Jahon | 20:00 / 28.02.2020
24230
10 daqiqa o‘qiladi

Idlibdagi eskalatsiya: Putin va Erdo‘g‘an kelishishga urinib ko‘radi

Suriyaning Idlib provinsiyasida jiddiy eskalatsiya yuzaga kelgan: payshanba kuni kechqurungi havo hujumi oqibatida Turkiya armiyasining kamida 33 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi. Turkiya tomoni havo zarbalari «Suriya rejimi» harbiy-havo kuchlari tomonidan yo‘llanganini ma'lum qilgan. Suriyaning bosh ittifoqchisi Rossiya hujum nishoniga tushib qolgan turkiyalik harbiylar «terrorchilar orasida bo‘lgani»ni ma'lum qilgan. Turkiya buni inkor etgan.

© Mixail Metsel/TASS

Turkiya armiyasi Suriyada yana yo‘qotishga uchradi va javob zarbasi yo‘lladi

28 fevralga o‘tar kechasi Suriya armiyasi Jyebel-az-Zaviya hududidagi turk harbiylariga zarba yo‘lladi. Keyinroq ushbu havo zarbalari oqibatida turkiyalik 33 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgani va 36 kishi jarohatlangani ma'lum bo‘ldi. Bu hujumga javoban Turkiya Suriya armiyasi pozitsiyalarini o‘qqa tutdi. Xususan, turk harbiylari Suriya hukumatining Idlib sharqida turgan harbiy konvoyini yo‘q qilgani ma'lum qilindi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma'muriyatidagilar javob zarbalari yo‘llashda davom etilishini bildirishdi. Mamlakat vitse-prezidenti Fuat O‘ktoy Anqara Suriya prezidenti Bashar Asaddan harbiylar o‘limi uchun qasos olishi va bu suriyaliklarga juda qimmatga tushishini bildirdi. O‘ktoy suriyaliklar prezidentini terrorchi davlat rahbari deb atadi va Asad jahon tarixiga harbiy jinoyatchi sifatida kirishini aytdi.

Avvalroq fevral oyida Erdo‘g‘an ham Turkiya bu hududni Asadga berib qo‘ymasligi va Idlibni turklar uchun ham, Suriya xalqi uchun ham xavfsiz hududga aylantirmoqchiligini ma'lum qilgandi. U Suriya armiyasi harbiy harakatlari oqibatida halok bo‘lgan turk askarlari uchun qasos olinishiga va'da bergandi.

Foto: Reuters

Rossiya bu hujumni jangarilar bilan bog‘ladi

Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Suriya armiyasi 27 fevral kuni kechasi Idlibda Rossiya Harbiy-kosmik kuchlari samolyotlari ishtirokisiz «Hayot Tahrir ash-Shom» («Jabhat an-Nusra» o‘rnida tashkil etilgan) guruhiga hujum qilgani, bu guruh butun front bo‘ylab hujumga uchraganida qarshi zarba bilan kutib olinganini ma'lum qilgan. Turk harbiylari Bexun aholi punkti yaqinida o‘qqa uchragan.

Vazirlik Suriyadagi dushman tomonlarni yarashtirish markazi Anqaradan doimiy ravishda Turkiya harbiylarining Idlibdagi joylashuvi bo‘yicha ma'lumotlarni so‘rab turganini ma'lum qilgan. «Berilgan koordinatalarga ko‘ra, Bexun punktida turkiyalik harbiylar bo‘lmasligi kerak edi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Bu xabarlar ortidan Rossiyaning Qora dengizdagi flotining «Kalibr-NK» qanotli raketalari bilan qurollangan ikki fregati O‘rta Yer dengizi tomon harakatlana boshladi. «Admiral Makarov» va «Admiral Grigorovich» kemalari bir vaqtda Turkiya qirg‘oqlari yaqinidan Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozlarini kechib o‘tdi. Sevastopoldan chiqqan bu kemalar O‘rta Yer dengizidagi Harbiy-dengiz flotiga borib qo‘shilishi rejalashtirilgan.

