Aytish joizki, ushbu hududda joylashgan mamlakatlarda pandemiya ulkan tahlikaga sabab bo‘lmoqda. G‘oyat gavjumligi, ayni paytda sog‘liqni saqlash infratuzilmasining ortda qolgani bilan tavsiflanuvchi ushbu mintaqa virus manbayi – Xitoy bilan qo‘shni bo‘lgani sababli ham asosiy xavf-xatar o‘choqlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Hindiston va Pokiston olovli halqa ichida

Janubiy Osiyo mamlakatlari – Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston, Nepal va Butan Covid-19’ning boshlang‘ich nuqtasi hisoblanmish Xitoy bilan chegaradosh. Hindiston va Pokiston Xitoy bilan juda uzun umumiy sarhadlarga ega bo‘lib, aholi zichligi va kambag‘allik darajasi yuqoriligi har ikki mamlakatda ham vaziyat yanada qo‘rqinchli tus olishiga sabab bo‘lmoqda. Ustiga ustak, Pokiston virus eng ko‘p tarqalgan davlatlardan yana biri – Eron bilan ham qo‘shni hisoblanadi. Qolaversa, mamlakatda Xitoy-Pokiston iqtisodiy yo‘lagi (CPEC) loyihasi tufayli ko‘plab xitoyliklar yashayotgani tahdid ko‘lamini yanada orttirmoqda.

Bangladesh hukumati nega nolimoqda?

Mintaqaning aholi ko‘p bo‘lgan uchinchi mamlakati – Bangladeshda esa komendantlik soati joriy etilgan. Ammo hukumat «#StayAtHome» chaqirig‘iga jamoatchilikning rioya qilmayotganidan nolimoqda. Chunki qashshoqlik xalqning uyda qolishi uchun to‘siq bo‘lmoqda. Mamlakat Xitoydan olingan 10 mingta sinov to‘plami va himoya kiyimlari bilan epidemiyaga qarshi kurashishga harakat qilmoqda.

Nepal, Shri-Lanka va Afg‘onistondagi holat qanday?

Nepalda zaruratsiz ko‘chaga chiqish taqiqlangan. Shri-Lankada komendantlik soati joriy etilgan. Bundan tashqari, virusga qarshi kurash doirasida Xitoydan 500 million dollar qarz olindi.

Hukumat va «Tolibon» o‘rtasida muzokaralar davom etayotgan Afg‘onistonda esa hukumat ham, «Tolibon» ham Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JST) bilan hamkorlik va muvofiqlikda Covid-19’ga qarshi kurash olib borish haqida xabar berdi.

Raqamlar ortib borayotganining sababi nima?

Dunyoning eng zich ikkinchi mamlakati Hindistonda esa vaziyat jiddiy. Komendantlik soatlari joriy etilgan bo‘lsa-da, ayni paytda virusga chalinganlar soni 7 mingga yaqinlashib qoldi, o‘lim bilan bog‘liq holatlar ham tobora ortib bormoqda. Raqamlar keskin ko‘tarilib borayotganining asosiy sababi esa sinov o‘tkazilgan odamlar sonining mamlakat umumiy aholisiga nisbatan juda past ekanidir.