Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Butun boshli to‘g‘onda bor-yo‘g‘i 3 kishi ishlaydi» - Ispaniyadagi Vadomoxon suv ombori rahbari bilan suhbat
Qadim zamonlardan buyon odamlar toshqinlarga qarshi kurashish va qishloq xo‘jaligini suv bilan ta'minlash uchun oddiy xalq "to‘g‘on" deb ataydigan sun'iy gidroinshootlar qurib kelishgan. Ulardan dastlabkilari bir necha ming yil oldin Mesopotamiya va Yaqin Sharqda bunyod etilgan. Agar ilk to‘g‘onlar balandligi besh metrdan oshmagan ibtidoiy inshootlar bo‘lgan bo‘lsa, 19 asr oxirida suvdan elektr energiyasini ishlab chiqarish g‘oyasi paydo bo‘lganidan keyin ularning ahamiyati ham, o‘lchamlari ham sezilarli darajada oshdi.

International Rivers ma'lumotiga ko‘ra, butun dunyo bo‘yicha 57 mingdan ortiq katta to‘g‘on bo‘lib, ular orasida eng kattasi Xitoyning asosiy suv tomiri - Yanszi daryosi bo‘yida joylashgan “Uch dara” to‘g‘onidir. Bu ulkan inshoot shunchalik yirikki, u maksimal darajada to‘ldirilgan vaqtda 39 milliard tonna suvni o‘z ichiga oladi, bu Yerning aylanish inersiyasi o‘zgarishiga olib keladi. Natijada kun 0,06 mikrosekundga uzunroq bo‘ladi.

Yirik to‘g‘onlar doimo qo‘riqlanadigan strategik obekt hisoblanadi va bu tushunarli, chunki ular o‘piriladigan bo‘lsa nafaqat sug‘oriladigan dalalar, balki daryoning quyi oqimi bo‘ylab yashaydigan insonlar ham xavf ostida qoladi.
Qayd etish joiz, texnika va texnologiya rivojlanishi bilan inson resurslariga ehtiyoj kamayadi. Masalan, Vadomoxon suv ombori (Gvadalkvivir daryosi, Ispaniya) to‘g‘onida atigi 3 kishi ishlaydi, doimiy qo‘riqchilar esa yo‘q.

Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi tomonidan Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan UzWaterAware suv masalalaridan xabardorlik loyihasi doirasida jurnalistlar va O‘zbekistondagi tegishli davlat idoralari matbuot xizmatlari xodimlari Ispaniyada bo‘lib, u yerda, jumladan Gvadalkvivir daryosining asosiy to‘g‘onlaridan biri – Vadomoxonda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Suv ombori 1993-1997 yillarda qurilgan. Bugungi kunda u nafaqat sug‘orish, balki energetik ahamiyatga ham ega. Daryoning tabiiy oqimini saqlab turish uchun suv oqimi 250 l / sek miqdorida bo‘ladi. To‘g‘onning texnik direktori Pedro Eskribanoning so‘zlariga ko‘ra, suv ombori hududida doimiy qo‘riqchilar yo‘q, uni mahalliy politsiya qo‘riqlaydi.

"To‘g‘ri, vaqti-vaqti bilan qandaydir kabel yo‘qolib qoladi, ammo biz uchun doimiy qo‘riqchilarni yollashdan ko‘ra kabel sotib olish va o‘rnatish osonroq. Biz qishloq xo‘jaligi hududida joylashganmiz va baxtimizga, odamlar ushbu gidroinshootning qiymati va ahamiyatini tushunishadi, shuning uchun bunday noxush holatlar kam bo‘ladi. O‘tgan yildan boshlab to‘g‘on hududida videokuzatuv tizimi o‘rnatishni boshladik ", - deydi Pedro Eskribano.
Ish tugagach, xodimlar eshiklarni qulflab, uylariga ketadilar. Agar begona odam to‘g‘on ichkarisiga kirib, boshqaruv paneliga yetib borsa ham, hech narsa qila olmaydi, chunki tizim ikki tomonlama himoyaga ega, deyishdi gidroinshoot ishchilari.

"Agar boshqaruv panelidagi mana bu tugmalarni bossangiz, hech narsa bo‘lmaydi. Boshqaruv ikki xodim tomonidan amalga oshiriladi, biri bu yerda bo‘lishi kerak, ikkinchisi yuqorida - markaziy boshqaruv pultida. Signal markaziy boshqaruv pultidan beriladi va faqat ikkinchi xodim tugmachani bosib harakatni tasdiqlaganidan keyin suv chiqishi yuz beradi. Bu xuddi ballistik raketalarni uchirish singari - bir kishi hech narsa qila olmaydi. Bu ham xavfsizlik choralaridan biridir”, - deydi Eskribano.

Sevilyada joylashgan havzalarni boshqarish markazida real vaqt rejimida ushbu suv ombori to‘g‘risidagi barcha ma'lumotlarni ko‘rish mumkin. Shuningdek, mobil telefonlar uchun maxsus ilova ishlab chiqilgan bo‘lib, unda to‘g‘onga oid ma'lumotlarni kuzatish va uzatish mumkin, ya'ni boshqaruv tizimi maksimal darajada avtomatlashtirilgan.
Eskribanoning ta'kidlashicha, ushbu hududda joylashgan to‘rtta suv omboriga jami olti nafar texnik xodim xizmat ko‘rsatadi. Taqqoslash uchun, O‘rta-Chirchiq GESlar kaskadida jami 350 kishi ishlaydi.

"Uch gidroelektrostansiya: Chorvoq, Xojikent va G‘azalkentda 350 kishi ishlaydi, yana ikki ishchi GES hududida 24 soat davomida navbatchilik qiladi. Biz buni O‘rta-Chirchiq GESlar kaskadi deb ataymiz”, - deya gidrotexnik inshootlardan foydalanish va ta'mirlash bo‘yicha muhandis Anvar O‘rozovdan iqtibos keltiradi Kun.uz muxbiri.
Vadomoxon rahbari Pedro Eskribanoning qayd etishicha, to‘g‘onni boshqarish tizimini uning dizayni va yoshidan qat'i nazar har doim modernizatsiya qilish mumkin - bu faqat mablag‘ bilan bog‘liq.
"Masalan, to‘g‘onni boshqarishni avtomatlashtirish uchun zarur bo‘lgan uskunalarning aksariyati bizda (Ispaniyada) ishlab chiqariladi, faqat bir qismi import qilinadi", deydi Eskribano.




Jamshidxon Ziyoxonov.
Mavzuga oid
08:51 / 03.06.2026
Surxondaryoda suv omborida qayiq ag‘darilishi oqibatida bir fuqaro cho‘kib ketdi
09:12 / 27.05.2026
O‘zbekistonda 5 ta sel-suv ombori quriladi
09:01 / 25.05.2026
Ispaniyada uy-joy inqirozi: ijarachilar ko‘chalarga chiqdi
00:04 / 20.05.2026