O‘zbekiston | 21:40 / 05.03.2020
16442
9 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatchisiga tajovuzni oqlash mumkinmi?

2018 yilda O‘zbekiston qonuniy tartiblarga itoat etish borasida dunyodagi 142ta davlat orasida 7-o‘rinda qayd etilgan. AQShning Gellap instituti tomonidan «Qonuniy tartiblarga itoat qilish indeksi» mavzusida 2019 yilda e'lon qilingan tadqiqot natijalari shundan darak bermoqda.

Albatta, xalqimiz buyuk tarixiy madaniyatga ega el sifatida qonun va tartiblarga, ayniqsa, jamoatchilik tartibiga rioya etadi, ayrim qo‘shni davlatlar fuqarolari kabi ommaviy tartibsizlik va davlat xizmatchilariga nisabatan agressiv munosabat bizda odatda kuzatilmagan.

Biz haqli ravishda faxrlanadigan barqarorligimiz va xotirjamligimizni ta'minlashda, albatta, ichki ishlar organlarining ham roli katta.

Biroq so‘nggi yillarda ayrim tashvishli holatlar ham ko‘zga tashlanmoqdaki, bu haqida ortiq jim turish mumkin emas.

Bugun ijtimoiy tarmoqlar hayotimizga jadal sur'atda kirib kelib, shunchalar tez singishib ketdiki, undagi jarayonlar ko‘p o‘rinda bizning ma'naviy-axloqiy qiyofamizni belgilab beryapti, ko‘zgu tutmoqda.

Xo‘sh, «oyna»da nimalarni ko‘ryapmiz: fuqarolarning ichki ishlar, tibbiyot umuman davlat xizmatchilariga nisbatan tajovuzkor munosabati, ur-yiqit, do‘pposla...

Ushbu tartibsizliklarni qilgan fuqarolarni oqlashga, tajovuzga uchragan davlat xizmatchilarining o‘zini aybdor qilishga urinishlar esa bu ishlarni to‘g‘ri va bundan keyin ham davom ettirish mumkin degan noto‘g‘ri xulosani keltirib chiqaryapti, tartibsizlik va tajovuzni yashirin targ‘ib qilishdek bo‘lyapti.

Ichki ishlar xodimi... ular xizmat mashaqqatini siz-u bizga qaraganda ko‘proq tushunadi, anglaydi. Ular balki ijtimoiy tarmoqda o‘tirib klaviatura bilan o‘zini himoya qilishga vaqti yo‘qdir, ammo tartibni, kelajakni himoya qilish mas'uliyatini yaxshi his etadi. Xo‘sh, ular shunday noxolis munosabatga loyiqmi?

Jamiyatda barqarorlikni ta'minlash har qanday islohot uchun ustun, asosdir. Buni unutmasligimiz lozim. Faqat barqaror, tinch, xalq va davlat uyg‘unlikda mavjud bo‘lgan jamiyatdagina islohot, yangilik, taraqqiyotga intilish kabi maqsadlardan ma'no topsa bo‘ladi. Iqtisodiyotni yuksaltirish asosi bo‘lgan investitsiyalarmi, turizmmi, tadbirkorlikni rivojlantirishmi yoki mulkni himoya qilishmi – qaysi sohada bo‘lmasin rivojlanish faqat tinchlik va barqarorlik sharoitidagina mumkindir.

Latinobarómetro agentligi tomonidan 18ta Lotin Amerikasi davlatlarida o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, ularning 12tasida bugungi kunda jinoyatchilik, qotillik va ishsizlik avj olgan.

2012 yildagi 437 ming global qotilliklarning eng yuqori 36 foizi Lotin Amerikasi davlatlariga to‘g‘ri kelgan va bu 2010 yilga nisbatan 8,5 foizga ko‘p.

Markaziy Amerikada har kuni har 100 ming aholiga 25ta qotillik to‘g‘ri keladi, Janubiy Amerikada esa 23ta, Karib dengizi davlatlarida ushbu ko‘rsatkich 16tani tashkil qiladi. E'tibor bering, bu tabiiy o‘lim emas, insonlarning bir-birini qasddan o‘ldirishi.

So‘zimiz boshida tilga olgan «Qonuniy tartiblarga itoat qilish indeksi»ga ko‘ra, Argentina, Braziliya va Venesuela kabi davlatlarda aholining katta qismi o‘zini kimdir o‘ldirib ketishidan qo‘rqib yashaydi.

O‘tgan asrning 90-yillarida O‘zbekistonda ham uyushgan jinoyatchilik – mafiya kuchayganini katta avlod vakillari juda yaxshi eslaydi.

Mafiya nimani anglatadi? Mafiya bu davlat o‘rnatgan qonuniy tartiblardan tashqarida, tor doiradagi shaxslar manfaati uchun xizmat qiluvchi «alohida tartiblar» borligi deganidir.

