Qariyb ikki yillik ta'qib poyoniga yetdi. Tergovchi oqlandi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi hukmiga ko‘ra, shaxsning ozodligi, sha'ni va qadr-qimmatiga hamda odil sudlovga qarshi jinoyat qilganda aybdor deb topilgan Chilonzor tuman IIBning sobiq tergovchisi apellyatsiya shikoyatidan so‘ng oqlandi. Kun.uz mazkur ishni qariyb ikki yildan buyon kuzatib kelayotgan edi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasi 2020 yil 14 yanvar kuni Toshkent shahar Chilonzor tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi Murodbek Karimovga nisbatan chiqarilgan sud hukmini bekor qildi.
Sud ajrimida quyidagilar bayon etiladi:
«...birinchi instansiya sudi ishni ko‘rishda qonun va Oliy sud Plenumi qarorlari talablariga rioya qilmagan.
...M.Karimovga nisbatan jinoyat ishi Toshkent shahar prokurori yoki unga tenglashtirilgan prokuror tomonidan qo‘zg‘atilishi lozim edi. Lekin unga nisbatan jinoyat ishi 2018 yil 25 aprel kuni ... Chilonzor tumani prokurori tomonidan, ya'ni vakolatsiz shaxs tomonidan qo‘zg‘atilgan.
...Biroq, ish bo‘yicha barcha tergov harakatlari tergov guruhi a'zosi (sud materiallariga ko‘ra, Chilonzor prokuraturasida ish o‘rganuvchi – tahr.) hisoblangan J.Yaxshiboyev tomonidan olib borilgan, ayb e'lon qilingan, shuningdek, ayblov xulosasi ham u tomonidan tuzilib, JPK talablariga rioya qilinmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, sudlov hay'ati barcha dastlabki tergov harakatlari vakolatsiz shaxs tomonidan o‘tkazilganligini inobatga olib,
...jinoyat ishida mavjud bo‘lgan barcha dalillarni nomaqbul dalil deb topishni lozim topadi.
M.Karimovning jinoyat ishini tergov qilishga aralashish, ya'ni ishni har tomonlama to‘la va xolisona o‘rganilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorga qonunga xilof ravishda ta'sir o‘tkazganligi o‘z tasdig‘ini topmadi.
Ayni vaqtda, M.Karimovni aybli deb topish uchun dastlabki tergov jarayonida to‘plangan dalillar yetarli emas va uning aybini tasdiqlovchi dalilni to‘plash imkoniyati ham mavjud emas.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, apellyatsiya instansiyasi sudlov hay'ati birinchi instansiya sudining hukmini qonuniy va asosli, deb bo‘lmaydi, deb hisoblab, uni bekor qilishni va apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni lozim topdi.
«Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudining 2018 yil 2 oktyabrdagi Karimov Murodbekni O‘zR JKning 140-moddasi 3-qismining «a» bandi, 236-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topish haqidagi hukmi bekor qilinsin.
Jinoiy hodisa yuz bermaganligi hamda M.Karimovning qilmishida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli O‘zR JPKning 83-moddasi, 2-bandiga asosan reabilitatsiya qilinib, unga nisbatan jinoyat ishi tugatilsin», - deyiladi sud ajrimida.
M. Karimov 2018 yil aprel oyida tahririyatga murojaat qilib, unga va uning oila a'zolariga nisbatan prokuratura va prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan turli ta'qiblar bo‘layotgani haqida gapirgandi. Qonun talabiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari harakatdagi jinoyat ishiga oid materiallarni tergovchi va sudning roziligisiz yorita olmasligi vajidan M. Karimov oilasi boshiga tushgan ishlarni kuzatish bilan cheklangan edik.
Tahririyat, M. Karimovga nisbatan jinoyat ishi ochilishiga sabab bo‘lgan boshqa bir jinoiy ish, ya'ni M.Karimovning otasi va ukasiga nisbatan SVOJJDLQK Departamenti Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan maxsus tadbir hamda tergov jarayonlarida yo‘l qo‘yilgan noqonuniy xatti-harakatlar, M. Karimov bilan bog‘liq yuzaki o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi va jinoyat ishlarining boshqa tafsilotlariga doir jurnalistik surishtiruvlarini olib bormoqda. Tafsilotlari bilan tez kunlarda saytimiz orqali tanishasiz.
Tolib Rahmatov
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024