O‘zbekiston | 16:23 / 07.04.2020
6330
3 daqiqa o‘qiladi

Xususiy notariuslik faoliyati bilan shug‘ullanish shartlari ma'lum qilindi

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 apreldagi 199-sonli qarori bilan xususiy notarial amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarning javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qoidalari tasdiqlandi.

Foto: iStock

Hujjatda belgilanishicha, xususiy notariuslar shartnoma tuzmasdan turib o‘zining majburiyatlarini va notarial harakatlarni amalga oshirishga haqli emas.

Majburiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta summasi:

  • Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyatlarning ma'muriy markazlarida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius faoliyatini tashkil etish uchun – bazaviy hisoblash miqdorining kamida ming baravaridan;
  • boshqa aholi punktlarida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius faoliyatini tashkil etish uchun – bazaviy hisoblash miqdorining kamida besh yuz baravaridan kam bo‘lishi mumkin emas.

Bundan maqsad notarial harakatni amalga oshirish uchun murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxslarga yoki notarial faoliyatni amalga oshirishdagi uchinchi shaxslarga notariusning xatti-harakatlari natijasida zarar yetkaziladigan bo‘lsa, zarar majburiy sug‘urta summasi hisobidan qoplanadi.

Notariuslar fuqarolik javobgarligining quyidagilar oqibatida yuzaga kelishi sug‘urta hodisasi hisoblanmaydi:

– notariusga murojaat qilgan shaxs tomonidan notarial harakat amalga oshirish bilan bog‘liq yolg‘on ma'lumotlar, haqiqiy bo‘lmagan yoki soxta hujjatlar taqdim etilishi;

– agar notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan shaxs notariusga ushbu notarial harakat huquq va qonuniy manfaatlariga ta'sir ko‘rsatish mumkin bo‘lgan uchinchi shaxslarning yo‘qligi yoki mavjudligini bildirmagan bo‘lsa.

Majburiy sug‘urta shartnomasida sug‘urta qildiruvchi notarial harakatlarni amalga oshirganda naf oluvchiga yetkazilgan zarar tufayli kelib chiqadigan majburiyatlar bo‘yicha sug‘urta to‘lovlarini amalga oshirish nazarda tutiladi, ma'naviy zarar, boy berilgan foyda va jarima to‘lovlari bundan mustasno.

Hukumat qarorida qayd etilishicha, xususiy notariuslar majburiy sug‘urta shartnomasini tuzish uchun sug‘urtalovchini ixtiyoriy tanlaydi. Majburiy sug‘urta shartnomasi 1 yil muddatga tuziladi.

Shartnoma bo‘yicha sug‘urta mukofotining hajmi tomonlarning kelishuvi bilan belgilanadi, biroq bu miqdor shartnomada belgilangan sug‘urta summasining 1 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.

Mavzuga oid