O‘zbekiston | 20:40 / 09.03.2020
59387
11 daqiqa o‘qiladi

ID-karta bizga kerakmi? Xorijiy tajriba: Qayerda qanday?

2021 yil 1 yanvardan boshlab biometrik pasport o‘rniga 10 yil muddatga hujjat egasining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat sifatida identifikatsiya ID-kartasi berila boshlashi haqidagi xabar jamoatchilik o‘rtasida turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Foto: IIV axborot xizmati

Kimdir ID-kartalar asosan rivojlangan mamlakatlarda joriy etilganini ta'kidlasa, kimdir endigina biometrik pasport olganini, bu esa navbatdagi ovoragarchilik ekanini aytmoqda. Yana kimdir esa 2030 yil 1 yanvardan boshlab amaldagi biometrik pasport bekor qilinar ekan, nega boshdanoq uning o‘rniga ID-karta joriy qilinmadi, degan savolni bermoqda.

Masalani yangi turdagi biometrik pasport, yangi turdagi haydovchilik guvohnomasi kabi bir qator «almashtirishlar» qatorida tilga olganlar va buni xalqdan pul yig‘ishning yangi bir uslubi sifatida talqin qilayotganlar ham bor.     

Ayrim jurnalist va blogerlar esa ID-kartaga nima uchun fuqaroning yashash joyi kiritilayotgani, yashash joyi o‘zgarsa, yangi karta olishga to‘g‘ri kelish-kelmasligiga oid savollarni o‘rtaga qo‘yishmoqda. Ayniqsa, propiska tizimida o‘zgarish bo‘lishi kutilayotgan ayni zamonda ID-kartaga yashash manzilining kiritilishi bu boradagi eski tizimning mohiyatan o‘zgarmay qolayotgani haqidagi e'tirozlarni keltirib chiqarmoqda. 

Vazirlar Mahkamasi tomonidan e'lon qilinishi kutilayotgan «O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorning to‘liq matnida shu kabi ko‘plab savollarning javobi o‘z ifodasini topish ehtimoldan xoli emas. Shunday bo‘lsa-da, o‘quvchilarimizga ID-karta nima ekani, uning o‘ziga xos xususiyatlari, bu boradagi xorijiy tajriba, mamlakatlarning ID-kartalari o‘rtasidagi farqlar xususida ma'lumot berishini lozim topdik.

ID-karta nima?

ID-karta (identity card) – shaxsni tasdiqlovchi hujjat. Odatda, plastik karta hajmida bo‘ladi. Ba'zi mamlakatlarda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar milliy guvohnoma sifatida rasmiylashtiriladi. Bu turdagi hujjatda fotosurat bo‘lsa, u fotosurat identifikatori, deb nomlanishi ham mumkin.

Ko‘plab mamlakatlarda shaxsni tasdiqlovchi rasmiy hujjat bo‘lmasa, haydovchilik guvohnomasi uning o‘rniga o‘tishi mumkin. Ayrim davlatlar haydovchilik guvohnomalarini identifikatsiya sifatida qabul qilmaydi, buning sabablaridan biri uni osongina soxtalashtirish mumkinligidir.

Ba'zi mamlakatlarda fuqarolardan shaxsni tasdiqlovchi hujjatni o‘z yonida doimiy olib yurish talab qilinadi. Bunday vaziyatda esa ID-kartalarning ixcham hajmi ularga qulaylik tug‘dirishi mumkin.  

Bizga nima beradi?

IIV axborot xizmatining bildirishicha, ID-kartalarni berish tizimiga o‘tish rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda va u:

– fuqarolarni raqamli identifikatsiya qilish tizimini joriy etishni jadallashtiradi;

– fuqarolarning birlamchi ma'lumotlarini O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarining axborot tizimlariga integratsiyalash jarayonini avtomatlashtiradi;

– aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonini osonlashtiradi va optimallashtiradi.

ID-kartalar, odatda, shaxsni u to‘g‘risidagi ma'lumot bazasi bilan bog‘lash uchun ishlatiladi. Yagona milliy identifikatsiya raqami eng xavfsiz usul, deb baholanadi. Masalan, Shvetsiyada xususiy kompaniyalar, banklar (xavfsizlik sabablarini ko‘rsatgan holda) Shved kartasi bo‘lmagan jismoniy shaxsga guvohnoma berishdan bosh tortadilar. Ammo ba'zi mamlakatlarda ID-karta tizimi umuman yo‘q yoki u shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar sirasida qayd etilmaydi.

Qay darajada ishonchli?

