O‘zbekiston | 21:45 / 23.03.2020
38349
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda dehqon bozorlaridan boshqa barcha bozorlar yopiladi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan O‘zbekiston hududida 24 mart soat 00:01dan boshlab koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etiladi.

Tartibga ko‘ra, birinchi bosqichda Toshkent shahrida, keyinchalik bosqichma-bosqich Nukus shahri, viloyat va tuman markazlarida joylashgan barcha yirik dehqon bozorlari va savdo majmualari (supermarket, gipermarketlar va boshqalarda) kirish-chiqish joylari tegishli mutaxassislar bilan ta'minlagan holda teplovizorlar va antiseptik vositalari bilan jihozlanadi.

Savdo va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy bo‘linmalari yoki boshqa tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish yo‘li bilan dezinfeksiya vositalari bilan ta'minlanadi.

Shuningdek, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan dehqon bozorlaridan tashqari barcha bozorlarning faoliyati to‘xtatiladi.

Bundan avvalroq Toshkent viloyatidagi va Toshkent shahridagi buyum bozorlari yopilishi xabar qilingandi.
 

Mavzuga oid