19:38 / 27.03.2020
23859

Karantindagi odamlar: Uyda qolish zerikarli emas

Hoynahoy, koronavirus haqida barcha kerakli ma'lumotlar xalqqa yetkazilmoqda, infeksiyadan xabar topmagan kishi ham qolmadi, hisob. Ammo kundan-kunga virus yuqtirib olgan bemorlar, vafot etganlar haqida yangi raqamlar e'lon qilinmoqda. O‘z navbatida hukumat turli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, ularga qat'iy rioya etishni so‘ramoqda.

Ushbu maqola tayyorlanishi vaqtida, O‘zbekistonda infeksiya yuqtirib olgan bemorlar soni 65 kishini tashkil etgan. Bundan tashqari, 63 ming 853 kishi karantinda saqlanmoqda.

O‘zini uy karantiniga mahkum etganlar –  atrofda bo‘layotgan voqealarga befarq bo‘lmay, ongli ravishda ushbu qarorga kelgan hamda uyda bo‘lishning ijobiy tomonlarini o‘zlari uchun kashf etishmoqda.

Kun.uz ko‘chaga chiqmasdan uyida karantin sharoitida odatiy turmush tarzini davom ettirayotgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashdi. 

Bahodir Jalolov, professional bokschi:


—  Karantinga qadar Iordaniyada Olimpiada yo‘llanmasini taqdim etuvchi turnir o‘tkazilgandi. Bizning bokschilar ham turnirda qatnashib, uyga qaytgandik. Keyin karantin munosabati bilan uyda qolishga qaror qildim. Zaruriyat bo‘lmasa,  ko‘chaga bemaqsad chiqishdan saqlanyapman. Ayni paytda do‘stlarim, ustozimiz To‘lqin Qilichev bilan bir uyda ringdagi xato va kamchiliklarimiz, harakatlarimizni tahlil qilyapmiz. Ularning maslahati bilan o‘z ustimizda ishlash bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalarni tinglayapmiz. Uy sharoitida badantarbiya va jismoniy harakat qilib, ko‘proq ruhiy tayyorgarlik, boksdagi nazariy masalalarga e'tibor qaratyapman.

Kamila Urayeva, Moliya vazirligi xodimi:
—  24 martdan masofadan turib ishlashni boshladim. Ish beruvchi tomonidan o‘z faoliyatimni to‘laqonli va to‘kis bajarishim uchun barcha sharoit yaratib berildi. Uyda time-management to‘g‘ri tashkil etganim uchun, maishiy yumushlar ish faoliyatimga ta'sir qilmayapti. Albatta, hamkasb va rahbariyatimning qo‘llab-quvvatlovini yaqindan his etib, mehnat jamoasi bilan birga ishlash yoqimli, ammo hukumat tomonidan koronavirus tarqalishiga qarshi qabul qilingan choralarga rioya etishimiz kerak. Shuning uchun, qancha talab etilsa, shuncha uyda qolishga qaror qildim.

Aslida uyda qolish taklifi ish joyda rahbarim tomonidan bildirildi, men buni xodimlarga g‘amxo‘rlik sifatida qabul qilib, tartibga ongli ravishda bo‘ysundim.

Xurshed Rustamov, advokat:
— 18 martdan buyon uydaman. Asosan ish materiallari bilan tanishish, sudga tayyorgarlik ko‘rish bilan band bo‘lyapman. Uy yumushlari bilan band bo‘lish ham foydali: bolalarning darslarni o‘zlashtirishiga shaxsan bosh bo‘lyapman, ovqat tayyorlab, biroz tin olgandekman.


Karantin sharoitida uyda bo‘lish faoliyatimga ta'sir qilmayapti, to‘g‘ri, bolalar bir-bir shovqin qiladi, diqqatni jamlash qiyin. Ammo kechroq baribir vaqt topiladi. Uyga ko‘nikib qolish - katta muammo emas. Negaki, vaziyat shuni taqozo etyapti, kamroq ko‘chaga chiqish kerak. O‘zimni karantinga olishim shaxsiy tashabbusim, buni boshqalarga ham uqtirmoqchi bo‘lyapman. 

Aziza Qurbonova, jurnalist-bloger:


—  Anchadan beri uyda qolish orzum edi. Avvaliga ko‘p narsani anglamay, bir haftani uyda o‘tkazdim, keyinroq uyda qolib ishlash mumkinligini tushundim. Jurnalistga masofadan ishlash qiyin bo‘lmaydi, ammo televizion jurnalistlar uchun biroz to‘siqlar mavjud. Masalan, tomoshabinlar ishtirokida o‘tadigan tok-shoular koronavirus xavfi tufayli suratga olinmayapti. Shunga qaramay, anchadan beri rejada qolib ketgan maqsadlarim sari qadam tashlayapman: til o‘rganyapman, Qur'ondan kichik oyatlarni o‘rganayotgandim.

Ayol kishi uchun uyda qolib ishlash, aslida, sal qiyin. Buning uchun, vaqtni to‘g‘ri boshqarish kerak. Uyda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar ham to‘planib qolgani uchun, boshida uy yumushlari bilan band bo‘ldim. Shuning orasida kompyuter qarshisida o‘tirib, o‘zimni ishlashga majburlab ko‘rdim. Bir tarafdan ayol kishi uyda ishlasa, ko‘ngli xotirjam bo‘ladi. Farzandlari atrofida, uy ishlarini qilib, ishni muvofiqlashtirib olsa bo‘ladi.

Uyda ko‘p qolib ketish bolalarim bilan ko‘proq muloqotda bo‘lishga, risoladagidek beka bo‘lishga imkon beryapti. Buning vaqtincha ekani ham ko‘ngilga taskin beryapti.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top