Sport | 19:30 / 25.02.2020
28216
10 daqiqa o‘qiladi

Messi bir o‘zi hal qiladimi? Kun o‘yinlaridagi intrigalar

Bugun, 25 fevral oqshomida Chempionlar ligasining 1/8 finalida o‘zaro o‘ynaydigan jamoalarning murabbiylari uchun bu turnirdagi debyut pley-off o‘yinlari hisoblanadi.

Foto AFP

Muxlislarni katta o‘yinlar kutmoqda — Chempionlar ligasi pley-off bosqichida boshqachasi bo‘lmaydi. Bu bosqichga teng kuchli jamoalar yetib kelishadi. Klublarning maqsadlari ham o‘xshash, tarkiblar va undagi yulduzlar ham teng kuchli. Quyida bugun o‘zaro to‘qnashadigan jamoalarning hozirgi holati, taktikalari, so‘nggi natijalari va tarkiblardagi yo‘qotishlari asosida imkoniyatlari tahlil qilinadi. «Barselona» safar o‘yinida Suaressiz qanday ko‘rinadi, asosiy himochisini yo‘qotgan «Napoli» Kulibalisiz qanday o‘ynaydi?

Bu oqshomda ko‘pchilikning e'tibori jamoalar murabbiyi ishiga ham qaratiladi. Aniqroq aytganda, bu mutaxassislar maksimal darajadagi bosim ostida o‘zlarini qanday his qilishadi. Bu mavzu haddan tashqari dolzarb, chunki bugun o‘ynaydigan 4 jamoaning murabbiylari uchun bu o‘yinlar Chempionlar ligasi pley-off bosqichidagi debyut hisoblanadi.

«Napoli» - «Barselona» (Toshkent vaqti bilan 26 fevral kuni soat 1:00, javob o‘yini 18 mart)

«Napoli» va «Barselona»da mavsum davomida murabbiy almashgan: Jyennaro Gattuzo Karlo Anchelotti o‘rniga, Kike Seten — Ernesto Valverde o‘rniga kelgan.

«Napoli» asosan 4-3-3 sxemasida harakatlanadi va to‘pga egalik qilishga e'tibor qaratadi. Neapolitanliklar jamoasida yaxshigina ijrochilardan tarkib topgan hujum chizig‘i mavjud: Lorenso Insine, Dris Mertens, Arkadiush Milik va Matteo Politano. Gattuzo qishda «Leypsig»dan tayanch yarimhimoyachisi Diyego Demmeni sotib oldi va maydonning markaziy qismini mustahkamladi. Mudofaa chizig‘i markazida jarohat tufayli Xolid Kulibali o‘ynamaydi, uning yo‘qligini Nikola Maksimovich va Kostas Manolas bilintirmaslikka harakat qilishadi.

«Napoli» — balansga ega jamoa, qolaversa, futbolchilarda kurashuvchanlik yetarli, jamoani yevrokuboklarda futbolchi sifatida katta tajribaga ega bo‘lgan, ikki marta YeChLda g‘olib bo‘lgan murabbiy boshqaradi. U kuchli raqibga osonlikcha taslim bo‘lmasligi aniq. Hozirgi «Napoli» «Milan»ning oltin davrlaridagi jamoadan tarkib sifatida kuchsizroq, lekin neapolitanliklar Karlo Anchelotti ketgach o‘ziga kela boshladi va A Seriya yetakchilari safiga qaytmoqda.

Chempionlar ligasida saviyali futbolchilarni tarkibga jamlashning o‘zi kifoya qilmaydi. Xarizma ham kerak. Gattuzoda esa bu keragidan ortiq. Buni futbol nuqtayi nazaridan to‘g‘ri qo‘llay olish muvaffaqiyat keltirishi mumkin chunki Chempionlar ligasi — g‘oyalar raqobatidir. Bu turnirda daraja ko‘p narsani belgilamaydi, Xosep Gvardiolaning «Barselona»si o‘z vaqtida Joze Mourinoning «Inter»i qarshisida ojiz qolgandi.

