O‘zbekiston | 21:13 / 19.03.2020
28142
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 16 mingdan ortiq kishi karantinga olingan

19 mart kuni holatiga ko‘ra O‘zbekistonda ayni vaqtda 16 mingdan ortiq kishi karantinga joylashtirilgan. Bu haqda Bu haqda koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qilindi.

Ma'lum qilinishicha, koronavirusga qarshi kurashish ishlariga qariyb 5,5 ming nafar tibbiyot xodimi jalb etilgan. Ularni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlab, oylik maoshiga qo‘shimcha 120 foiz ustama to‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Kasallanganlarni o‘z vaqtida aniqlash va profilaktikaga e'tiborni kuchaytirish, buning uchun barcha hududiy yuqumli kasalliklar shifoxonalarini ekspress-testlar bilan ta'minlash muhimligi qayd etildi.

Hozirgi kunda 16 mingdan ortiq fuqarolar karantinga olingan. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga karantin nazoratini ta'minlash yuklatildi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 23 kishi koronavirus yuqtirgani qayd etilgan.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning ma'lum qilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonning turli hududlarida shu maqsadda 8ta sanatoriy va 6ta shifoxona tayyorlangan.

  • Ma'lumot uchun, O‘zbekiston fuqarosi koronavirus tarqalgan mamlakatdan bir o‘zi qaytib kelsa, unga uy karantini belgilanadi va u tibbiy nazorat ostida bo‘ladi. Charter reyslari bilan O‘zbekistonga qaytarilgan fuqarolar karantinga joylashtiriladi.

Mavzuga oid