Idlibda yakson etilgan tank 
Foto: SANA / Reuters

Turkiya Bosforni yopish va qochqinlar uchun Yevropani ochish bilan tahdid qildi

Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Oqarning aytishicha, hududdagi harakatlar Rossiya bilan muvofiqlikda olib borilsa-da turklarning Idlibdagi pozitsiyalariga zarbalar berilayotganini ma'lum qilgan. U Anqara tomoni turk harbiylarining joylashishi bo‘yicha ma'lumotlarni oldindan bergan, lekin suriyalik harbiylar qurolli muxolifat bo‘lmagan hududga - turklar joylashgan pozitsiyalarga zarba yo‘llagan. «Hatto tez yordam mashinalariga zarbalar berilgan», — degan u.

Vazir turklarning Suriya harbiylari pozitsiyalariga berilgan javob zarbalari oqibatida «Buk» va «Pansir» komplekslari, 23ta tank, shuncha harbiy texnika va 5ta vertolyot yo‘q qilinganini ma'lum qilgan. Shuningdek, uning aytishicha, Bashar Asad armiyasining 309 harbiysi yo‘q qilingan, turk harbiylari uchun qasos olinishi davom etadi.

Turkiyalik jurnalist Hoqon Chelik esa Idlibdagi vaziyat keskinlashishi fonida Turkiya Bosfor bo‘g‘ozini Rossiya harbiy-dengiz kuchlari kemalari uchun to‘sib qo‘yishi mumkinligi haqida xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara agar Rossiya Suriyada Turkiyaga qarshi harakatlar amalga oshirsa, bo‘g‘oz yopib qo‘yilishi aniq. Shuningdek, jurnalist Turkiya o‘z havo kengliklarini Rossiya aviatsiyasi uchun yopishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Bundan tashqari, turkiyalik amaldorlardan biri Turkiya endi suriyalik qochqinlarni Yevropa hududiga o‘tkazib yuborishi mumkinligi haqida gapirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat endi bundan keyin Idlibdan kelayotgan qochqinlarning mamlakat bo‘ylab harakatlanib, Yevropaga yo‘l olishiga to‘sqinlik qilmaydi. Politsiyachilar va chegarachilarga ularga qarshilik qilmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Avvalroq Erdo‘g‘an bir necha marta agar Yevropa Turkiyaga yordam bermasa, qochqinlar uchun Yevropa eshiklarini ochib yuborishi mumkinligi bilan tahdid qilgandi.

Erdo‘g‘anning maslahatchisi, xavfsizlik va tashqi siyosat bo‘yicha prezident qo‘mitasi a'zosi Mesut Haqqi esa Turkiya Rossiya bilan urushga tayyorligini ma'lum qildi. 

«Biz ular bilan og‘a-inimiz [suriyaliklar] . Biz aka ukani o‘ldirmasligi uchun shu yerdamiz. O‘tmishda biz Rossiya bilan 16 marta jang qilganmiz, buni yana qilishimiz mumkin», dedi u.

NATO kengashi Turkiya so‘rovi bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg 28 fevral kuni tashkilotda shoshilinch yig‘ilish chaqirilganini ma'lum qildi. Unda Suriyadagi vaziyat muhokama qilingan. Anqara Shimoliy Atlantika kelishuvining 4-moddasiga binoan shunday uchrashuv o‘tkazish tashabbusini bildirgan. Bu moddaga ko‘ra, tashkilot a'zolaridan birining hududiy yaxlitligi, siyosiy mustaqilligi yoki milliy xavfsizligi xavf ostida bo‘lsa shartnoma ishtirokchilari o‘zaro maslahatlashishi ko‘zda tutilgan.