61 yoshigacha birorta top-klubda ishlamagan, «Betis»da barselonacha uslubni qo‘llashga harakat qilgan, lekin ikki yil muqaddam Yevropa Ligasining dastlabki pley-off bosqichidayoq «Renn»dan mag‘lub bo‘lib turnirni tark etgan Kike Seten bu safar osonlik bilan muvaffaqiyatga erishadimi?

«Barselona» Seten davrida tiki-takaga qayta boshladi: avvalgidek qisqa masofaga paslar, pressing va qarshi pressing, to‘pga egalik qilish bo‘yicha haddan tashqari ustunlik. Lekin ayni vaqtda kataloniyaliklarda hujum chizig‘ida muammo yuzaga kelgan - jarohat tufayli Usmon Dembele va Luis Suares o‘ynay olmaydi. Shoshilinch ravishda «Leganes»dan jamoaning asosiy hujumchi Martin Breytueytni katta mojaro bilan sotib olishga to‘g‘ri keldi. Lekin u YeChLga zayavka qilinmagan va bugun maydonga tusha olmaydi.

Qolgan chiziqlarda muammolar yo‘qdek, Lionel Messi esa o‘sha-o‘sha. «Barselona» La Liganing so‘nggi turida Messining pokeri evaziga «Eybar»ni mag‘lub etdi va turnir jadvalida «Real»dan o‘zib ketdi. Jamoa Italiyaga juda yaxshi kayfiyatda tashrif buyurgan.

Katta ehtimol bilan katalonlar safar o‘yinida g‘alaba qozonishadi: ular tarkib bo‘yicha kuchliroq, balans yaxshiroq, shuningdek o‘yin taqdirini yolg‘iz o‘zi hal qilishi mumkin bo‘lgan daho futbolchiga ega. «Napoli» esa javob goli urishi mumkin — «Barselona» mudofaa chizig‘i hamon Seten uslubiga moslashish jarayonini o‘tamoqda.

«Chelsi» — «Bavariya» (Toshkent vaqti bilan 26 fevral kuni soat 1:00, javob o‘yini 18 mart)

1/8 final o‘yinlari orasida eng qiziq qarama-qarshilik «Chelsi»ning «Bavariya»ga qarshi o‘yini bo‘lishi mumkin. Albatta, ko‘pchilik 8 yil muqaddam o‘sha vaqtda ko‘klar jamoasi sardori bo‘lgan Frenk Lempard myunxenliklarning o‘z uyidagi final o‘yinini qanday qilib buzganini eslaydi (2011/2012 yilgi mavsumda YeChL finalida asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlangan, penaltilar seriyasida Lempard o‘z imkoniyatidan foydalanib, jamoasi g‘alabasiga hissa qo‘shgandi). O‘shanda ham «Chelsi» favorit hisoblanmagan, ammo londonliklar yosh va jo‘shqin edilar, ularning ustozi esa katta o‘yinlarda o‘zini kuchli taktik sifatida ko‘rsatgandi.

Foto: UEFA Champions League

Bugun Lempardning Flik bilan dueli ham qiziq o‘tishi kutilmoqda, ko‘pchilik bu murabbiylarning kuchiga yuqori baho bermayapti va ular bugun nimanidir isbotlashlari mumkin.

«Chelsi» — Temmi Abraham, Meyson Maunt va Ris Jyeyms kabi futbolchilar o‘yiniga asoslangan yosh jamoa. Ko‘klarda darvozabon bilan muammo mavjud: so‘nggi vaqtlarda futbol tarixidagi eng qimmatbaho darvozabon Kepa Arrisabalaga (u 2019 yil yozida 80 million yevroga sotib olingandi) murabbiy bilan kelishmay qolgani tufayli zaxira o‘rindig‘ida o‘tiribdi, darvozani esa 38 yoshli Villi Kabalero qo‘riqlamoqda.