ID-karta bir qancha afzalliklar va qulayliklar yaratishi barobarida muayyan shaxs haqidagi birlamchi ma'lumotlar kaliti bo‘lgani uchun o‘zga inson qo‘lida (karta yo‘qotilganda yoki o‘g‘irlanganda) jinoyat quroliga aylanishi mumkin. Xorijiy mamlakatlar tajribasidan bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin.    

Xorijiy tajriba: qayerda qanday?

Mamlakatlarning ID-kartalari bir-biridan o‘zaro farq qiladi. Turkiya Buyuk Millat Majlisi tadqiqot markazi tomonidan olib borilgan tadqiqotda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining shaxsiy guvohnomalardan dinga oid ma'lumotlarning olib tashlanishiga oid qarori ortidan xorijiy mamlakatlardagi shaxsiy guvohnomalar sinchiklab o‘rganib chiqilgan va shunga asosan, ID-kartalar amaliyotga joriy etilgan.

Foto: CNN Turk

Bugungi kunda Turkiyaning har qanday rasmiy davlat idorasida davlat-fuqaro munosabatlari moviy rangdagi ID-kartalar yordamida amalga oshiriladi: bank, shifoxona va turli yuridik amaliyotlar shular jumlasidandir. Ta'kidlash joizki, ushbu davlat bu borada samarali natijalarni qo‘lga kiritgan: deyarli har bir rasmiy davlat idorasi yagona umummilliy bazaga ulangan. Pirovardida, ortiqcha byurokratik holatlar va behuda vaqt sarfining sezilarli kamayishiga erishilgan. Xuddi shu amaliyot xorijliklar uchun ham joriy etilgan bo‘lib, ular pushti rangdagi ID-kartalardan foydalanishadi.

Ushbu kartaning old tarafida shaxsning 11 xonali ID-raqami, ism-familiyasi, tug‘ilgan sanasi, millati, karta seriya raqami, orqa tomonida esa istiqomat turi, karta berilgan sana va uning amal qilish muddati, shaxsning yashash ma'muriy hududi (odatda, faqatgina viloyat yoki shahar nomi), karta kim tomonidan berilgani haqida ma'lumotlar va QR tizim joy olgan.

Yevropa Ittifoqi ID-kartalari ham plastik kartalarga o‘xshash kartalardan iborat. Karta old tarafining chap qismida fotosurat, mamlakat nomi, karta raqami, shaxsning identifikatsiya raqami, ism, jins, tug‘ilgan sana va amal qilish muddati va imzo mavjud. Shaxsiy guvohnomaning orqa tomonida karta egasining familiyasi, tug‘ilgan joyi, manzili, bo‘yi, ko‘z rangi, shuningdek, kartaning berilish sanasi va joyi ko‘rsatilgan.

AQShda shaxsni tasdiqlovchi hujjat mavjud emas. Tamaki va alkogol mahsulotlarini sotib olish, bankda hisob raqamlarini ochish va aviachiptalarni sotib olishda haydovchilik guvohnomalari shaxsiy guvohnomalar o‘rniga o‘tadi. Mashina haydamaydiganlar esa haydovchilik guvohnomasini beruvchi muassasalardan xuddi shu turdagi hujjatlarni olishlari mumkin. Ya'ni shaxsiy guvohnomalar o‘rniga haydovchilik guvohnomasi yoki o‘qotar qurollar uchun litsenziyalar kabi turli xil identifikatsiya tizimlarini rag‘batlantirish alternativalari mavjud.

Xitoyda shaxsiy guvohnomada karta egasining fotosurati, ismi, jinsi, millati, tug‘ilgan sanasi, manzili va amal qilish muddati bilan bir qatorda identifikatsiya raqami mavjud.

Bolgariyada 2000 yildan beri ishlatib kelinayotgan ID-kartalar 14 yoshdan boshlab majburiydir. Yangi kartalar Yevropa Ittifoqi doirasidagi amaliyotga mos keladi.

Portugaliyadagi shaxsiy guvohnomalarning old tomonida portugal gerbi, fotosurat, ko‘rsatkich barmoqdan olingan barmoq izi; orqa tomonida esa karta raqami, ism, tug‘ilgan sana, ota-ona ismi, tug‘ilgan joyi, yashash joyi, oilaviy holati, bo‘yi, amal qilish muddati haqidagi ma'lumotlar mavjud.

Mozambikdagi guvohnomalarda fotosuratlar, barmoq izlari, identifikatsiya raqamlari, ism, jins, millat, tug‘ilgan sana, joy va sana, shuningdek bo‘y, kasb, manzil haqidagi ma'lumotlar va imzo o‘rin olgan.

