Turkiyaning eng sovrindor darvozaboni Covid-19’dan tuzaldi
Koronavirus infeksiyasiga topshirgan testi ijobiy chiqqan Turkiya milliy jamoasining sobiq darvozaboni Rushtu Rechberga kasalxonadan uyga javob berildi. Bu haqda Instagram’da uning rafiqasi Ishil ma'lum qildi.
«Og‘ir 11 kundan so‘ng turmush o‘rtog‘imga javob berishmoqda. Men bundan xursandman, lekin hanuz juda ko‘plab insonlar shifoxonada qolishmoqda», — deb yozgan Rechberning ayoli.
46 yoshli Rushtu Rechber koronavirus infeksiyasiga chalinib, shifoxonaga yotqizilgani haqida 31 mart kuni xabarlar tarqalgan edi. OAV sobiq darvozabon og‘ir ahvoldaligini yozgandi. Marca nashrining xabariga ko‘ra, bungacha Rechber AQShdan kelgan va ikki haftalik karantinga rioya qilish haqidagi talabiga bepisand qaragan.
Turkiya milliy jamoasi tarkibida bu darvozabon 120ta o‘yin o‘tkazgan va 2002 yilgi jahon, 2008 yilgi Yevropa chempionatlarining bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Klub darajasida Rushtu Rechber «Beshiktosh», «Fenerbaxche» va «Antalyasport», shuningdek, «Barselona» safida o‘ynagan. U – 6 karra Turkiya chempioni va 2 marta kubok sohibi.