuristlar malakasini oshirish markazi direktori tayinlandi
Adliya vazirining buyrug‘i bilan Anvar Rahmatov Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi direktori lavozimiga tayinlandi
Adliya vazirining buyrug‘i bilan Anvar Islomovich Rahmatov O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi direktori lavozimiga tayinlandi.
A. Rahmatov 1982 yilda Buxoro viloyati Romitan tumanida tug‘ilgan, ma'lumoti oliy, 2003 yilda Toshkent davlat yuridik institutini, 2009 yilda Buxoro davlat universiteti, 2010 yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan, mutaxassisligi huquqshunos.
U mehnat faoliyatini 2004 yilda Buxoro viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy ma'rifat targ‘iboti bo‘yicha yetakchi maslahatchisi lavozimidan boshlab, vazirlik tizimida turli lavozimlarda ishlagan.
A. Rahmatov shu kunga qadar vazirlikning Yuridik ta'lim va sud-ekspertiza faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi sobiq boshlig‘i general-mayor Qutbiddin Burhonov Yuristlar malakasini oshirish markazi direktori vazifasini bajarib kelayotgandi.