Jahon | 21:21 / 18.03.2020
19230
2 daqiqa o‘qiladi

Dollar kursi 80 rublga chiqdi

Moskva birjasida dollar kursi 80 rubllik ko‘rsatkichni qayd etdi. Ammo keyin 79,9 rublga qaytdi. Yevro 87 rubl atrofida sotilmoqda.

Foto: Biznesviktor

Rubl koronavirus pandemiyasi va neft narxlarining pasayishi natijasida arzonlamoqda. Hozirda dollar va yevro kurslari 2016 yilgi ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda. Neftning bir barreli narxi 27 dollardan tushib ketdi.

Rossiyaning yirik kompaniyalari aksiyalari ham arzonlashmoqda: ayniqsa "Aeroflot" aksiyalari narxi keskin tushib ketdi (11 foizdan ortiqroq).  

Shuningdek, "Lukoyl", "Rosneft" va "Surgutneftegaz" aksiyalari narxi ham arzonlashdi.

Shu bilan birga, "Lenta" va "Magnit" kabi oziq-ovqat tarmoqlarining aksiyalari qimmatlashdi. Bunga vahimada qolgan rossiyaliklarning do‘konlar peshtaxtalarini bo‘shatishlari sabab bo‘ldi.

Nordea ekspertlarining qayd etishicha, neft narxi 20-30 dollar atrofida bo‘lganida dollar kursi 75-82, yevro kursi esa 83-90 rubl atrofida bo‘ladi.

"BKS Broker" eksperti Albert Koroyevning fikricha, Rossiya valutasi va aksiyalarining qulashiga neftning arzonligi emas, balki koronavirus bilan bog‘liq sarosima sabab bo‘lmoqda.

Hukumat nima demoqda?

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Andrey Belousov Rossiya valuta bozori yetarlicha muvozanatlashgani, rubl mustahkamligini saqlab turganini aytdi.

Ammo moliya vaziri Anton Siluanov unchalik ham nekbin fikr bildirmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat 2020 yilgi makroiqtisodiy prognozdan og‘ib ketmoqda: bu yil budjetda defitsit bo‘ladi, milliy farovonlik fondi mablag‘larini ishga solishga to‘g‘ri keladi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiyotning qator sektorlari, jumladan, aviatashuvlar, turizm va kichik biznesda qisqarishlar yuz beradi.

"Qimmatbaho iste'mol buyumlari, xususan, avtomobillar sotib olish hajmi qisqaradi. Shu bois, afsuski, vaziyat rivojlanishi yaxshi emas", - dedi u.

Mavzuga oid