Shuningdek, maydon markazida bugungi kun futbolining eng yaxshi tayanch yarimhimoyachilaridan biri — N'Golo Kante o‘ynamaydi, u jarohat tufayli safdan chiqqan, ammo Mateo Kovachich — Jorjino juftligi (to‘pni oldinga yetkazib berish — raqib hujumlarini buzish) maydonda harakat qiladi. Katta ehtimol bilan, Lempard uch nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynaydi — kuchli hujum chizig‘iga ega raqibga qarshi himoya chizig‘ining shunday joylashishi mantiqlidir.

Yoshlik shijoati va taktik xilma-xillik — «Chelsi»ning kuchli tomonlaridi.

«Bavariya» mavsum davomida bosh murabbiyni almashtirdi: Niko Kovach o‘rniga myunxenliklar boshqaruviga Hans-Diter Flik tayinlandi. Uning jamoasi to‘p nazoratiga ko‘p e'tibor qaratadi va 4-2-3-1 yoki 4-3-3 sxemalarida o‘ynaganida raqib darvozasi oldida ko‘proq xavfli vaziyatlar yaratadi.

Foto: UEFA Champions League

Yoaxim Lyovga 2014 yilgi mundialda yordamchi bo‘lgan Flik «Bavariya» boshqaruviga kelgunicha bosh murabbiy bo‘lib ishlamagan. Braziliyadagi jahon chempionatidan keyin esa u yordamchilikdan ma'muriy ishlarga o‘tgandi. Ammo endi u «Bavariya» uchun qariyb ideal murabbiyga aylandi.

Bundesligada qishki tanaffus arafasida uning lavozimidan «v.b.» qo‘shimchasi olib tashlandi. U hozircha — mavsum yakuniga qadar bosh murabbiy hisoblanadi, ammo har bir g‘alabali o‘yin Flikning ko‘p yillik shartnomaga ega bo‘lish imkoniyatlarini oshiradi. Rahbariyat u jamoa futbolchilari bilan qanday qilib bu qadar yaqin aloqa o‘rnata olganidan hayratda, ushbu murabbiy yoshlar va tajribali futbolchilar o‘rtasida balansni saqlab turibdi hamda avvalgi murabbiylardan farqli ravishda faxriy futbolchilardan hech birining noroziligini keltirib chiqarmayapti. Uni Yupp Xaynkesga taqqoslashmoqda, faxriy murabbiy ham uni o‘z merosxo‘ri deb atagan.

«Bavariya»ning asosiy ustunligi — uning to‘purar hujumchilaridir: Robert Levandovski va Serj Gnabri. Filippe Koutino, Tomas Myuller, Joshua Kimmix, David Alaba — bular ham yevrokuboklarda katta tajribaga ega futbolchilar sanalishadi va bunday darajada to‘p surish mas'uliyatini to‘la his qilishadi. Faqatgina Manuel Noyyer navbatdagi kulgili xatoga yo‘l qo‘ymasligiga (Bundesliga autsayderi — «Paderborn» bilan o‘yindagi kabi) umid qilish qoladi xolos, chunki Chempionlar ligasidagi xato qimmatga tushishi aniq.

Ko‘p ehtimol bilan, «Bavariya» safar o‘yini bo‘lsa ham g‘alaba qozonadi: Lempardning yoshlarida Levandovski va uning kompaniyasiga qarshi dosh berish uchun kuch yetmasligi mumkin.

Shu kunlarda 55 yoshni qarshilagan Flik «Bavariya»ni yanada kuchaytirgan bir qator g‘oyalarini tatbiq etdi. Endi uning ishlari Chempionlar ligasida qanday kechishini kuzatish qoldi. Xuddi shu gapni Gattuzo, Seten va Lempard haqida ham aytish mumkin.

Mavzuga oid