Jamiyat | 22:37 / 20.02.2020
29505
4 daqiqa o‘qiladi

Yana bir XBAga jinoiy ish ochildi, boshqa bir MChJ 250 kishini chuv tushirdi

Toshkent shahrida faoliyat yuritgan ayrim xususiy bandlik agentliklariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari yuzasidan 20 fevral kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda uchta MChJga nisbatan tergov harakatlari ketayotgani ma'lum qilindi.

«INTERNATIONAL EXPERIENCE» – jabrlanuvchilar hozircha 21 nafar

Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov qilinayotgan «INTERNATIONAL EXPERIENCE» MChJ xususiy bandlik agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan yana bir jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aniqlanishicha, mazkur MChJ rahbari Kimsanova Oybarchin Nuriddin qizi 2019 yil 4 yanvar kuni o‘z faoliyatini boshlagan. 2018 yil dekabr oyidan 2020 yil yanvar oyigacha fuqarolar bilan Germaniya, Chexiya, Litva va boshqa davlatlarda ishga joylashtirish haqida shartnomalar tuzib, har bir fuqarodan 500 dollardan 4 500 dollargacha yoki 4,5 mln so‘mdan 37 mln so‘mgacha bo‘lgan pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Hozirgi kunda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 21 nafar fuqaro so‘roq qilinib, jabrlanuvchi va fuqaroviy da'vogar deb topildi.

«RECRUIT CONSULTING WORK»jabrlanuvchilar hozircha 210 nafar

Foto: Recruit consulting work

«RECRUIT CONSULTING WORK» MChJ bandlik agentligiga nisbatan 2019 yil 23 noyabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

20 fevraldagi matbuot anjumanida ma'lum qilinishicha, agentlik rahbari Allaberdiyev Jahongir Abdushukurovich 2019 yil 4 yanvar kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan berilgan 0015-raqamli litsenziya asosida «RECRUIT CONSULTING WORK» MChJ tuzib, o‘z faoliyatini boshlagan.

Shu davrdan, ya'ni 2019 yilning yanvar oyidan noyabr oyigacha bo‘lgan davrda fuqarolarga Koreya, Yaponiya, Latviya, Litva, Chexiya kabi davlatlarda ish topib berish va ishga joylashtirishni va'da qilgan holda ularni aldab, ko‘p miqdordagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilgan.

Hozirgi kunda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 210 nafar fuqaro so‘roq qilinib, jabrlanuvchi va fuqaroviy da'vogar deb e'tirof etildi.

«MON REVE» – jabrlanuvchilar hozircha 250 nafar

Tergov boshqarmasi tomonidan tergov qilinayotgan yana bir jinoyat ishi «MON REVE» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan.

Mazkur MChJ rahbari Toshtemirov Zoxid o‘zining tanishi Karimova Munira bilan birga Sergeli tumanida bino ijaraga olib, 2019 yil 6 fevral kuni tadbirkorlik sub'yekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

«MON REVE» MChJ 2019 yil aprel oyidan 2020 yil yanvar oyigacha moda sohasida O‘zbekistonning xalqaro brendini yaratish uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadi bilan o‘quv kurslarini tashkillashtirgan. Vaholanki, mazkur MChJ o‘z faoliyatini boshlaganda fuqarolarga ta'lim berish litsenziyasiga ega bo‘lmagan.

Fuqarolarni yanada ishontirish maqsadida o‘quv kursi yakuni bo‘yicha firma rahbariyati ushbu fuqarolarni o‘zi ish bilan ta'minlashi va oylik maoshini 12 mln.so‘mdan 24 mln.so‘mgacha va'da qilishgan.

«MON REVE» MChJ rahbariyati fuqarolar bilan shartnomalar tuzib, har bir fuqarodan 5 mln so‘mdan 24 mln so‘mgacha bo‘lgan pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Hozirgi kunda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 250 nafar fuqaro so‘roq qilinib, jabrlanuvchi va fuqaroviy da'vogar deb topilgan.

Mavzuga oid