O‘zbekiston | 21:42 / 22.03.2020
12721
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent transport boshqarmasi: Taksi haqi qimmatlashiga yo‘l qo‘yilmaydi

«Moskva bilan muzokaralar olib borib, Yandex Taxi`ning talab ko‘payganda narxning oshishi funksiyasini o‘chirtirdik», – Toshkent shahar Transport boshqarmasi boshlig‘i.

22 martdan Toshkent shahrida barcha jamoat transportlari qatnovi to‘xtatildi. Shu bois, ertalab taksi xizmatini taklif etuvchi mobil ilovalarda taksini buyurtma qilish haqi odatdagidan ko‘tarilgani sezildi.

Kun.uz muxbiri bu borada qanday choralar ko‘rilayotgani bilan qiziqib, Toshkent shahar Transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevga murojaat qildi.

«Hozirgi kunda, Yandex Taxi, My Taxi va Millenium Taxi degan xizmatlar bor. Agregator deyiladi. Yandex Taxi bilan bugunning o‘zida Moskva bilan bog‘lanib, Toshkentdagi holatni to‘g‘ri tushuntirib, ulardan narx-navoni oshirmaslik so‘raldi.

Hozirgi vaqtda barcha taksi mobil ilovalari narxni oshirmasdan ishlayapti.», – dedi poytaxt transport boshqarmasi boshlig‘i.

Anvar Jo‘rayev narx oshishi sabablari va unga qarshi ko‘rilayotgan choralar haqida ham to‘xtaldi.

«Narx oshishining sababi shundaki, Yandex Taxi dasturida talabdan kelib chiqqan holda narx ko‘tariladigan qilingan. Biz Moskva bilan muzokaralar olib bordik va dasturning talab ko‘payganda ham narx oshirish funksiyasini o‘chirtirdik.

Endilikda taksini buyurtma qilish yana oddiy narxda ko‘rsatilyapti.

Hozirgi kunda, nafaqat narx-navo bo‘yicha, balki taksi avtomobillarini dezinfeksiya qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Toshkent shahridagi 9ta avtobus saroyida maxsus punktlar tashkil etildi. Barcha taksi haydovchilarga murojaat qilingan. Ular yo‘nalishga chiqishdan avval, o‘sha punktlarga borib, dezinfeksiya amaliyotidan o‘tishlari darkor.

Yo‘l varaqalariga dezinfeksiyadan o‘tganini bildiruvchi maxsus muhr qo‘yish joriy qilindi.

Ichki ishlar Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va Transport inspeksiyasi xodimlari birgalikda taksi avtomobillarining dezinfeksiya qilingani bo‘yicha maxsus nazorat ishlari olib borilyapti.

Bundan tashqari, narx-navolar oshib ketmasligi uchun Transport inspeksiyasi va soliq xodimlari bilan birgalikda taksi haydovchilari hamda fuqarolar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

9ta maxsus punktlardagi dezinfeksiya choralari faqatgina taksi uchun bepul tashkil etildi. Barcha jamoat transport, metro, avtobus va yo‘nalishli taksilar harakati cheklangani bois, barcha avtobus saroylari taksilar uchun ishlayapti», – dedi u.

Mavzuga oid