O‘zbekiston | 15:15 / 13.03.2020
7941
3 daqiqa o‘qiladi

Geologiya fanlari universiteti oldiga qanday vazifalar qo‘yilgan?

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimidagi 4ta ilmiy-tadqiqot instituti negizida yagona ilm-fan klasteri – Geologiya fanlari universiteti tashkil qilinadi 

Foto: TASS

Bu haqda bugun, 13 mart kuni Davlat geologiya qo‘mitasida Qo‘mita a'zolari, Vazirlar Mahkamasi mas'ul xodimlari, Innovatsion rivojlanish, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklari va tegishli oliy ta'lim olimlari ishtirokidagi konferensiyada ma'lum qilindi.  

“O‘zbekistonda yer qa'rini geologik o‘rganish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini Davlat geologiya qo‘mitasi tizimidagi Geologiya va geofizika instituti, Mineral resurslar, Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi, Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi institutlari kabi 4ta institut tomonidan amalga oshiriladi. Hozirda Geologiya qo‘mitasi tizimidagi bu institutlar negizida yagona ilm-fan klasteri – Geologiya fanlari universitetini tashkil qilish, geologiya sohasida ilmiy tadqiqotlarni yanada kuchaytirish vazifalari turibdi”, deydi Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev.

Bu universitet respublika tog‘-kon hududlari geologik tuzilishini o‘rganish, strategik foydali qazilma turlarini izlash, qimmatbaho, rangli, nodir va kamyob metall konlarni topish hamda qidiruv ishlarini olib borish kabi vazifalarni bajaradi. 

Tadbirda senatorlar bugungi kunda Geologiya qo‘mitasi tomonidan ishga solinmagan imkoniyatlar, o‘z yechimini kutayotgan muammo va kamchiliklar borligini ta'kidlab o‘tishdi. Tizimdagi ilmiy muassasalarning moddiy-texnik imkoniyatlari geologiya sohasining muammolarini samarali hal eta olmayapti. Mineral xom-ashyo bazasini ko‘paytirish, geologiya-qidiruv uskunalarini modernizatsiya qilish va yangilarini yaratish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmayapti. 

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi Bobur Islomovning so‘zlariga ko‘ra, geologiya sohasidagi akademiklarning ilmiy salohiyati va tajribasidan yetarli daraja foydalanilmagan. Ularning ilmiy maktablarining soni kamayib, ayrim sohalardagi maktablar yo‘qolib bormoqda. Yuqori malakali ilmiy xodimlarni tayyorlash tizimi talabga javob bermasligi oqibatida ilmiy xodimlarning o‘rtacha Yoshi 55 yoshni, ilmiy darajaga ega xodimlar esa 18 foizni tashkil etadi.

Mavzuga oid