O‘zbekiston | 21:29 / 02.03.2020
7980
3 daqiqa o‘qiladi

Vazir: Mahalla davlat sektoriga o‘tgani yo‘q

«Endi mahallada davlat tizimi bo‘ladimi? Yo‘q, bu davlat tizimi bo‘lmaydi. MFY raisini bundan keyin ham fuqaro saylaydi. Biz unga faqat imkoniyatlar beramiz» – Rahmat Mamatov.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

2 mart kuni OAV vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov o‘z tuzilmasining maqsadini bayon qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Avvalgi tizim ishlamadi, deb ayta olmaymiz. Kimga qanday ko‘ringan... To‘rtta tizim ham ishlayotgan edi. Lekin samarasi bo‘lmagani uchun davlat rahbari bunga e'tibor berdilar.

Xotin-qizlar, nuroniylar masalalari, mahalla tizimi, profilaktika inspektori... Hammasining maqsadi bitta, lekin yo‘nalish to‘rtta edi.

Bu tepadan ko‘rinmasligi mumkin, lekin eng quyi bo‘g‘inga tushganda hammasi ayon bo‘lardi. Ilgari faoliyat yuritgan mahallada bitta kotib va MFY raisi ishlardi xolos. Ularni qo‘llab-quvvatlaydigan hech kim bo‘lmadi. Bir musht bo‘lib fuqaroning oldiga borib gaplashadigan bo‘lsa, maqsadga erishish mumkin», dedi u.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Rahmat Mamatov yangi vazirlikning qanday prinsip asosida ishlashi, o‘zini o‘zi boshqarish organi hisoblangan mahallaga davlatning ta'siri bo‘lishi mumkinligi haqidagi bahslarga munosabat bildirdi.

«Endi mahallada davlat tizimi bo‘ladimi? Yo‘q, bu davlat tizimi bo‘lmaydi. MFY raisini bundan keyin ham fuqaro saylaydi. Biz unga faqat imkoniyatlar beramiz, o‘z vazifasini bajarishi uchun qo‘llab-quvvatlaymiz.

Mahalla tizimi nodavlat-notijoratligi holatida turibdi. Vazirlik mahalladan yuqori. U shahar va tumangacha tushib boradi. Quyida esa o‘zini o‘zi boshqarish tizimi turaveradi. Vazirlik qo‘llab turadi», deya ta'kidladi u.

Shuningdek, Rahmat Mamatov mahalla va oila uchun alohida vazirlik tashkil etilishida rivojlangan mamlakatlar tajribasi ham o‘rganilganini qayd etdi.

«Rivojlangan davlatlar oila bilan ishlash uchun qanday tuzilmani tashkil etganini o‘rganib chiqdik. Yaponiya, Koreya, Xitoy, Germaniya...

Xulosalar bilan vazirlik tashkil etildi. Agar bu xato bo‘lganida Adliya vazirligi uni ro‘yxatdan o‘tkazmasdi», deya qo‘shimcha qildi vazir.

Mavzuga oid