O‘zbekiston | 21:37 / 12.03.2020
56944
8 daqiqa o‘qiladi

Monopol UzAuto Motors iste'molchilar huquqlarini kamsitib kelgan – MQKQ

Bir kun oldin «O‘zavtosanoat» va UzAuto Motors rasmiylari tan olmay, keskin inkor qilgan faktlar tasdiqlandi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzAuto Motors avtomobillari narxi oshirilishi yuzasidan munosabat bildirdi.

«Birinchidan, «UzAuto Motors» AJ yengil avtomobillarni ishlab chiqarish bo‘yicha ustun mavqega ega bo‘lib, korxonaga yillar davomida imtiyozlar va preferensiyalar berilishiga qaramasdan, davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan yetarli darajada samarali foydalanmagan.

Korxona tomonidan mahsulot tannarxini kamaytirish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar samarasi past, xususan raqobatbardoshlikni oshirish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mahsulot tannarxi faqatgina 2 foizga pasaytirilishiga erishilgan.

Bundan tashqari, so‘nggi uch yil davomida korxona tomonidan 167ta yangi uskuna va texnologiyalar ishga tushirilgan. Bu – korxonada mavjud texnologiyalarning atigi 2,1 foizini tashkil qilgan. 2017-2018 yillarda yangi ish o‘rinlari yaratilmagan.

Ikkinchidan, korxona tomonidan ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarning ichki bozordagi narxlari tashqi bozordagi narxlaridan sezilarli darajada qimmat.

Masalan, eksportga yo‘naltiriladigan Ravon R2 (Spark), Ravon R3 (Nexia), Ravon R4 (Cobalt) Rossiya bozorlarida chegirmalar bilan sotilmoqda, bu esa ichki narxlar bilan 20-50 foizgacha tafovut qilmoqda.

Solishtirish uchun, «AvtoVAZ» AJ (Rossiya) mahsulotlarining ichki bozordagi narxlari O‘zbekiston Respublikasi hududidagi narxlaridan 30-40 foizga arzon.

Bundan tashqari, ichki bozordagi yengil avtomobillar narxi jahon bozoridagi raqobatchi korxonalar narxlaridan qimmatligi kuzatilmoqda.

Misol uchun, Tracker Premier modelining narxi 20 ming dollarni tashkil etsa, tashqi bozorlarda shu sinfdagi Hyundai Creta modelining narxi 15 ming dollarni, Nissan Terrano modelining narxi 15,5 ming dollarni tashkil etmoqda.

Uchinchidan, monopol mavqeyini suiiste'mol qilgan holda korxona tomonidan iste'molchi huquqlarini kamsitish holatlariga yo‘l qo‘yilib kelingan.

Jumladan, avtomobillarning bazaviy komplektatsiyasida ko‘zda tutilgan ayrim butlovchi qismlarsiz sotilishi, mahsulotni shartnomada ko‘zda tutilgan muddatlarda yetkazib berilmasligi, mahsulot uchun oldindan to‘lov qabul qilingan holda narx oshishi munosabati bilan qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanishi va hokazo.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan 2019 yilda bazaviy komplektatsiyada ko‘zda tutilgan, lekin amalda iste'molchilar tomonidan xarid qilingan 6,5 ming dona avtomobilga qo‘yilmay sotilgan 2,7 mlrd so‘mlik tumanga qarshi yoritkichlar iste'molchilarga yetkazib berilishi yoki qayta hisob-kitob qilinishi ta'minlandi.

To‘rtinchidan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan va yuqori narx segmentidagi avtomobillarning olib kirilishida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga teng bo‘lmagan raqobat shartlari vujudga kelgan.

2019 yilda amalda bo‘lgan barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga avtomobillarni import qilishda teng shartlar ta'minlash imkoniyatini bergan imtiyozli tartib 2020 yil 1 yanvaridan bekor qilingan, biroq UzAuto Motors AJ tomonidan Single Unit Package shaklida (tayyor holda) olib kirilayotgan yoki amalda import qilinayotgan, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan yengil avtomobillarga aksiz solig‘i va bojxona stavkalariga bo‘lgan imtiyoz saqlanib qolingan.

Beshinchidan, respublika hududiga olib kiriladigan avtotransport vositalarini sertifikatlashtirish va klimatik sinovlar tartibining murakkabligi.

