Janubiy Koreya koronavirusning uchinchi o‘chog‘iga aylandi. So‘nggi ma'lumotlar
Janubiy Koreya koronavirus tarqalishi bo‘yicha dunyoda uchinchi katta o‘choqqa aylandi. Bunga ikki bora tashxislardan bosh tortgan mahalliy sekta a'zosi sababchi bo‘ldi.
Janubiy Koreyada yangi koronavirus yuqtirishning 204ta holati qayd etildi. Mamlakat epidemiya ko‘lami bo‘yicha dunyoda Xitoy (75 mingdan oshiq bemor) va Yaponiyadan (700dan ortiq zararlanish) keyingi uchinchi yirik o‘choqqa aylandi.
Xitoylik ikki jurnalist Uxandagi haqiqiy holatni ko‘rsatib berishdi. Ular hozir qayerdaligi noma'lum
Janubiy Koreyada virusdan zararlanganlar soni hafta boshida 30 nafardan oshmasdi, ammo payshanba kuniga qadar raqam 100ga yetib, juma kungi holatga ko‘ra 200dan ortdi. Shundan so‘ng, bosh vazir Chon Se Gun mamlakatda favqulodda holat e'lon qildi. Seuldan 300 km uzoqlikda joylashgan, 2,4 million aholi yashovchi Tegu shahri Covid-19’ning bu mamlakatdagi asosiy o‘chog‘i bo‘lib turibdi.
Janubiy Koreya rasmiylari kasallanishning 204 holatidan kamida 144tasini Sinchondji xristian diniy tashkiloti bilan bog‘lamoqda. Tashkilotga 1984 yilda o‘zini Iso Masihning yangi timsoli deb atovchi voiz Li Man Xi tomonidan asos solingan.
Sekta deb hisoblanuvchi ushbu tashkilot umumiy hisobda turli mamlakatlarda 200 mingdan ortiq izdoshlariga ega. Xabarlarga ko‘ra, Sinchondji a'zolari xizmat paytida jismoniy aloqa qilishadi va kasalliklarga befarq ekanliklari aytiladi. Ular abadiy hayotga ishonishadi, ularning nazdida faqat iymoni zaif kishilar kasal bo‘ladi va o‘ladi.
Tegu shahrida koronavirus tarqalishining sababchisi deb Sinchondjining 61 yoshli izdoshi hisoblanmoqda. Kasallik alomatlari unda 10 fevral kuni yuzaga kelgan, ammo xabarlarga ko‘ra, u chet elga chiqmaganini vaj qilib, virus tahlilidan ikki marta bosh tortgan. Ayol 18 fevraldagi qat'iy Covid-19 tashxisigacha kamida ikkita diniy marosimda qatnashishga ulgurgan. U Janubiy Koreyada koronavirus bilan kasallangan 31-shaxs bo‘ldi va hozirda ushbu virusning mamlakatdagi aniqlangan asosiy tarqatuvchisi bo‘lib turibdi. Uning o‘zi kimdan yuqtirgani haqida hozircha ma'lumot yo‘q.
Sinchondjning yakshanba kunlari o‘tadigan diniy marosimlarida u bilan birga mingdan ortiq odam qatnashgan. Hozirda taxminan 9 ming a'zodan barcha aloqalarni to‘xtatish so‘ralgan va koronavirusga tekshiruv boshlangan. Allaqachon ushbu sektaning 544 a'zosi o‘zlarida infeksiya alomatlari haqida xabar qilishgan, ammo hali aniq tashxislar qo‘yilmagan. Sinchondji Tegu shahridagi o‘z jamoasi faoliyatiga chek qo‘ydi, ibodat va yig‘ilishlar to‘xtatildi (ular onlayn tarzda o‘tkaziladi) va kechirim so‘rab, Tegu jamoasining a'zosi kasallik alomatlarini odatiy shamollashga yo‘yganini tushuntirdi. Sinchondji asoschisi voqealarni «iblisning hiylalari» deb atadi, izdoshlarini yig‘ilmaslikka va rasmiylarning ko‘rsatmalariga rioya qilishga chaqirdi.
Koronavirus tarqalishi tufayli Tegu — Janubiy Koreyaning to‘rtinchi yirik shahri — «alohida e'tibor hududi» deb e'lon qilindi. U yerga qo‘shimcha shifokorlar, yotoq va tibbiy jihozlar yuborildi. Tegu shahri meri vaziyatni «misli ko‘rilmagan inqiroz» deb atadi va aholini zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslikka chaqirdi. Kasalxonalarda zotiljam bilan og‘rigan barcha bemorlar tekshirilmoqda, bolalar bog‘chalari va kutubxonalar yopilgan, keksa odamlarga yordam ko‘rsatish markazlari ustidan nazorat kuchaytirilgan, harbiy qismlarga kirish cheklangan. Fuqarolar Tegu ikkinchi Uxanga aylanishi mumkinligidan xavotirda.
