O‘zbekiston | 17:42 / 14.03.2020
4641
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi ikki kunlik umumxalq hasharida qancha daraxt ekilishi ma'lum qilindi

Bugun, 14 mart kuni Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi majlislar zalida 14-15 mart kunlari O‘zbekistonning barcha hududlarida o‘tkazilayotgan «Obod yurt» umumxalq xayriya hashariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Unda Respublika mahallalar kengashi boshqaruvi raisi Turg‘un Qirg‘izboyev xayriya hasharining birinchi yarim kunligi natijalari va hashar doirasida qilinadigan ishlar yuzasidan ma'lumot berdi, – deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati

Umumxalq hasharining birinchi yarim kunligida 6 milliondan ortiq fuqarolar ishtirok etmoqda.

Qirg‘izboyevga ko‘ra, hashar qatnashchilari tomonidan 13 ming gektar maydonda obodonlashtirish ishlari olib borilgan bo‘lsa, 7750 km ariq-zovurlar tozalangan.

1 million 610 ming 792 dona manzarali va 1 million 87 ming 885 dona mevali daraxtlar ko‘chatlari ekilgan.

Brifing davomida mahallalar kengashi boshqaruvi raisi 2 kunlik hashar davomida rejalashtirilgan ishlar ko‘lamiga ham aniqlik kiritgan.

Jumladan, umumxalq xayriya hasharida jami 12 million 500 mingga yaqin fuqarolar ishtirok etishi kutilmoqda. Ulardan 7 millionini yoshlar tashkil qiladi.

Foto: Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati

«Ikki kunlik hashar davomida 25 ming 987 gektar maydonda obodonlashtirish ishlari olib boriladi. 11 ming 408 kilometr uzunlikdagi ariq zovurlar tozalanib, 9000dan ziyod qabriston va 860 ga yaqin ziyoratgoh obodonlashtiriladi hamda tartibga keltiriladi.

Shuningdek, hashar davomida 4 million 721 ming 278 dona manzarali, 2 million 724 ming 840 dona mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, 3 million 894 ming 488 dona gul ko‘chatlari o‘tqaziladi.

Mavjud 4 millionga yaqin daraxtlarga shakllar beriladi va oqlanadi», dedi kengash boshqaruv raisi.

Brifingda aytilishicha, hashar davomida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari – yolg‘iz qariyalar, nogironlar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta'minlangan oilalarga ham moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatishga alohida e'tibor qaratiladi. Jumladan, 11 ming 494ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga 293 ming 773 m 2 uy-joylarni ta'mirlash, 11 626ta ehtiyojmand oilaga moddiy yordam ko‘rsatish ishlari olib boriladi.