Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Men tushgan sinov boshqalarga ibrat bo‘lsin» – sog‘ayib chiqqan yana bir yurtdoshimiz hikoyasi
Koronavirusga chalingan bemorlardan navbatdagi to‘rt nafari sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Kun.uz muxbiri ulardan biri bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
33 yoshli suhbatdoshimiz, toshkentlik ayol A.N. 1 aprel kuni shifoxonadan sog‘ayib chiqib reabilitatsiya markaziga yo‘l oldi.
– Ortda qolgani rost bo‘lsin. Shifo topganingiz bilan Kun.uz ijodiy jamoasi nomidan tabriklaymiz.
– Rahmat, ishqilib hamma bemorlar ham sog‘ayib ketishsin.
– Kasallikka qanday chalinib qolgandingiz?
– Turkiya safariga borgandik. Uyoqda haroratim ko‘tarilib, behol yurdim. Qaytib kelganimizdan keyin aeroportda tekshirishdi. Ammo haroratim baland bo‘lmagani uchun uyga javob berishdi. Uyda bir kun bo‘lganimdan keyin mazam bo‘lmadi, shifokorlarga murojaat qildim. Test natijalarida koronavirus chiqdi va virusologiya shifoxonasiga olib kelishdi.
– Hadik, qo‘rquv bo‘lmadimi?
– Qanday bo‘lmasin?.. Axir biz birinchilardan bo‘lib bu dardga ro‘baro‘ keldik-da. Kasallik qanday kechishini aniq bilib bo‘lmasdi. Ammo shifokorlarimizga ming rahmat, o‘zlarini umuman yo‘qotmay, qat'iyat bilan juda yaxshi davolashdi, kayfiyatimizni ko‘tarishdi, tushkunlikka tushganimizda soatlab yonimizda o‘tirishdi.
Mana shu 14 kun ichida ular bilan ona-boladay, opa-singilday bo‘lib ketdik.
– Sharoit, dori-darmondan kamchilik sezmadingizmi?
– Aksincha, davolanish jarayonida O‘zbekistonimiz tibbiyotining qanchalik kuchli imkoniyatlarga egaligini bildim, biror narsadan kamchilik sezilmadi. Nafaqat shifokorlar, balki oddiy insonlar, vazirlik va idoralarning vakillari, umuman hamma-hammaning qo‘llab-quvvatlashini his qildim.
Yurtdoshlarimiz shifoxonaga kelib, darvoza yonidan shifokorlar va bizga turli-tuman sovg‘alar berib ketganlarida ko‘zlarimizga yosh keldi. Xalqimiz o‘z farzandini tashlab qo‘ymaydi deganlari chin ekan. Mana, Xudoga shukr, sog‘ayib ham ketdik.
– Millionlab hamyurtlarimiz duo qilishdi va sog‘ayib chiqqanlaringizni kuzatib turishdi. Yana yuzlab bemorlar sog‘ayish arafasida sizlarga havas qilishyapti. Ularga aytadigan so‘zlaringiz bormi?
– Albatta. Juda ko‘p tilak va niyatlarim bor. Tilagim, bizdan keyin qolganlar, umuman hamma bemorlar sog‘ayib, oilalari bag‘riga qaytishsin. Ular uchun duodaman.
Shu sinovni boshimdan o‘tkazgan ekanman, mening taqdirim boshqalarga ibrat bo‘lsin. Hamma o‘zini ehtiyot qilsin, shifokorlarning tavsiyalaridan umuman chiqishmasin. Biz Allohga iltijo qilib, shu shifokorlar sababchi bo‘lib sog‘ayib ketdik.
Umid qilaman, ishonaman, bu kasallik tez orada yengiladi.
Abror Zohidov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
18:37 / 21.09.2025
COVID-19 pandemiyasi boshlanishini yoritgan xitoylik jurnalist 4 yilga qamaldi
15:47 / 06.08.2025
AQSh Sog‘liqni saqlash vazirligi mRNK-vaksinalari uchun mablag‘ni qaytarib oldi
21:02 / 24.07.2025
Olimlar COVID-19 pandemiyasi odamlarning miyasini qaritganini aniqladi
17:18 / 05.07.2025