Jahon | 20:21 / 05.03.2020
3811
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda lotin yozuviga asoslangan alifboning yakuniy varianti mart o‘rtalarida tasdiqlanadi

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev 2017 yil 26 oktyabrda qozoq alifbosini kirill yozuvidan lotin yozuviga o‘tkazish to‘g‘risida farmon imzolagandi. 

Foto: «Ztb.kz»

Qozog‘istonda lotin yozuviga asoslangan alifboning yakuniy varianti mart o‘rtalarida tasdiqlanadi, deb ma'lum qildi mamlakat madaniyat va sport vazirligining til siyosati bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odilbek Kaba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mitaga hozirgacha alifboning 40dan ortiq varianti kelib tushgan bo‘lib, olimlar ulardan 30tasini ko‘rib chiqqan. Natijada to‘rtta variant tanlab olingan va 4 fevral kuni respublika darajasida ko‘rib chiqilgan.

"Ma'lumki, bizning tilimizda ko‘plab keraksiz, o‘zlashtirilgan tovushlar mavjud. Lotin yozuviga o‘tishdan asosiy maqsadlardan biri aynan bir vaqtlar tilimizga o‘zimiz istamagan holda kirib qolgan keraksiz tovushlardan qutulish, til sofligini ta'minlashdir", - dedi Kaba.

Ma'lum qilinishicha, 20 fevral kuni olimlardan iborat ishchi guruh har bir variantning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda yagona variantni ma'qullagan.

Kabaning so‘zlariga ko‘ra, 13 mart kuni olimlar ishtirokida katta yig‘ilish o‘tkazilib, alifboning yakuniy varianti ma'qullanadi va hukumat hamda milliy komissiyaga taqdim etiladi.

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev 2017 yil 26 oktyabrda qozoq alifbosini kirill yozuvidan lotin yozuviga o‘tkazish to‘g‘risida farmon imzolagandi. 

Mavzuga oid