O‘zbekiston | 19:11 / 28.02.2020
39147
4 daqiqa o‘qiladi

«Migrantlar uchun qulay sharoitlar yaratiladi» – TIV Rossiya bilan 2ta kelishuv ustida ishlamoqda

28 fevral kuni Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Tashqi ishlar vazirligining 2019 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axborot eshitildi.

Axborotni Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ilhom Ne'matov o‘qib eshittirdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Senat raisi Tanzila Norboyeva Ilhom Ne'matovga savollar bilan murojaat qildi.

«Barchamiz guvoh bo‘lyapmiz, juda ko‘p fuqarolarimiz ishlash uchun chetga chiqib ketyapti. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi orqali ro‘yxatdan o‘tib, chiqib ketadiganlar juda ozchilikni tashkil qiladi. Juda ko‘p fuqarolarimiz o‘zi, o‘z xohishi bilan, kimdir chaqiradi, o‘zicha ketaveradi. Na kasb, na o‘quvsiz. Turar joyi ham aniq emas. Natijada turli muammolarga duch kelishyapti: odam savdosi qurboni bo‘lish, ijtimoiy himoyasiz bo‘lib qolish, turli oqimlarga kirib qolish va h.k.

Bu borasida Vazirlar Mahkamasidagi agentlik, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamkorlikda taklif kiritsangiz bo‘lmaydimi? O‘z holicha chiqib ketayotgan fuqarolarimizni chetda kim himoya qiladi?» – deb so‘radi Tanzila Norboyeva.

Savolga javoban TIV o‘rinbosari migratsiya masalasida Rossiya bilan 2ta hujjat imzolanishi rejalashtirilayotganini aytdi.

«Migratsiya masalalari bilan 2 yildan buyon shug‘ullanyapmiz. Oldin [Tashqi ishlar vazirligi] migratsiya masalalari bilan shug‘ullanmagan. Bugungi kunda Janubiy Koreya, Rossiya va Qozog‘iston bilan imzolangan hujjatlar bor. Boshqa davlatlar bilan yo‘q.

Rossiya bilan yana 2ta hujjatni ishlab chiqyapmiz, kelajakda bo‘ladigan tashrifda uning imzolanishini rejalashtiryapmiz. U imzolansa, migrantlar uchun qulay sharoitlar yaratiladi», – dedi Ne'matov.

Uning aniqlik kiritishicha, bitimlar migrantlarni himoyalash va ish joylari kabi masalalarni nazarda tutadi.

«Bugungi kunda Rossiya, Qozog‘iston, MDH davlatlariga vizasiz chiqish [tartibi] bor. Chiqib ketayotganida Tashqi ishlar vazirligiga axborot bermaydi. Konsulxona, elchixonalarga borib, ro‘yxatdan o‘tib, hisobga turgan bo‘lsa, biz uni hisobga olamiz.

Hozirgi kunda mana shuni inobatga olib, Rossiyaning o‘zida 5ta qo‘shimcha konsullik vakolatxonasi Yekaterinburg, Sankt-Peterburg, Rostov, Qozon, Vladivostok shaharlarida ochildi.

Migratsiya faqat Rossiya, Qozog‘iston, Koreyaga emas. Butun dunyoda o‘zbeklar bor. O‘zbekistonning 57ta davlatda elchixona, konsulliklari bor. Ana shu davlatlarda konsullikka kelib, hisobga turmaganlarni ham borib bilyapmiz. Saylov doirasida shunday qildik», – dedi Ilhom Ne'matov.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi shu yilning fevral oyida amalga oshishi kutilgan, ammo avvalroq Ne'matov tashrif 2020 yil iyun oyining ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tishini ma'lum qilgan edi.

2019 yil oktyabrida Toshkentga kelgan RF Federatsiyalar kengashi raisi Valentina Matviyenko O‘zbekiston yetakchisining Moskvaga tashrifi haqida gapirarkan, uning doirasida kamida 12ta yangi kelishuv imzolanishi kutilayotganini aytgan edi.

Гулзода Иброҳимова
Tayyorlagan Гулзода Иброҳимова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid