18:05 / 04.04.2020
22979

Ozodbek Nazarbekov: «San'atkorlar salbiy fikrga loyiq emas. Men ularni himoya qilaman»

O‘zbekiston Madaniyat vaziri O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida san'atkorlar tomonidan amalga oshirilgan xayriya ishlari haqidagi savolga javob berdi.

“Bundan qariyb 10 kun avval “O‘zbekkonsert” rahbari bilan birga ijtimoiy harakatni boshlab, san'atkorlarning fikrini bilishga kirishganimizda ularning ko‘pchiligidan “biz kiyimlarimiz, avtomobillarimiz, qo‘shiqlarimizni ko‘z-ko‘z qilganmiz, keling xayriyani ko‘z-ko‘z qilmaylik. Bu PR qilyapti degan narsa bo‘lmasin, bu yaratgan bilan bandasi o‘rtasidagi munosabat” degan fikrni bildirishdi. Ularning ko‘pchiligidan bunday munosabatni olganda men juda xursand bo‘ldim. Bu tahsinga sazovor holat. So‘nggi vaqtdagi e'tirozlar, haqoratomuz darajadagi so‘zlar majbur qildiki, “O‘zbekkonsert” muassasasi san'atkorlarning xayriyasi [haqidagi ma'lumotlarni] e'lon qila boshladi”, - dedi Ozodbek Nazarbekov.

Uning ma'lum qilishicha, ayrim san'atkorlar o‘zlari tomonidan qilingan xayriyalarni oshkor etilishini istamaydi.

“Shu holatdan ham norozi san'atkorlar bor.“Mayli, nima bo‘lganda ham, kim nima desa ham mening nomim aytilib, salbiy fikrlar bildirilsa ham, [xayriya borasida] nomimni oshkor qilmanglar degan san'atkorlar ham bor”, - dedi Nazarbekov.

Uning ijtimoiy tarmoqlarda san'atkorlarga nisbatan salbiy fikr bildiruvchilar haqida ham o‘z fikrlarini bildirdi.

“Shunday kichik qatlam bor. Xotini bilan urishib qolsa ham, ko‘chada ishi yurishmasa ham san'atkordan alamini oladiganlar bor. San'atkorning biror bir postini ko‘rsa, uning tagiga salbiy fikrini yozib qo‘yadi.

Buning sababi nimada? San'atkorlar shunga loyiq ish qildimi deydigan bo‘lsak, u holda nima uchun shifokorlar kaltaklandi? Shuning uchun san'atkorlarning o‘zi shunga [ana shunday munosabatga] 100 foiz loyiq degan fikrdan yiroqman. Men san'atkorlarni himoya qilaman.

Bunday holatga kelishiga sabab – o‘sha tosh otayotgan odam biladiki, buning javobgarligi yo‘q. Bu mashhur odamga e'tiroz, haqoratomuz so‘z aytish bilan katta ish qildim degan hisni beradi. Bunga hech qanday jazo berilmaydi. Ana shu narsa kichkinagina g‘alamis qatlamni shu ishga o‘rgatib qo‘ydi. Lekin ko‘rmasdan, bilmasdan, eshitmasdan hamma san'atkorlarga salbiy baho berish noto‘g‘ri”, - dedi Madaniyat vaziri.

Top