Bungacha Stoltenberg Suriya Harbiy-havo kuchlarini va ularni qo‘llayotgan Rossiya Harbiy-kosmik kuchlarini Idlibdagi hujumlar uchun qoralab chiqqandi. U ziddiyatning barcha ishtirokchilarini vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirib, Damashq va Moskva «xalqaro huquqni hurmat qilgan holda hujum qilishni to‘xtatishi kerakligi»ni bildirgandi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham Idlibdagi vaziyatga e'tibor qaratib, tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan.

Yyens Stoltenberg
Foto: Zhang Cheng / Xinhua / Globallookpress.com

Rossiya va Turkiya kelishishga harakat qilmoqda

So‘nggi oylarda mintaqada vaziyat keskinlasha boshlagach, ziddiyatning ikki tomonida turgan ikki yirik davlat muzokaralarning bir necha raundini o‘tkazishdi. Fevral oyining ikkinchi qismida bo‘lib o‘tgan so‘nggi muzokaralardan keyin Erdo‘g‘an Turkiya Rossiya bilan Idlib bo‘yicha muzokaralardan qoniqish hosil qilmayotganini aytgan, Kremldagilar esa vaziyatni xavotirli deb atab, Suriya armiyasiga nisbatan agressiv harakatlar kuchayib borayotganini qayd etishgandi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa rus-turk munosabatlarining salbiy ssenariysidan qochishga chaqirgandi.

Juma kuni, Idlibdagi navbatdagi qon to‘kilishidan keyin rossiyaliklar prezidenti Vladimir Putin va turklar prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an telefon orqali muloqot qilib, vaziyatdan xavotirlarini bildirishdi.

Kreml matbuot xizmati xabar qilishicha, turklar tomoni tashabbusi bilan tashkillashtirilgan muloqotda ikki tomon ham Suriya shimoli-g‘arbidagi vaziyatni normallashtirish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish kerakligini aytishgan va bu mavzuni yaqin vaqtlar ichida yuzma-yuz muhokama qilish bo‘yicha kelishib olishgan.

Idlibdagi vaziyat yanvarda keskinlasha boshlagan

Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi Idlibni harbiy harakatlardan xoli hudud qilish haqidagi kelishuvga qaramay joriy yil boshida Suriya armiyasi ushbu hududga yurish boshladi. Damashq bu hududdagi qurolli muxolifatni terrorchilar deb hisoblaydi. Hujumlar fevral oyiga kelib faollashdi, bu orada Suriya shimolidagi ittifoqchilarini qo‘llash uchun Turkiya minglab harbiylarini Idlibdagi kuzatuv postlarini mustahkamlash uchun yo‘lladi. Suriya hukumati qo‘shini esa Idlibdagi deeskalatsiya hududining qariyb yarmini egallab oldi va turklarning kuzatuv postlarini o‘rab oldi.

Foto: Murad Sezer / Reuters

Suriya hukumatining bu harakatlari Anqaradagilarni asabiylashtirdi. Bundan tashqari, fevral oyi davomida turklarning pozitsiyalari bir necha marta suriyaliklar tomonidan o‘qqa tutildi va jami 20ga yaqin turk askari halok bo‘ldi. Anqara ham dam-badam javob qaytarib turdi. Erdo‘g‘an turk harbiylariga nisbatan yangi agressiya boshlangudek bo‘lsa, Suriya armiyasiga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlanishini, Asad kuchlari pozitsiyalari to‘la bombardimon qilinib, Idlib osmonida uchadigan har qanday jism yo‘q qilinishini bildirdi.

Fevral oyining ikkinchi qismida Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Suriya muxolifati Suriya armiyasiga qarshi hujum boshladi. Ular bir necha kun oldin Nayrab shahrini egallashgan, 27 fevral kuni esa mamlakatdagi asosiy trassalar - M4 va M5 avtomobil yo‘llari kesishmasida joylashgan Sarakib shahrini qaytarib olgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Shu xabarlar ortidan Turkiya harbiylari hujumga uchradi va 33 turk askari qurbon bo‘ldi.

Mavzuga oid