Jamiyat | 23:02 / 05.03.2020
4658
2 daqiqa o‘qiladi

Arlem Dezir: «Rivojlanishni istaydigan jamiyat so‘z erkinligini hurmat qilishi kerak»

5 mart kuni Samarqandda II Markaziy Osiyo sudyalar muloqoti o‘tkazildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashabbusi bilan o‘tkazilgan anjumanda sudyalar, huquqshunoslar, jurnalistlar, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti vakillari ham qatnashdi.

YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir Kun.uz muxbirining so‘z erkinligi to‘g‘risidagi savoliga javob berdi.

«So‘z erkinligi bu – inson huquqlaridan biri. Uni ta'minlash barcha yirik tashkilotlar, jumladan BMT va YeXHT talablaridan o‘rin olgan.

So‘z erkinligi – avvalo fuqaroning o‘zi xohlagan ma'lumotni qarshiliksiz olishi. Shuningdek, so‘z erkinligi bu – ma'lumotni qayta ishlash va ulashish huquqi. Ya'ni, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri OAV faoliyatiga bog‘liq.

So‘z erkinligi butun dunyoda hurmat qilinadigan narsa. Har qanday zamonaviy va rivojlanishni xohlagan davlat so‘z erkinligini ta'minlashi kerak. Bugungi kunda ayniqsa ijtimoiy tarmoq va internetda so‘z erkinligini ta'minlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘z navbatida, rivojlanishni istaydigan jamiyat ham so‘z erkinligini hurmat qilishi kerak», – deydi Arlem Dezir.

Ma'lumot uchun, 61 yoshli fransiyalik siyosatchi 2 yil davomida Fransiya sotsialistlar partiyasi bosh kotibi, 3 yil Yevropa, tashqi savdo va turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat kotibi vazifasida ishlagan.

Mavzuga oid