Jamiyat | 16:50 / 24.03.2020
4926
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari markazlarida har kunlik dezinfeksiya va boshqa choralar joriy etildi

O‘zbekiston hukumatining koronavirus tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra mamlakatda e'lon qilingan ogohlik doirasida Davlat xizmatlari markazlarida virusga qarshi kurash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

«Birinchi navbatda, odam ko‘p to‘planadigan joylarda virusdan himoyalanish tadbirlari ishlab chiqilgan. Xususan, Toshkent shahridagi 11ta Davlat xizmatlari markazlarida Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan belgilangan grafik asosida profilaktik dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Xodimlar tibbiyot niqoblari va zarur gigiyena vositalari bilan ta'minlandi.

Yuqoridagi qarorning 3-band «g» kichik bandiga ko‘ra, tashrif buyuruvchi shaxslarni faqat tibbiy niqob va tibbiy vositalarni qo‘llagan holda kiritish tartibini majburiy joriy etish belgilangan bo‘lib, murojaatchilar dezinfeksiyalovchi gel, spirt va tibbiyot niqoblari bilan Markazlarga kiritilmoqda.

Shuningdek, ish joylarda xodimlarning tana haroratini o‘lchash va tana harorati yuqori bo‘lgan xodimlarni ish joyiga yo‘l qo‘ymaslik hamda ushbu xodimlar to‘g‘risida sog‘liqni saqlash organlariga zudlik bilan xabar berish belgilangan.

Karantin davrida Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qiluvchilar sonini kamaytirish uchun xizmatlarni onlayn olish mumkinligi fuqarolarga tavsiya qilinmoqda. Buning uchun my.gov.uz saytidan foydalanish mumkin. Ayrim xizmatlarni olishda (masalan, STIR raqami haqidagi ma'lumotnomani) elektron raqamli imzo ham talab qilinmaydi», deyiladi Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi ma'lumotida.

Mavzuga oid