23:02 / 03.03.2020
7
26418

Qishloq xo‘jaligi klasterlari navbatdagi monopoliyami? Senator munosabat bildirdi

2 mart kuni OAV xodimlari uchun Quyi Chirchiq tumanidagi «TCT cluster» korxonasiga press-tur tashkil qilindi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Klaster rahbari – O‘zbekistondagi birinchi paxta-to‘qimachilik klasteri ta'sischisi, senator Murtazo Rahmatov tumanda paxta to‘qimachilik klasteriga o‘tishdagi ilk natijalar bo‘yicha taqdimot qilib, jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

Press-tur davomida klaster rahbariga jurnalistlar tomonidan ayrim tumanlarda qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlari klasterlar hisobiga o‘tib ketayotgani va bu monopoliyaning ko‘rinishi emasmi, mazmunida savol berildi.

Savolga «TCT cluster» korxonasi rahbari Murtazo Rahmatov javob berdi.

«Bu mening shaxsiy fikrim: ishlab chiqarishning qanday usuli bo‘lishidan qat'i nazar, u xalqqa, vatanga va shu yerda ishlaydiganlarga foyda keltirishi kerak.

Agar siz bizning klasterni monopoliya deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, bu noto‘g‘ri. Chunki bizning klaster 6-7ta korxonadan iborat. Bu korxonalarning barchasi mustaqil. Bu umuman monopoliya emas.

Ikkinchidan, agar shunday monopoliya bo‘lsa, bo‘lsin shunday monopoliya. Xalqqa yaxshilik keltirsa, shuning bo‘lgani ma'qul.

Biz bu yerdan foydani olib ketayotganimiz yo‘q. Nega odamlar monopoliyani gapirishadi? Chunki monopol faqat o‘zi foyda oladi. U faqat o‘z mahsulotini sotadi, boshqalar sotolmaydi. Qani bizda foyda? Biz 5-10 yilda ham foyda olish niyatimiz yo‘q. Olgan foydamizni yana shu yerga sarflaymiz», – dedi u.

Senatorning fikrlarini uning xodimlaridan biri to‘ldirdi. Unga ko‘ra, klasterlar yopiq tashkilot emas va «Kooperatsiyalar to‘g‘risida»gi qonun asosan, fermer xo‘jaliklari klasterlar bilan shartnomada ishlashi mumkin.

«Huquqiy nuqtayi nazardan ham klaster monopoliya emas. Sababi, klasterlar borasida qonuniy eshiklar turibdi», – deya «TCT cluster» korxonasi xodimi so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top