O‘zbekiston | 20:46 / 18.02.2020
42886
3 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘l tumaniga yangi hokim tayinlandi

Toshkent viloyatining yana bir tumanida rahbar o‘zgardi. Yangiyo‘l tumani hokimi Abduqahhor To‘xtaboyev lavozimidan ozod etildi.

Bugun, 18 fevral kuni Xalq deputatlari Yangiyo‘l tumani Kengashining navbatdan tashqari uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Sherzod Kudbiyev ishtirok etdi.

Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati

Sessiya ishida tashkiliy masala ko‘rilgan. Kun tartibidagi masala bo‘yicha viloyat hokimi Rustam Xolmatov so‘zga chiqib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy tahlil qildi, tumanda qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishda yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklar, hududning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha muammoli holatlar haqida to‘xtalib o‘tildi.

Muzokaralardan so‘ng viloyat hokimining Yangiyo‘l tumani hokimi Abduqahhor Abdusattorovich To‘xtaboyevni egallab turgan vazifasidan ozod etish to‘g‘risidagi qarori deputatlar tomonidan tasdiqlandi.

  • Asli prokuratura sohasi vakili bo‘lgan, 2015-2017 yillarda Navoiy viloyati prokurori lavozimida ishlagan Abduqahhor To‘xtaboyev 2017 yilning iyulida Yangiyo‘l tumaniga hokim etib tayinlangandi.

Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Ulug‘bek Usarovich Yalgashev nomzodi Yangiyo‘l tumani hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tavsiya etilgan va u Yangiyo‘l tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Yangiyo‘l tumani hokimi v.b Ulug‘bek Yalgashev / Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati

Ulug‘bek Yalgashev 1973 yilda Samarqand viloyati Payariq tumanida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. 1994 yilda Samarqand davlat me'morchilik institutini, 2002 yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida Moliya vazirligining viloyatlardagi boshqarmalari hamda O‘zbekiston Hisob palatasida turli vazifalarda ishlagan.

Ushbu lavozimga tayinlangunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasida bosh inspektor sifatida faoliyat yuritgan.

Mavzuga oid