O‘zbekiston | 23:22 / 18.03.2020
50085
7 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi: Aktivlarni qaytarishda Gulnora Karimovaning umuman roli yo‘q

Adliya vazirligining ma'lum qilishicha, vazirlik va Bosh prokuratura O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 mlrd. AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveytsariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

Foto: Getty Images

«O‘zbekistonga mulklarni Gulnora Karimovaning o‘zi qaytarganligi yoki qolgan mulklar bevosita Gulnora Karimova yoxud boshqa alohida shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi ta'kidlar huquqiy asosga ega emas va shu bois haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», deb ma'lum qildi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Qayd etilishicha, 2019 yilda xalqaro tuzilmalar va fuqarolardan G.Karimovaga nisbatan oldin olib borilgan tergov harakatlari bilan qamrab olinmagan jinoyatlar haqida xabarlar kelib tushgan. Bu esa yangidan ochilgan holatlar bo‘yicha yangi jinoyat ishi ochilishiga asos bo‘lgan.

«Tergov G.Karimova o‘ziga yaqin shaxslardan iborat bir nechta uyushgan jinoiy guruh tuzib, jinoiy uyushmaga rahbarlik qilgani, respublikaning sanoat korxonalarida faoliyat yuritib, unga jinoiy yo‘l bilan orttirilgan daromaddan ulush berib turgan yana bir uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilganini aniqlagan.

Bundan tashqari, jinoiy ish materiallariga ko‘ra, G.Karimova fuqarolarga va turli kompaniyalar egalariga bosim o‘tkazish va qo‘rqitish yo‘li bilan o‘zlarining mulklarini unga qarashli kompaniyalarga qayta rasmiylashtirib berishga majburlagan.

Ish bo‘yicha tergov davomida G.Karimovaning qonuniy huquq va manfaatlarini u va uning yaqin qarindoshlari tomonidan jalb etilgan 7 nafar advokat himoya qildi. Bundan tashqari, barcha tergov tergov harakatlarida advokatlarning ishtiroki ta'minlandi va ularning hech qanday cheklovlarsiz G.Karimova bilan xoli uchrashishiga imkoniyat yaratib berildi.

Tergov tadbirlari davomida O‘zbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual qonunchiligi buzilishiga, shuningdek gumon qilinuvchilar va ayblanuvchilarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmagan», deyiladi vazirlik ma'lumotida.

18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a'zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi.

Sud hukmi bilan G.Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.

Qolgan sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, tegishli jazolar tayinlandi.

Ta'kidlanishicha, oldin ko‘rilgan jinoiy ishlar, shuningdek, so‘nggi jinoiy ish doirasida yetkazilgan zarar miqdori 3,8 trln. so‘m va 165 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.

«Shu bilan birga, G.Karimovaga oid xabarlarda mulklarni qaytarish masalasi yana ko‘tarilayotganligi munosabati bilan Adliya vazirligi G.Karimovaga nisbatan boshqa davlatlarda ham tergov harakatlari olib borilayotganligini eslatib o‘tishni joiz deb hisoblaydi. Ushbu ishlar bo‘yicha G.Karimova jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mablag‘larni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarga qo‘l urganlikda ayblanmoqda.

Xorijiy davlatlarda olib borilayotgan tergov materiallari va rasmiy manbalarda keltirilishicha, G.Karimova va unga aloqador shaxslar tomonidan Latviya, Shveytsariya, Fransiya, Shvetsiya, Niderlandiya va ehtimol boshqa davlatlarda jinoiy yo‘l bilan bilan orttirilgan mablag‘larni yuvish bo‘yicha noqonuniy korrupsion sxemalar amalga oshirilgan.

Qayd etish joizki, mulklarni qaytarish bo‘yicha barcha muzokaralar va tadbirlar rasmiy darajada O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq olib borilmoqda.

Xususan, Bosh prokuratura va Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 mlrd. AQSh dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveytsariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Mazkur mulklar xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan hibsga olinganligi munosabati bilan, ular anchadan buyon G.Karimova (uning oila a'zolari)ning tasarrufida emas.

Shu bois, O‘zbekistonga mulklarni G.Karimovaning o‘zi qaytarganligi yoki qolgan mulklar bevosita G.Karimova yoxud boshqa alohida shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi ta'kidlar huquqiy asosga ega emas va shu bois haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», deya ta'kidlanadi Adliya vazirligi tomonidan.

Avvalroq Bosh prokuratura Gulnora Karimova yashash manzillarida topilgan san'at ashyolari haqida bayonot bergandi.

Qayd etilishicha, Shveytsariya federal prokuraturasi bilan hamkorlikda ekspertlarni jalb qilingan holda Gulnora Karimovaning Jyeneva shahrida joylashgan villasida o‘tkazilgan tintuv vaqtida aniqlangan va xatlangan 70 turdagi san'at ashyolari (kartinalar, amaliy san'at va hunarmandchilik asarlari va hokazolar)ning milliy boylikka taalluqliligini aniqlash hamda ularning O‘zbekistonga qaytarilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Avval Gulnora Karimovaning O‘zbekistondagi yashash manzillarida 985 turdagi tarixiy, madaniy va badiiy ahamiyatga ega qimmatliklar deb topilgan hamda umumiy qiymati 12,7 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lgan san'at asarlari (kartina, so‘zana, milliy taqinchoqlar, sopol, yog‘ochdan ishlangan milliy hunarmandchilik asarlari va hokazolar) aniqlangan va xatlangan.

Qayd etilgan kartinalar va san'at asarlari sud hukmiga ko‘ra davlat egaligiga o‘tkazilib, O‘zbekiston amaliy san'ati va hunarmandchilik tarixi Davlat muzeyi, Farg‘ona viloyat tarix va madaniyat Davlat muzeyi, Andijon viloyat tarix va madaniyat Davlat muzeyi, Chirchiq shahar tarix muzeylariga topshirilgan.

Mavzuga oid