Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Koronavirus Italiyadan uch qit'aga tarqaldi. So‘nggi ma'lumotlar
Yevropaning bir qancha davlatlarida yangi tipdagi Covid-19 koronavirusi infeksiyasidan zararlanishning ilk holatlari qayd etildi. Katta ehtimol bilan bu tarqalish Italiya bilan bog‘liq, Apennin yarimorolida virusdan zararlanganlar soni 323 nafarga yetgan, 11 kishi vafot etgan.
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Avstriya, Xorvatiya, Shveytsariya, Ruminiya va Gretsiyada shu kunlarda Italiyada bo‘lib qaytgan fuqarolarda koronavirus aniqlangan.
Afrika shimolidagi Jazoirda ham virusdan zararlanishning ilk holati qayd etildi: bu bemor Italiya fuqarosi bo‘lib, u 17 fevral kuni Italiyada bo‘lgan.
Braziliyaning San-Paulu shahrida ham 61 yoshli erkakda kasallik aniqlangan, u yaqinda Italiyada xizmat safarida bo‘lib qaytgandi, bu Janubiy Amerikada ushbu virus aniqlangan ilk holatdir.
Italiyada virus yuqtirganlar soni o‘sishda davom etmoqda, ammo qo‘shni mamlakatlar chegaralarni yopishga shoshilmayapti, bu «proporsional chora bo‘lmaydi» deb hisoblanmoqda. Fransiya, Germaniya, Italiya va Yevrokomissiya vakillari o‘zaro uchrashuvda odamlarning harakatlanishiga cheklov o‘rnatmaslikka qaror qilishdi.
«Gap virus haqida ketmoqda, u chegara bilmaydi», - degan Italiya sog‘liqni saqlash vaziri Roberto Speransa. Uning germaniyalik hamkasbi Yyens Shpan Italiyaning qo‘shnilari og‘ir vaziyatga «jiddiy munosabatda bo‘lishi»ni aytib, bundan keyin vaziyat yanada yomonlashishi mumkinligini istisno qilmagan.
Buyuk Britaniyada Italiya shimolida ta'til o‘tkazib qaytgan maktab o‘quvchilariga uyga javob berib yuborilgan, hukumat fuqarolariga ushbu mamlakatga safar qilmaslikni tavsiya etmoqda. Ammo Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mett Henkok hukumat Italiya bilan aviaaloqani to‘xtatmasligini ma'lum qildi, har yili bu mamlakatga uch millionga yaqin britaniyalik tashrif buyuradi.
«Italiyaga qarang, u yerda Xitoydan kelayotgan samolyotlarni qabul qilish to‘xtatilgan, lekin Italiya Yevropada hammadan ko‘proq zarar ko‘rgan mamlakat bo‘lib turibdi», degan Henkok.

Yevropada nimalar bo‘lmoqda?
Avstriyada italiyalik yosh juftlikda koronavirus aniqlandi, ular Tiroldagi Insbruk shahrida yashab kelishgan. Ulardan biri ishlagan mehmonxona hozirda yopib qo‘yilgan.
Shveytsariya hukumati Italiya bilan chegarada joylashgan Tichino kantonida yashovchi keksa yoshli erkak Milanga borganida virus yuqtirgani haqida xabar bergan, ayni vaqtda bu bemor izolyatsiya qilingan.
Virus yaqinda Italiyadan Xorvatiyaga kelgan erkakda ham aniqlangan, bu Bolqon mamlakatlarida ilk bor virus aniqlanishi bo‘ldi.
Kanar orollaridagi Tenerife shahrida mingga yaqin mijoz joylashgan yirik mehmonxona ayni vaqtda karantinga olingan. Bu mehmonxona mijozlaridan biri, Italiyadan turmush o‘rtog‘i bilan birga ta'tilni o‘tkazish uchun kelgan shifokorda virus borligi ma'lum bo‘lgan.
Ispaniyaning materikdagi qismida ham virus yuqishining ilk holati haqida e'lon qildi: Barselonada yaqinda Italiya shimolida bo‘lib qaytgan ayolda virus aniqlangan.
Shuningdek, Ruminiyada uch hafta muqaddam Italiyadan kelgan sayyohda virus aniqlandi.
Gretsiyada mamlakatning 38 yoshli fuqarosida virus aniqlangan, bu ayol Italiya shimolida ta'tilni o‘tkazib qaytgandi. U ayni vaqtda Salonikada shifokorlar nazorati ostida bo‘lib turibdi. U bilan aloqada bo‘lganlarning barchasi tekshirilmoqda.
Fransiya va Germaniya hukumatlari ham Italiyada bo‘lib qaytgan fuqarolari virusga chalingani bilan bog‘liq yangi holatlar haqida ma'lum qildi. Fransiyada ikkinchi o‘lim holati qayd etildi: 60 yoshli fransuz Covid-19 qurboni bo‘ldi. Avvalroq Fransiyada koronavirus keltirib chiqargan kasallik oqibatida Xitoydan kelgan 80 yoshli sayyoh olamdan o‘tgandi.
Jahondagi vaziyat
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 26 fevral tongida e'lon qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab jami 80980 kishi koronavirusdan zararlangan. Tashkilot bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus Xitoydan tashqarida virusdan zararlanish holatlarining keskin o‘sishi «jiddiy xavotirlarni keltirib chiqargani»ni aytib o‘tgan.
