O‘zbekiston | 19:30 / 19.02.2020
41920
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Erdo‘g‘an bilan uchrashdi

Turkiyaga tashrifini amalga oshirayotgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Anqarada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. O‘zbekiston prezidenti Erdo‘g‘an qarorgohida tantanali ravishda qabul qilindi.

Turkiya Respublikasi prezidenti saroyida O‘zbekiston Respublikasi prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, ikki davlat madhiyalari yangradi.  

Ikki davlat delegatsiyasi vakillari tanishtirildi.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boshlandi. 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, uchrashuvda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, birgalikda yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Davlat rahbarlari uchrashuvda o‘zlarini qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashdi. 

Ayni vaqtda Anqara shahrida O‘zbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi boshlanishi kutilmoqda.  

Bu kengash ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi muloqot formati hisoblanadi. U 2018 yili davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotiga muvofiq tuzilgan.   

Kengash o‘z faoliyatini O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari hamraisligida olib boradi.  Siyosat, xavfsizlik, mudofaa, savdo, iqtisodiyot, investitsiya, turizm, energetika, transport,  qishloq xo‘jaligi, fan, ta'lim, madaniyat,  sog‘liqni saqlash va o‘zaro manfaatli boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish strategiyasini belgilaydi. Shuningdek, qo‘shma loyihalarning bajarilishini nazorat qiladi.   

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya hamraislari erishilgan natijalar to‘g‘risida mazkur kengashga doimiy axborot kiritib boradi. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi va Turkiya tashqi ishlar vazirligi strategik hamkorlik kengashining muvofiqlashtiruvchi organi hisoblanadi.

Uchrashuv yakunida Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya Strategik kengashining 1-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot, shuningdek, savdo va iqtisodiy yo‘nalishdagi qator hujjatlar imzolanishi ham kutilmoqda.

Mavzuga oid