Tegudan tashqari, unga qo‘shni bo‘lgan kichik Chxondo shahri ham «alohida e'tibor hududi» deb e'lon qilingan. Mahalliy shifoxonada koronavirus yuqtirgan 16 kishi aniqlandi, ulardan biri vafot etdi (Janubiy Koreyada yangi virus sabab bo‘lgan ikki o‘limning birinchisi edi). Ma'murlar koronavirus infeksiyaning ushbu o‘chog‘i Tegu shahridagi «31-sonli bemor» bilan bog‘liqligini tekshirmoqda. Dastlab xabar qilinishicha, u Sinchondji jamoasining boshqa a'zolari bilan fevral oyi boshida sekta asoschisi akasi vafoti tufayli Chxondo kasalxonasiga dafn marosimiga kelgan. Marosim 31 yanvardan 2 fevralgacha davom etgan. Keyinroq rasmiylar ayolning Chxondoda bo‘lganini, ammo kasalxonaga bormaganini ta'kidlashgan.
Xitoyda va boshqa mamlakatlarda ahvol qanday?
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda 2 236 kishi koronavirusdan vafot etgan va kasallanganlarning umumiy soni 75 mingdan oshadi.
Virus Xitoy qamoqxonalariga yetib borgan va 500dan oshiq mahbusga yuqqan.
Osiyoning turli mamlakatlari, Yevropa, AQSh va Afrikada 1000dan ortiq yangi holatlar va bir nechta o‘lim qayd etildi.
«Daymond Prinsess» kruiz kemasi evakuatsiyasi qanday ketmoqda?
Ikki haftalik karantindan so‘ng, «Daymond Prinsess»ning virus tashxisi qo‘yilmagan yo‘lovchilari Yokogamada kemani tark etishni davom ettirmoqda.
Avstraliyaning 150dan ortiq fuqarolari laynerdan evakuatsiya qilindi va allaqachon Darvin shahriga yetib borishdi, u yerda ular yana ikki hafta karantinda bo‘lishadi.
Juma kuni Avstraliya ma'murlari xabar berishicha, kelganlarning olti nafari bezovtalik haqida shikoyat qilishgan va ularning ikkisida koronavirus qayd etilgan, vaholanki Yaponiyadan ketishdan oldin olingan tahlillarda infeksiya aniqlamagandi.
Hongkonglik yo‘lovchilarning birinchi guruhi uylariga qaytishdi va karantinni davom ettirishmoqda.
«Daymond Prinsess» bortida bo‘lgan 70dan ortiq britaniyaliklarning evakuatsiyasi juma kunidan shanbaga qoldirildi. Tashuvchi samolyot Uilshirdagi harbiy bazaga qo‘nishi kerak va yo‘lovchilar u yerdan 14 kunlik karantin uchun Uirral shahridagi kasalxonaning maxsus bo‘limiga olib boriladi.
Kema bortida kasallik tashxisi qo‘yilgan to‘rt nafar britaniyalik hozircha Britaniyaga qaytarilmaydi.
«Odamlarni qo‘rqityapsiz, OAV». Koronavirusdan o‘lim holati darajasi mavsumiy grippnikidan ko‘p emas
Italiyada uch bemor
Juma kuni Italiya shimolidagi Lodi shahrida uchta koronavirus yuqtirish holati aniqlandi. Xabar qilinishicha, bemorlardan biri, 38 yoshli erkak, virusni yaqinda Xitoydan qaytgan do‘sti bilan kechki ovqat yeyish paytida yuqtirgan.
Qolgan ikki bemor uning homilador xotini va u bilan yaqin aloqada bo‘lgan yana bir kishi.
Mavzuga oid
19:15 / 23.12.2024
KXDR Rossiya-Ukraina urushida mingdan ortiq harbiysidan ayrilgani ma’lum qilindi
16:31 / 18.12.2024
Isyonda ayblanayotgan Janubiy Koreya prezidenti politsiya so‘roqiga kelmadi
21:54 / 17.12.2024
Janubiy Koreya Toshkent-Samarqand temiryo‘lining yangi tarmog‘ini loyihalashtirishni boshladi
16:45 / 17.12.2024