O‘zbekiston | 20:40 / 27.03.2020
40591
1 daqiqa o‘qiladi

Namangan shahrida barcha uchun 9 kunlik ta'til e'lon qilindi

Namangan viloyat hokimi Xayrulla Bozorov viloyat markazida 28 martdan boshlab 5 aprelga barchaga ta'til berilishini ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ta'kidlanishicha, hokim 28 martdan boshlab 5 aprelga qadar 9 kun mobaynida Namangan shahridagi mulkchilik shaklidan qat'iy nazar barcha tashkilot, muassasa va idoralarda ta'til e'lon qilinishini aytgan.

«Bu to‘qqiz kun mobaynida Namangan shahri fuqarolari uyda, ko‘chaga chiqmasdan o‘tirishlari talab etiladi. Bu cheklovdan davlat hokimiyati, ijro hokimiyati tizimida, huquqni muhofaza qilish idoralari, va qolaversa soliq idoralari, banklar kabi iqtisodiyot idoralarida ishlovchilargina mustasno qilinadi», - deydi Bozorov.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan so‘nggi ma'lumotga ko‘ra, O‘zbekiston koronavirusga chalingan bemorlar 88 kishini tashkil etadi.

27 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tashxisi qo‘yilgan ilk bemor o‘tkir miokard infarktidan vafot etdi. Namanganlik 72 yoshli ayol 26 mart kuni koronavirus infeksiyasi tashxisi bilan Namangan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan edi.

Mavzuga oid