Koronavirusdan zararlanish holatlarining asosiy qismi Xitoyda, bu yerda so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, 78 mingdan ortiq kishida virus aniqlangan, 2700 kishi vafot etgan. Lekin so‘nggi hafta mobaynida bu mamlakatda virusdan zararlanganlar va qurbonlar soni o‘sishi pasaydi. Seshanba kuni XXR hududida 52ta o‘lim holati qayd etildi - bu so‘nggi uch hafta mobaynidagi eng past ko‘rsatkichdir.
Italiya - Xitoydan tashqaridagi uchta epidemiya o‘chog‘idan biri bo‘lib turibdi.
Eronda rasman 139ta virus yuqtirish holati qayd etilgan, 19 kishi vafot etgan, ammo norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, virusdan zararlanganlar va qurbonlar soni ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. Eron sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, avvalroq hukumat koronavirus bo‘yicha haqiqiy holatni yashirmayotganini aytgan Iroj Xarirchi uning o‘zida virus aniqlanganini ma'lum qildi.
Eron prezidenti Hasan Ruhoniy davlat hech bir hududda karantin joriy etmasligini ma'lum qildi. «Ammo kimdadir kasallik belgilari aniqlansa, uni karantinga joylashtirish kerak bo‘ladi», deya qo‘shimcha qilgan u.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo esa butun jahondagi davlatlarni «koronavirus haqidagi haqiqatlarni yashirmaslik»ka chaqirgan va Eron virus tarqalishi bo‘yicha «muhim ma'lumot»ni yashirayotgan bo‘lishi mumkinligini tusmol qilgan.
Eronda virus tarqalishi ko‘lami haqida aniq va ishonchli ma'lumotlar mavjud emasligi tufayli bu mamlakatdagi vaziyat xalqaro ekspertlarning eng ko‘p tashvishiga sabab bo‘lmoqda.
Londondagi Kings Colledge universitetining infeksion kasalliklar bo‘yicha eksperti Natali Makdermotning so‘zlariga ko‘ra, Eronda qayd etilgan holatlarning aksari keksa yoshli odamlar bilan bog‘liq bo‘lib, faqat ularda aniqlangan holatlar haqida ma'lum qilinmoqda.
«Shunday tasavvur hosil bo‘lganki, bizga faqat aysbergning uchi haqida aytishmoqda, qolgan qismi haqida hech narsa ma'lum emas - nisbatan yoshroq bo‘lganlar virus yuqtirgan bo‘lsada, ular virus yuqtirgani haqida bilmasliklari mumkin», degan u.
Rossiya 28 fevral kuni Eron fuqarolariga viza berish to‘xtatilganini ma'lum qildi.
Janubiy Koreyada koronavirusdan zararlanganlar soni 1261 nafarga yetgan, 11 kishi halok bo‘lgan. Bu mamlakat koronavirus yuqishi bilan bog‘liq eng ko‘p holat qayd etilishi bo‘yicha Xitoydan keyingi ikkinchi davlatdir. Ayni vaqtda 16 734 kishining tahlillari o‘rganilmoqda.
Janubiy Koreyada aniqlangan koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlarining 900dan ortig‘i Tegu shahri va unga qo‘shni Kyonsan-Pukto provinsiyasiga to‘g‘ri kelmoqda. Janubiy Koreya aviakompaniyalari Teguga reyslarni vaqtincha bekor qilgan. Bu shaharda istiqomat qiluvchi Sinchonji sektasi izdoshi hisoblangan ayol koronavirus testidan o‘tishdan bosh tortib, ikki hafta davomida mingga yaqin odam bilan birga ibodatlarda ishtirok etishi Janubiy Koreyani jahondagi uchinchi eng yirik koronavirus o‘chog‘iga aylantirgandi. Hukumat bu sekta a'zolari bo‘lgan 215 mingdan ortiq kishida virus bor-yo‘qligini aniqlash uchun tekshiruvlar o‘tkazmoqda.
Mamlakat prezidenti Mun Je In 25 fevral kuni vaziyatni «favqulodda jiddiy» deb atab, shaharni «alohida falokat hududi» deb e'lon qilishning o‘zi yetarli bo‘lmasligi mumkinligini ta'kidlagan edi.
AQSh harbiy rahbariyati Janubiy Koreyada xizmat qiluvchi amerikalik askarlardan biri (Tegudagi bazada) virus yuqtirib olganini tasdiqladi.
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazlari virus mamlakatda og‘ir muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirgan. Shu bilan birgalikda, amaldorlardan biri, gap bu epidemiya qachon global pandemiya sifatida tan olinishiga bog‘liqligini qayd etib o‘tgan.
Yaponiyada bosh vazir Sindzo Abe barcha sport va madaniy tadbirlarni bekor qilishga yoki ikki hafta keyinga qoldirishga chaqirdi, 2020 yilgi Tokio Olimpiadasi ushbu mamlakatda o‘tkazilishi xavf ostida qolgan.
Mavzuga oid
11:00 / 10.06.2026
Parij isroillik vazirga qarshi sanksiyalar joriy qildi
22:05 / 29.05.2026
Italiya hukumati Sitsiliya mafiyasining millionlab yevro aktivlarini musodara qildi
08:53 / 19.05.2026
O‘zbekistonliklar Italiya fermer xo‘jaliklarida ishlashi mumkin bo‘ladi
09:20 / 14.05.2026