O‘zbekistonda e'lon qilingan sport chellenjining ilk g‘oliblariga sovg‘alar topshirildi
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi BMTning Markaziy Osiyodagi Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda #uydaqol! #hayotgaqo‘shil! #sportchallenge chellenjini o‘tkazmoqda.
Bugun, 11 aprel kuni chellenjning ilk g‘oliblariga sovg‘alar topshirildi.
Dastlabki uch kunda chellenjga kelgan 800dan ortiq videomateriallar orasida 1-o‘ringa navoiylik Dmitriy Xvalchevlar oilasi loyiq ko‘rildi.
2-o‘ringa opa-singillar Shabnam va Madina Norpo‘latovalar ishtirokida tasvirga olingan video sazovor bo‘ldi.
3-o‘rinni esa biryo‘la ikki oila vakillari - navoiylik Ro‘ziyevlar hamda andijonlik Shiriyevlar oilasi qo‘lga kiritishdi.
Bugun #uydaqol! #hayotgaqo‘shil! #sportchallenge chellenjining ilk g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan o‘zlariga atalgan qimmatbaho sovg‘alar, ya'ni sport anjomlarini qabul qilib olishdi.
Darvoqe, yurtdoshlarimiz uchun #uydaqol! #hayotgaqo‘shil! #sportchallenge chellenjida qatnashish qulay bo‘lishi uchun Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Feysbukdagi rasmiy kanalida «Uyda qol! Hayotga qo‘shil!» sahifasi, Instagram kanalida esa #sportchallenge sahifalari ham ochildi.
Endi siz o‘z video materiallaringizni ushbu sahifalar orqali ulashish imkoniyatiga ega bo‘ldingiz.
Shu bilan birga, Telegram messenjerida ochilgan t.me/uydaqol_hayot guruhi ham ishlab turibdi.
Aziz yurtdoshlar, chellenjda faol ishtirok eting va qimmatbaho sovg‘alarni qo‘lga kiriting. Unutmang, agar siz ilk g‘oliblar safidan chetda qolgan bo‘lsangiz, bu sizning tanlovda boshqa ishtirok etmasligingizni bildirmaydi. Demak, sizda hali g‘olib bo‘lish uchun imkon bor.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati