Jamiyat | 23:49 / 10.03.2020
31456
3 daqiqa o‘qiladi

«Jaloliddin Manguberdi» seriali turklar tomonidan suratga olinishiga izoh berildi

Turkiyada O‘zbekiston tomoni buyurtmasiga asosan «Jaloliddin Manguberdi» serialini suratga olish ishlariga tayyorgarlik olib borilmoqda. Serial 26 qismdan iborat bo‘ladi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum bo‘lishicha, bosh rollarni turk aktyorlari ijro etadi. O‘zbek aktyorlari esa qo‘shimcha epizodlarda ko‘rinish beradi.

Asar nega turk ijodkorlari tomonidan ishlanyapti, unda nima uchun o‘zbek aktyorlari bosh rolda emas, degan savollarga 10 mart kuni Madaniyat vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda serial bosh maslahatchisi Boboxon Muhammad Sharif javob berdi.

Uning aytishicha, o‘zbek aktyorlari orasida iste'dodlilari bor, «lekin hali kino sohamiz bunga tayyor emas».

Shuningdek, o‘zbek kinosi «ba'zi sahna ko‘rinishlariga ishlov berishda yetarli tajribaga ega emas».

Boboxon Muhammad Sharif / Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

Serial hujjatli film emas, balki badiiy film tarzida ishlanadi.

«Avvalo, nima uchun bu film kerak bo‘lib qoldi, degan savolga javob berish zarur. Jaloliddin Manguberdi kim edi? Buni film qilishdan xalqqa nima beramiz?

Bu inson – butun jahonga mashhur shaxs. U vatanparvar. Chingizxon hukmdor bo‘lish uchun kurashgan bo‘lsa, Jaloliddin vatanini himoya qilish uchun kurashgan.

130 yil davomida boshqinchilar zulmi ostida yashaganmiz. Milliy g‘ururimiz toptalgan. Bu film orqali biz o‘sha vatanparvarlik ruhini qaytarmoqchimiz.

Film 26 qismdan iborat bo‘ladi. Biroq hozircha biz uning 13 qismini yaratish bo‘yicha ishlar olib bormoqdamiz», – dedi Boboxon Muhammad Sharif.

Uchrashuvda, shuningdek, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham ishtirok etib, jurnalistlar savollariga javob berdi.

Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati

«Albatta, bu ishning ham o‘ziga yarasha mas'uliyati bor. Asosiy maqsad –nafaqat xalqimiz ongida, balki jahon hamjamiyatiga Sulton Jaloliddin Manguberdi qiyofasini namoyish etish.

Tashkiliy masalalar allaqachon hal bo‘lgan. Lekin bir masala bizlarni o‘ylantirmoqda. Ko‘pgina olim va adabiyotshunoslar bilan maslahatlashib ko‘rdim. Ularning ko‘pchiligi faqatgina shaklga e'tibor qaratish uchun harakat qilishayotgandek, nazarimda. Maqsad bu emas. Nega deganda, biz bugun sahnalashtirmoqchi bo‘lgan ushbu film XIII asr kishisi uchun yaratilmaydi. U bugungi tomoshabin qarashiga mos bo‘lishi zarur.

Ko‘plar ssenariyni ko‘rmasdan, oldimizga qanday maqsadni qo‘yganimizni bilmasdan turib, har xil ig‘vo gaplarni qilib yuribdi. Bizni hech kim chetdan turib tanqid qilmaydi, qilolmaydi ham. O‘zimizni o‘zimiz yemiramiz, bu esa yomon. Bir-birimizga ko‘mak bo‘lishimiz lozim», dedi Madaniyat vaziri.

Mavzuga oid