Xalqona tilda aytganda, tadbirkor bo‘lmoqchimisiz, davlatga to‘laydigan soliqlardan tashqari, o‘sha hududning mafiyalariga ham badal to‘lab turishingiz kerak bo‘ladi.

Baxtimizga, bu davrlar ortda qoldi. Davlat tomonidan uyushgan jinoyatchilikka qarshi qattiq kurashlar samarasi o‘laroq, bunday guruhlar jilovlandi va endi «mafiya» O‘zbekiston uchun o‘tmish bo‘lib qoldi, xolos.

  • Fakt: O‘zbekistonda 2019 yilda jinoyatchilik ko‘rsatkichi 2018 yilga nisbatan 3 mingtaga kamaygan!

Jinoyatchilikni jilovlash va barqaror jamiyat qurishda ichki ishlar xodimlarining o‘rni va rolini, ular bergan qurbonlarni unutmasligimiz lozim.

Shuningdek, umrining nimchorak qismini o‘z kasbining fidoyisi bo‘lish uchun o‘qishga sarflagan shifokorlarga nisbatan qilinayotgan shafqatsiz munosabatdan odamning eti junjikadi. Tanasidagi og‘riqdan xalos bo‘lish ilinjida bemor shifokor huzuriga kelsa-yu, lekin shifokorning o‘zini yarador qilib ketsa, buni qanday baholash mumkin axir? Afsuski, bizda bunday tajovuzlarni ham oqlashga urinish ko‘rinmoqda.

O‘z jahlini jilovlay olmasdan bir professional shifokorni nogiron qilib qo‘ygan shaxs uning bilimi yordamida dardiga davo topishi mumkin bo‘lgan yuzlab boshqa bemorlarni o‘ylamaydimi? Ertaga farzandi yo ota-onasining joni og‘riganda, o‘z kasbidan ko‘ngli sovigan shifokorga duch kelishi mumkinligini-chi? O‘zi ketayotgan kemani cho‘ktirish aqldanmi?

  • Fakt: Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, 2018-2019 yillarda O‘zbekistonda shifokorlarga nisbatan 400dan ortiq tajovuz holatlari qayd etilgan.

Shunday zo‘ravonliklarni «mumkin ekan», «oqlasa bo‘lar ekan», «muammoni hal qilishga yordam berar ekan» degan noto‘g‘ri qarash bilan tarbiyalanayotgan yosh avlod ta'lim berayotgan ustoziga qo‘l ko‘taryapti, uni kalaka qilib tasvirga olyapti va ijtimoiy tarmoqqa joylayapti. Bu hol davom etaversa, kelajagimizni qanday tasavvur qilish mumkin?

Shu o‘rinda, payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari yodga tushadi: «Ikki ne'mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlikdir».

Musulmonlarning bir-biriga nisbatan qo‘l ko‘tarishi shariatimizga ham zid.

Yana ma'lumot uchun quyidagi faktlarni ham bilib qo‘ysak, zarar qilmaydi:

- Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtati Jinoyat kodeksida politsiya xodimlariga nisbatan kuch ishlatish uchun alohida javobgarlik belgilangan bo‘lib, bunda aybdor shaxslarga nisbatan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi;

- AQShning Florida shtati qonunchiligida ham huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarga hujum qilganlik, ularni kaltaklaganlik uchun alohida javobgarlik belgilangan;

- milliy qonunchiligimizda alohida ichki ishlar, tibbiyot, ta'lim yoki boshqa soha xodimlariga qarshilik ko‘rsatganlik, ularni do‘pposlaganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmagan bo‘lsa-da, hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari belgilangan.

Unga ko‘ra, qonun doirasida xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakili yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qanday shaklda bo‘lmasin o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek, qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishga olib keladi.

Davlat xizmatchilariga, xususan, ichki ishlar xodimlariga munosabat bu davlatga munosabatdir. Chunki har bir ichki ishlar xodimi o‘zining shaxsiy xizmatini emas, davlat xizmatini o‘tamoqda.

Unutmang, tinchligimiz, sog‘lig‘imiz posbonlariga qilingan tajovuz – davlat barqarorligiga tajovuzdir! Bu o‘zini yemirish va anarxiya sari yo‘ldir. Xalq sifatida yashab qolishni va yuksalishni istagan hech bir xalq bu yo‘ldan yurmasa kerak.

Shaxsiy ehtiyojlar hamda jamiyat ehtiyojlari o‘rtasidagi muvozanatning saqlanishini ta'minlash esa har birimizning burchimizdir.

Furqat Tojiyev

Adliya vazirligi mas'ul xodimi

Mavzuga oid