Toshkent xalqaro marafoni kuzga ko‘chirildi
22 mart kuni Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan II Toshkent xalqaro marafoni koronavirus pandemiyasi sabab qoldirilgandi.
Sovrin jamg‘armasi 350 million so‘m bo‘lgan bu xalqaro marafon 11 oktyabrda o‘tkazilishi belgilangan. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot kotibi Otabek Eshmamatov AOKAda tashkil etilgan brifingda ma'lum qildi.
«Toshkent xalqaro marafoni joriy yilning 11 oktabr kuni o‘tkaziladigan bo‘ldi. Shu kungacha marafonda qatnashish uchun 30dan ortiq mamlakatdan 2 mingdan oshiq qatnashchilar ro‘yxatdan o‘tgandi. Ulardan 210 nafari to‘liq marafon, ya'ni 42 km 195 masofaga yugurish uchun, 680 nafari yarim marafon bahslari uchun, qolganlar 1,5 va 3 km masofaga ommaviy yugurish musobaqasida qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.
Ishtirokchilardan 90 million so‘m atrofida a'zolik badali yig‘ilgan va shundan 18 milliondan ortig‘i egalariga qaytarib berildi. Qolganlar ham ariza asosida pullarini qaytarib olishlari yoki bo‘lmasa amalga oshirgan to‘lovlarini 11 oktyabrda o‘tkaziladigan marafonga qatnashish uchun o‘tkazishlari mumkin», dedi Otabek Eshmamatov.
Vazirlik matbuot kotibi, shuningdek Olimpiada o‘yinlarining boshqa muddatda o‘tkazilishi va bu sportchilarning jismoniy holatiga qanday ta'sir ko‘rsatgani haqida ham gapirdi.
«Olimpiada o‘yinlarining keyingi yil o‘tkazilishi odilona qaror bo‘ldi va bu butun dunyo sportchilari qatorida o‘zbekistonlik sportchilar uchun ham yaxshi xabar bo‘ldi.
Koronavirus pandemiyasi sabab qator lisenzion musobaqalar bekor qilindi va sportchilarimiz Tokio olimpiadasiga ko‘zlangan miqdorda yo‘llanmani qo‘lga kiritib ulgurishmadi. Atletlarimiz sport musobaqalari to‘xtatilganiga qadar 40ta yo‘llanmani qo‘lga kiritishgandi.
Masalan, hozirgacha 7ta yo‘llanmani naqd qilgan bokschilarimiz 10ta yo‘llanmani maqsad qilishgandi. Agar olimpiada o‘yinlari keyingi yilga qoldirilganida, o‘ynalmay qolgan yo‘llanmalar sportchilarning oxirgi ko‘rsatkichlariga qarab taqsimlanar va bu adolat tamoyillariga zid bo‘lib qolardi.
Olimpiada o‘yinlarining qoldirilgani sportchilarning jismoniy holatiga qanday ta'sir qildi? Albatta, musobaqa qoldirilgani bilan sport to‘xtab qolgani yo‘q. Sportchi bir kun mashg‘ulotni qoldirsa, bir necha oy ko‘rgan tayyorgarligi yo‘qqa chiqishi mumkin. Atletlarimiz uy sharoitida mashg‘ulotlarni davom ettirishmoqda va bu jarayon MOQ tashkil qilgan maxsus guruh nazoratida», deya Otabek Eshmamatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
10:47
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
20:44 / 06.11.2024
Toshkentda metro stansiyasida hojatini chiqargan erkak bo‘yicha ma’lumot berildi
13:06 / 06.11.2024