O‘zbekiston | 20:00 / 03.04.2020
60662
5 daqiqa o‘qiladi

Qibraydagi sihatgohda karantinda saqlangan 7 kishi 15 sutkaga qamaldi

BAAning Dubay shahridan kelgach, Qibraydagi «Energetiklar» sihatgohida karantinda saqlangan fuqarolardan 7 nafariga 3 aprel kuni 15 sutkadan ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Yuqori Chirchiq ma'muriy sudi ularni MJtKning 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish), 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik)da nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarlik harakatlarini sodir etgan, deb topdi.

Oliy sud matbuot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, qamoqqa olinganlarning 4 nafari – ayollar.

«Ish hujjatlariga ko‘ra, ushbu 7 fuqaro 1 aprel kuni soat 20:00lar atrofida «Energetiklar» sihatgohida belgilangan karantin qoidalariga amal qilmasdan, har xil uyatli so‘zlar bilan ushbu sihatgohda saqlanayotgan boshqa fuqarolar va karantin tartibini nazorat qiluvchi xodimlar oldida baqir-chaqir qilib, ularning tinchligini buzgan. Tinchlikni ta'minlash uchun kelgan ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, jamoat joyida ularni xam uyatli so‘zlar bilan so‘kib, mayda bezorilik qilgan», – deyiladi Oliy sud xabarida.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan Kun.uz'ga berilgan ma'lumotda ushbu fuqarolar Dubaydan charter reys orqali 17 mart kuni olib kelingani aytiladi. Nazarda tutilayotgan mojaroli holat esa 1 aprelda – ular karantinga joylashtirilganining 15-kunida ro‘y bergan.

«2 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda karantinda saqlanayotgan fuqarolarning ichki ishlar organlari xodimlariga qo‘pol munosabatda bo‘lib, janjal ko‘targani aks etgan video tarqaldi.

Mazkur masala Toshkent viloyati IIBB birinchi mintaqaviy hudud muvofiqlashtirish markazi tomonidan o‘rganib chiqilgan. Ma'lum bo‘lishicha, mazkur videotasvir 17 mart kuni Birlashgan Arab Amirliklari Dubay shahridan charter reysi orqali O‘zbekiston Respublikasiga olib kelinib, Qibray tumani Darxon m.f.y. hududida joylashgan «Energetiklar sihatgohi» MChJga qarashli dam olish sihatgohiga karantinga joylashtirilgan fuqarolar tomonidan tasvirga olingan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.

Videoda 1 aprel kuni taxminan soat 20:00larda, qizil rangli sport kostyumini kiyib olgan erkak (keyinchalik tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi A.K.) IIB xodimlariga qarata baland ohangda har-xil uyatli so‘zlar bilan o‘z e'tirozlarini bildirgan.

Oq rangli sport kiyimidagi ayol (keyinchalik tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, Samarqand viloyati Samarqand shahrida yashovchi R.P.) ham davlat organi xodimlariga qarata haqoratli so‘zlar bilan o‘z e'tirozlarini bildirgan.

IIB xodimlari esa ularni tinchlanishga va sabrli bo‘lishga chaqirgan hamda vaziyat yuzasidan tushuntirish berishga uringan.

Holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida, 1 aprel kuni taxminan soat 20:00 larda ushbu sihatgohda karantinda saqlanayotgan 7 fuqaro: Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi A.K., Samarqand shahrida yashovchi R.P. (ayol kishi), Olmazor tumanida yashovchi U.Sh., Uchtepa tumanida yashovchi K.I, Sardoba tumani (Sirdaryo)da yashovchi M.D. va Namangan shahrida yashovchi N.F. (ayol kishi) va Norin tumani (Namangan)da yashovchi T.Sh. (ayol kishi)lar karantin qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, belgilangan tartib-qoidalarga qasddan amal qilmasdan, sihatgohda xizmat olib borayotgan tibbiyot xodimlari va ichki ishlar organlari xodimlarini haqorat qilib, ularning qonuniy talablariga bo‘ysunmaganliklari aniqlangan.

Ushbu fuqarolarga nisbatan MJtKning 54-moddasi (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) 2-qismi, 183, 194-moddalari bilan ma'muriy ish qo‘zg‘atilib, tegishli hujjatlar belgilangan tartibda sudga yuborilgan», – deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Oliy sud axborot xizmatining Kun.uz ga xabar berishicha Yuqorichirchiq tuman ma'muriy sudining 3 apreldagi qarori bilan huquqbuzarlarning barchasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish), 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) da nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarlik harakatlarini sodir etgan deb topilib, ularning har biriga 15 sutkadan ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid