“Qadrdon do‘stlar! Charchoq to‘plangani, to‘rt devor orasida muntazam qolish ko‘pchilik uchun og‘irligini tushunaman, biroq boshqa tanlov yo‘q. O‘zini alohidalash rejimiga albatta chidash lozim”, deb aytgan Putin kirish nutqida.

U koronavirusga qarshi kurash Rossiyaning navbatdagi tantanasi bilan yakunlanishini aytgan. “Hammasi o‘tkinchi va bu ham o‘tib ketadi. Davlatimiz jiddiy sinovlardan ko‘p marta o‘tgan – Rossiya barchasini uddalagan. Bu koronavirus balosini ham yutamiz. Birgalikda barchasidan o‘ta olamiz”, deb qo‘shimcha qilgan Putin.  

Putin koronavirus pandemiyasi iqtisodiyot va odamlar hayotiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani munosabati bilan bir nechta ijtimoiy choralar ko‘rilishini e'lon qilgan. Ushbu choralardan asosiylari quyida keltirilgan.

Fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar 

Shifokorlar va tibbiy xodimlarga me'yoridan ortiq yuklama uchun qo‘shimcha to‘lovlarga 10 mlrd rubl ajratish.

Koronavirusga chalinganlar bilan ishlovchi mutaxassislarga apreldan boshlab 3 oy davomida qo‘shimcha haq to‘lanadi. Shifokorlar uchun bu to‘lovlar oyiga 80 ming rublni, o‘rta bo‘g‘in tibbiy xodimlari uchun 50 ming rublni, kichik bo‘g‘in tibbiy xodimlari uchun 25 ming rublni tashqil qiladi. Tez yordam shifokorlari oyiga 50 ming rubldan, feldsherlar va haydovchilar 25 ming rubldan qo‘shimcha haq oladilar. 

3 yoshdan 7 yoshgacha farzandlari bo‘lgan oilalarga to‘lovlar iyuldan emas, iyundan berila boshlanadi. Bu to‘lovlar nafaqat ehtiyojmand oilalarga beriladi, uni koronavirus oqibatida ishini yo‘qotgan kishilar oilalari ham olishi mumkin.  

Ishini yo‘qotgan kishilar oilalaridagi har bir balog‘atga yetmagan bolaga oyiga 3 ming rubldan to‘lanadi.

Ishini yo‘qotganlar va 1 maygacha bandlik markazlariga murojaat qilganlarga eng kam ish haqi miqdori (12130 rubl) barobarida nafaqa to‘lanadi. 

Biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar

Kichik va o‘rta biznes korxonalariga sug‘urta jamg‘armalariga ijtimoiy badallar to‘lovini yarim yilga qoldirish.

Korxonalarning to‘lovlarni kechiktirish natijasida vujudga keladigan qarzdorligi korxona uni sekin-asta uza olishi uchun bir yildan kam bo‘lmagan muddatga restrukturizatsiya qilinishi kerak.