Singapur fuqarolariga pushti rangda, mamlakatda doimiy yashaydiganlar uchun esa moviy rangda berilgan shaxsiy guvohnomalarning old tarafida ism-familiya, irq, tug‘ilgan sana, jins, tug‘ilgan joy haqidagi ma'lumot va rangli fotosurat bor. Kartaning orqa tomonida barmoq izlari, berilgan sana va manzil mavjud. Doimiy ravishda istiqomat qilayotganlarning millati shaxsiy guvohnomalarga kiritilgan bo‘lsa-da, ushbu bo‘lim Singapur fuqarolari uchun bo‘sh qoldiriladi.

Indoneziyada 17 yoshga to‘lganlar shaxsiy guvohnomasini olib yurishlari shart. Ushbu kartalarning orqa tomonida diniy e'tiqod bilan bog‘liq bo‘lim joylashgan.

Gretsiyada ham kartalarda imzo, fotosurat, ism-familiya, otaning ism-sharifi, onaning ismi va qizlik familiyasi, tug‘ilgan joyi va sanasi, bo‘yi, munitsipaliteti va kartaning kim tomonidan berilgani haqida ma'lumotlar mavjud. 2000 yildan so‘ng shaxsiy ma'lumotlarga oid axborotlar olib tashlangan.

Isroil fuqarolari va doimiy aholi uchun foydalaniladigan shaxsiy guvohnomalarda «etnik millat» kategoriyasi bor. Ushbu kategoriyada, yahudiy, arab kabi ifodalardan tashqari, yuzdan ortiq variantlardan foydalanish mumkin. Hatto «yahudiy emas» degan ta'rif ham mavjud. Shuningdek, Al-Qudsning sharqiy qismida istiqomat qiluvchi falastinliklar uchun ham shaxsiy guvohnomalar mavjud.

Malayziyada shaxsni tasdiqlovchi kartalarga kishilarning irqi haqidagi ma'lumot ham kiritilgan. Hukumat 1999 yilda din bo‘limini ham kiritgan.

Myanma (Birma) shaxsiy guvohnomalarida irq va din to‘g‘risidagi ma'lumotlar mavjud. Kartalarda buddizm, xristianlik, hinduizm va an'anaviy dinlar aks etgan.

Bruneyda bo‘lganlar o‘z dinlarini tasdiqlovchi hujjatlarni olib yurishlari kerak.

Laosda ishlatiladigan ID-kartalar egalarining dinini anglatadi. Diniy bo‘linmani olib tashlash to‘g‘risidagi so‘rovlar rad etiladi.

Xarajatlar. ID-karta to‘lovi qancha?

ID-kartalar tizimini ishlab chiqish va fani amaliyotga joriy etish xarajatlari juda katta summani tashkil qilishi mumkin. Buyuk Britaniyada qoldirilgan shaxsni tasdiqlovchi hujjat dasturida bir kishi uchun uchun 30 funt sterlingdan 90 funt sterlinggacha yoki undan yuqori bo‘lgan summa taklif qilingan. Chilida guvohnoma uchun har bir kishi tomonidan 6 funt sterlinggacha to‘lanadi. Ayni kunda Turkiyada ID-karta to‘lovi 25 lira (xorijliklar uchun 110 lira). Boshqa mamlakatlarda, masalan, Fransiya yoki Venesuelada ID-karta bepul. Biroq yuqorida keltirilgan raqamlar kartaning asl narxini ifodalamaydi, chunki qo‘shimcha to‘lovning bir qismi soliq to‘lovchilar tomonidan qoplanishi mumkin.

O‘zbekistonda ID-karta olish uchun davlat boji miqdori ma'lum qilindi. Unga ko‘ra, ID-karta rasmiylashtirilgani va berilgani uchun davlat boji miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 89 foizini tashkil etishi bildirildi - to‘lov miqdori 198 470 so‘m etib belgilandi.

Eski hujjatlar nima bo‘ladi? 

Xalqaro tajribaga ko‘ra, yangi guvohnomalar joriy qilingan paytda odamlarga noqulaylik tug‘dirmasligi uchun eski hujjatlar o‘z muddati tugaguncha amal qilishda davom etadi. Bildirilishicha, O‘zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va xorijiy fuqaroning yashash guvohnomasi ularning amal qilish muddati tamom bo‘lgunga qadar haqiqiydir. Ushbu hujjatlarning egalari ularni belgilangan tartibda ID-kartaga almashtirish huquqiga ega.

Otabek Tillayev

Mavzuga oid