Jamiyat | 19:13 / 08.03.2020
38479
8 daqiqa o‘qiladi

«Assalomu alaykum, onajon!»: onasi Termizdagi Mehribonlik uyidan olib ketgan 12 yoshli bolakay haqida

YUNISEF o‘z saytida Termizdagi Mehribonlik uyidan o‘g‘lini olib ketgan ayol to‘g‘risidagi hikoyani chop etdi. (Shaxslarni himoya qilish maqsadida ismlar o‘zgartirilgan)

Foto: UNICEF Uzbekistan

Ahadjon 2008 yilda, ota-onasi Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahrida ishlayotgan davrda tug‘ilgan. Ko‘p o‘tmay, otasi oilani tashlab ketgan.

Ona va o‘g‘il O‘zbekistonning janubiy viloyatidagi Termiz shahrining tor ko‘chasida qo‘l ushlashib borishmoqda. Shoira o‘g‘li Ahadjonni Mehribonlik uyidan olib ketganiga endi bir kun bo‘ldi.

U o‘g‘lining kelajagidan xavotirlanib, ko‘zida yosh bilan unga qaraydi. O‘g‘li yana Mehribonlik uyiga qaytmasligi uchun u hali ko‘p qiyinchiliklarni yengib o‘tishi kerak.

«Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiq, barcha o‘g‘il-qizlar o‘z oilasida katta bo‘lish huquqiga ega. Ota-onalari yoki boshqa qarindoshlari bo‘lishiga qaramasdan, afsuski, hamma bolalar ham ushbu huquqdan bahramand bo‘lmaydilar,»- deydi Surxondaryo viloyati Termiz shahrida joylashgan 12-sonli Mehribonlik uyi direktori Dilbar Suvonova.

Dilbar Suvonova 8 yildan beri Mehribonlik uyining direktori bo‘lib ishlab kelmoqda va uning fikricha, bola uchun eng yaxshi joy uning o‘z oilasidir.

«Migrant ota-onalari tomonidan tashlab ketilgan ba'zi bolalar oxir-oqibat muassasamizga joylashtiriladi. Bu yerdagi juda yaxshi sharoitlarga qaramay, ularning barchasi o‘z oilalari bilan yana birga bo‘lishni orzu qiladilar. Bolalar ota-onalaridan ajratilganida, ular xavotirda bo‘lib, tengdoshlari hamda kattalar bilan har qanday muloqotdan qochishga moyil bo‘lishadi. Ahadjon ham men uni uchratganimda xuddi shunday edi», deydi u.

O‘qituvchilar, shifokorlar va psixologlar Ahadjonga maktabga borishga, do‘stlar orttirishga va o‘z bolaligidan zavq olishga yordam berish uchun juda ko‘p harakat qilishdi.

Dilbar opaning aytishicha, YuNICEFning ijtimoiy ish va har bir holatni ko‘rib chiqishda maxsus yondashuv mavzusidagi trening Ahadjon singari bolalar bilan ishlashda Mehribonlik uyi xodimlari uchun juda foydali bo‘lgan.

Ahadjon 2008 yilda, ota-onasi Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahrida ishlayotgan davrda tug‘ilgan. Ko‘p o‘tmay, otasi oilani tashlab ketgan.

 «Novosibirskda Ahadjonga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani ololmadim. Menda faqatgina tug‘ruqxonadan berilgan ma'lumotnoma bor edi. Shu sababli 2009 yilda Novosibirskdagi uyimiz yonib ketganidan so‘ng, mahalliy hokimiyat o‘g‘limni bolalar uyiga joylashtirdi», deydi Shoira.

 Ahadjon 3 yoshga to‘lganida, Shoira tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish uchun O‘zbekistonga qaytib keldi. Nihoyat, Ahadjonning tug‘ilishi O‘zbekistonda rasmiy ravishda ro‘yxatga olindi va shundan so‘ng Shoira o‘g‘lini bolalar uyidan qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi. Ular Rossiyada turli joylarda yashashdi.

Shoira qurilishda mehnat qildi. Ahadjon maktabga bormas edi. Ularning yashash sharoiti yomonlashdi va 2018 yil may oyida Ahadjon Rossiyadan deportatsiya qilinadiganlarning tranzit markaziga tushib qoldi. U o‘sha yerda bir oycha vaqt o‘tkazdi.