Xorijiy korxonalar dilerlari tomonidan import avtomobillarga O‘zbekiston hududida standartlashtirish va klimatik sinov talablari me'yoridan ortiq qo‘yilganligi, xususan:

– rasmiy diler bir yilda bitta modeldagi avtomobilni bir dona miqdorida olib kirishi mumkinligi, bir donadan ortiq olib kiriladigan bo‘lsa, model maxsus sinovlardan, ya'ni sertifikatlashtirish va klimatik sinovdan o‘tkazilishi lozimligi, bunda har bir model 2 donadan test sinovi uchun berilishi va 15 ming km masofani respublika hududida bosib o‘tishi lozimligi, shuningdek, har bir test sinovi uchun o‘rtacha 30 mln so‘m to‘lanishi, standartlashtirish xodimlarini ishlab chiqaruvchining zavodiga diler hisobidan yuborilishi kerakligi;

ehtiyot qismlarni sertifikatlashda, jumladan avtotransport vositasi shinalarini «O‘zstandart» agentligi sinov laboratoriyalariga muvofiqlik sertifikatini olish uchun berilganda ayrim ko‘rsatkichlar bo‘yicha laboratoriya sinovlari o‘tkazish imkoniyatining yo‘qligi bildirilmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining manfaatlarini himoya qilish, biznes yuritishda teng sharoitlar yaratish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Qo‘mita tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga yengil avtomobillarga amaldagi import boji va aksiz solig‘i stavkalarining pasaytirilishi va import asosida olib kelingan yengil avtomobillar uchun sertifikatlashtirish va klimatik sinovlar jarayonlarining o‘tkazilishi tartibini soddalashtirish masalasini Tashqi savdoni tarif va notarif tartibga solish bo‘yicha Respublika Kengashining yig‘ilishida ko‘rib chiqish bo‘yicha murojaat qilindi.

Oltinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 noyabrdagi 3386-sonli qarori bilan 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab tovarlarga chegaralangan narxlar belgilash amaliyoti bekor qilingan (Vazirlar Mahkamasi tomonidan ro‘yxati belgilanadigan ijtimoiy ahamiyatdagi mahsulotlar va ularning strategik turlari bundan mustasno).

Shunga ko‘ra, UzAuto Motors AJ tomonidan 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun narxlarni mustaqil belgilaydi.

Bunda, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 martdagi 249-sonli qaroriga muvofiq, korxona har chorakda monopoliyaga qarshi organga qo‘llanilayotgan narxlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim etib boradi. Ushbu organ o‘z navbatida monopol turdagi tovarlar narxlarining o‘zgarishini tahlil qilib boradi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ustun mavqega ega xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan narxlarni oldindan kelishilishi ko‘zda tutilmagan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzAuto Motors AJ tomonidan yangi narxlarning kiritilishi bilan bog‘liq dastlabki hisob-kitob ma'lumotlarni o‘rganib chiqdi. Ma'lumotlarda narx oshishi mahsulot tannarxining o‘sishi bilan bog‘liqligi hamda korxona tomonidan 2017 yilning avgust oyidan narxlarni oshirmasdan kelganligi bilan izohlangan.

Ushbu hisob-kitob ma'lumotlar qay darajada iqtisodiy asoslangani va adolatli shakllanganini aniqlash – korxonaning tadbirkorlik faoliyatini o‘rnatilgan tartibda tekshirish o‘tkazish taqozo etadi.

Hozirda vakolatli organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarida tekshirish o‘tkazishning yangi tartibi ishlab chiqilayotgan bo‘lib, ushbu yangi tartib joriy qilinishi bilan yuqoridagi holatlar qo‘shimcha ravishda chuqur o‘rganilishi ma'lum qilinadi.

Shu bilan birga, ishchi guruh tuzgan holda monopol mavqega ega bo‘lgan UzAuto Motors AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar narxining shakllanishini tahlil qilish, uni pasaytirish bo‘yicha qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash hamda mahsulotlar narxlarning asosli qo‘llanilishi yuzasidan tekshirish o‘tkazishga ruxsat olish ishlari amalga oshirilmoqda», – deyiladi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bildirishida.

Mavzuga oid