22:54 / 05.03.2020
2
5838

Komil Allamjonov: «Sudlar jurnalistni himoya qilishi uchun ular amalda mustaqil ishlashi kerak»

5 mart kuni Samarqandda II Markaziy Osiyo sudyalar muloqoti o‘tkazildi.

YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili ofisi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda fond vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov so‘zga chiqdi.

«Qadrli mehmonlar, yangi O‘zbekiston ko‘plab sohalarda islohotlarni boshidan o‘tkazyapti. O‘zbekiston rahbariyati islohotlarning bosh lokomotivi sifatida kuchli fuqarolik jamiyatini amalda barpo etish, so‘z va matbuot erkinligi, davlat organlarining ochiqligini ta'minlash yo‘lini tanladi.

Asta-sekin inson qadri degan tushunchalar paydo bo‘lyapti, odamlar ham o‘z haqqini talab qilishni o‘rganmoqda. Davlat idoralari esa kuchli jamoatchilik nazoratiga o‘tib borayotganini tushunib yetdi. Ushbu tanlangan yo‘ldan O‘zbekiston ortga qaytmasligi va o‘z pozitsiyasida katiy turishini davlat rahbari ham ko‘p marotaba takrorlamoqda.

Foto: facebook.com/k.allamjonov

Albatta, bu oson jarayon emas. Ochiqlik madaniyati, unga o‘rganish, uni hazm qila olish ham oson emas, lekin jarayon boshlandi, natijalar ham bo‘lyapti. Bu sohaning rivojlanish dinamikasi ham yomon emas, ammo hali oldinda qilinadigan ishlar ko‘p.

Shuning uchun ham bugungi tadbirimizga o‘xshagan konferensiyalar, tajriba almashish, doimiy muloqotlar juda muhim.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi sifatida sudlar faoliyatida ochiqlikni ta'minlash bo‘yicha prinsipial pozitsiyamizga e'tibor qaratmoqchiman.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 113-moddasi, «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunning 7-moddasiga ko‘ra, barcha sudlarda ishlar ochiq tartibda olib boriladi. Sud ishlarini yopiq majlisda tinglashga faqatgina qonunda belgilangan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.

Ochiq sud majlislarida jarayon ishtirokchisi bo‘lmagan, jumladan OAV vakillari qatnashishiga ruxsat beriladi, deyilgan me'yoriy hujjatlarda. Matbuotning majlislar zaliga kirishi uchun qonunda nazarda tutilmagan asoslar bilan to‘sqinlik qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak aslida.

Foto: facebook.com/k.allamjonov

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida Oliy sud Plenumi qarori loyihasi va uni qabul qilish muhokamasi bo‘lib o‘tgani quvonarli hol.

Ushbu qarorda OAV vakillarining sud majlislarida erkin ishtirok etishi va to‘siqlarsiz axborot olishi uchun sudyalar zarur sharoitlarni yaratishiga oid bir qator me'yorlar ko‘rib chiqilgan. Ishni yopiq sud majlisida ko‘rib chiqish aniq asoslantirilishi, bu haqidagi ma'lumot esa barcha uchun ochiq bo‘lishi lozim. Jurnalist va blogerlarning sudda foto va videotasvirga olishi Plenum qarori bilan batafsil tartibga solinadi va belgilanadi.

Bundan tashqari, endilikda jurnalist va fuqarolar uchun sud organlari sud qarorlari matnlarini to‘liq hajmda shaxssizlantirilgan shaklda sud saytida e'lon qilib borishlari shart.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarori va uning qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha tushuntirishlari sudlar, barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar uchun majburiydir.

Ushbu hujjatning qabul qilinishi butun jurnalistik jamoatchiligimizni, mustaqil matbuot xodimlarini va blogerlarni albatta xursand qiladi. Endigi vazifa xamkasblarimiz, jamoatchilik bilan uni amalda ishlashini doimiy nazorat qilib borishdan iborat.

Ishonchim komil, Markaziy Osiyo sudyalar muloqotining Samarqanddagi raundi xaqiqatan murakkab bo‘lgan ana shu savollarga yanada yaqindan javob olish, eng yaxshi jahon amaliyotlarini o‘rganish, fikr va tajriba almashishga imkon beradi», deya Allamjonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top