«2018 yil iyunida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Ahadjonni Toshkentga, keyin esa Termizga olib keldi. Birmuncha vaqt u voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida bo‘ldi», deydi "Barqaror hayot" nodavlat notijorat tashkiloti psixologi Shahlo Farmonova.

Ushbu markaz bolalar qayerga joylashtirilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinishiga qadar mahalliy ma'murlar tomonidan boshqariladigan vaqtinchalik boshpana hisoblanadi.

Shahlo Farmonova YuNICEF va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihaning ijtimoiy xodimi. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan ushbu loyiha ota-onasi mehnat migratsiyasida bo‘lgan bolalarning holatini yaxshilashga qaratilgan.

Shoira o‘g‘lini markazdan olib ketish uchun Termizga qaytib keldi.

«Turar joyimiz yo‘q edi. Hech qayerda ishlamasdim. Qarindoshlarim ham menga yordam bermadi. Men o‘g‘lim bilan birga bo‘lishni istardim, lekin uning asosiy ehtiyojlarini ham qondira olmadim. Ikki oy davomida biz onam dafn etilgan qabristonda yashadik», deydi u.

 Shoiraning ko‘z yoshlari tinmasdan oqadi. Shundan so‘ng, ajralish qanchalik qiyin bo‘lmasin, Shoira Ahadjonni Mehribonlik uyiga topshirishga qaror qildi.

«Bu vaqtinchalik chora ekaniga amin edim va Ahadjonga uni tez orada qaytarib olishimni aytgan edim. Har kuni o‘g‘limning oldiga borardim. O‘g‘lim maktabga chiqqanidan xursand bo‘ldim va mendan farqli o‘laroq, u yaxshi ovqatlanar, yaxshi kiyinar va uxlash uchun issiq to‘shakka ega edi», deydi Shoira.  

 U o‘g‘lini bolalar uyidan olib ketguniga qadar bir yildan ko‘p vaqt o‘tdi. Mahalliy hokimiyatning yordami bilan Shahlo Shoiraga turar joy va zarur sharoitlarni yaratishda yordam berdi.

«Hozir Ahadjon ikkinchi sinfda o‘qiydi. Uning o‘zlashtirishi yaxshi, rus va o‘zbek tillarida bemalol so‘zlashadi, she'rlar yozadi. Ammo u 11 yoshda, shuning uchun o‘g‘lim qo‘shimcha darslarni olib va testlardan o‘tib, tengdoshlariga yetib olishini istayman», deydi Shoira.

 «Bu oilaning ahvolini kuzatishda davom etamiz. Ularning turmush sharoiti hanuzgacha yaxshi emas. Oshxona va sanitariya joyi yo‘q. Shoira va unikiga o‘xshash vaziyatlardagi boshqa oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq professional ijtimoiy xodimlar va resurslar zarur», deydi Shahlo.

 Ahadjon juda kamgap. Uning o‘rniga g‘amgin ko‘zlari gapiradi. Rossiyadan Termiz shahridagi uyigacha uzoq masofani bosib o‘tar ekan, u faqat onasi haqida o‘yladi. Uning barcha she'rlarida «Assalomu alaykum, onajon!» degan ibora ko‘p marotaba takrorlanadi.

Ahadjon tadbirkor bo‘lishni orzu qiladi.

«Men onamni boqaman, uni doim qo‘llab-quvvatlayman. Nogiron bolalarga va ota-onasiz qolganlarga ham yordam beraman», deydi u.

YuNICEF tomonidan yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda bolalarni himoya qilish tizimida professional ijtimoiy xodimlar tomonidan oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ixtisoslashgan xizmatlar mavjud emas. Qiyin vaziyatlarda bo‘lgan oilalar tegishli uzoq muddatli yordam olish imkoniyatiga ega emas.

O‘zbekiston hukumatining ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar himoyasiga oid chora- tadbirlari (4185- va 824-sonli qarorlar) oilalarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini modellashtirish hamda bolalar va oilalarning bir-biridan ajratilishining oldini olish uchun muhim asos hisoblanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasida ta'kidlanganidek, «Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini va barcha a'zolari va ayniqsa bolalarning o‘sishi va farovonligi uchun tabiiy muhit sifatida, jamiyat oldidagi majburiyatlarni to‘la o‘z zimmasiga olishi uchun zarur himoya va yordam bilan ta'minlanishi kerak».

Mavzuga oid