O‘zbekiston | 21:39 / 12.04.2020
38740
3 daqiqa o‘qiladi

«Mehr-shafqat va salomatlik» fondiga qancha mablag‘ tushdi va u nimalarga sarflanmoqda?

«Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondi boshqaruv raisi Asrol Mirzahmedov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda fonddan ko‘zlangan maqsadlar, shu paytgacha qancha pul tushgani va bu mablag‘larning qanchasi qanday maqsadlar yo‘lida sarflangani haqida ma'lumot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu fond koronavirusga qarshi kurash zaruratidan, ya'ni yaqinda tashkil etilgani yo‘q. «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondi bir necha yillardan buyon aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj, yakka-yolg‘iz, nogiron qatlamlarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

«Har yilgi xarajatlar smetasi bir necha milliard so‘mni tashkil qiladi. Aynan koronavirusga qarshi kurash doirasida bu fondga e'tibor kuchayib, uning ahamiyati keskin oshib ketdi», – deydi Asrol Mirzahmedov.

Fond raisiga ko‘ra, homiylik hisobidan shakllangan mablag‘larni sarflashning vaqtinchalik tartibi quyidagicha:

  • Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalariga dori vositalari, tibbiy buyumlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini sotib olishga;
  • Koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan davolash-profilaktika muassasalarida dezinfeksiya tadbirlarini amalga oshirish uchun dezinfeksiyalovchi vosita va asbob-uskunalarni, shuningdek, tibbiyot asbob-uskunalari va maxsus transport vositalarini sotib olishga;
  • Koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish, profilaktika va targ‘ibot ishlariga;
  • Tibbiyot muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlashga;
  • Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya va boshqa yo‘nalishlar xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Asrol Mirzahmedovning so‘zlariga ko‘ra, fondga qisqa vaqt davomida hayratlanarli darajada mablag‘ kelib tushgan.

«10 aprel holatiga ko‘ra, turli tashkilotlar va jismoniy shaxslardan fondi hisob raqamiga 57 milliard 613 million so‘mdan ortiqroq miqdorda mablag‘ kelib tushdi.

Aynan jismoniy shaxslarning o‘zi 2 milliard 370 million so‘mdan ko‘proq homiylik qildi. Bu ham yurtdoshlarimizning mavjud vaziyatga befarq emasliklari, saxovatini ko‘rsatib turibdi. Birgina 10 aprel sanasining o‘zida qariyb 1,5 milliard so‘m homiylik mablag‘i kelib tushdi.

Xarajatlarga kelsak, 10 aprel kuniga qadar yuqorida ko‘rsatilgan maqsadlar uchun 5 milliard 767 milliondan ko‘proq mablag‘ sarflandi», – dedi Mirzahmedov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mablag‘lar bevosita Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda, mutasaddilar ko‘rsatmasi asosida eng zarur yo‘nalishlar uchun sarflanmoqda.

«Biz OAV bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Faoliyatimiz shaffofligini ta'minlashda ularga suyanamiz. Kelib tushgan mablag‘lar, sarf-xarajatlar haqida barcha savollarga javob berishga tayyormiz», dedi Asrol Mirzahmedov so‘zi yakunida.

«Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondining hisob raqamlari:

  • 20 212 840 9001 0173 4001 (AQSh dollarida)
  • 20 212 978 0001 0173 4001 (Yevroda)
  • 86 00 33 299 742 5800 - Uzcard (so‘mda)
  • 986 00 1010 240 5858 – Humo Card
  • 4084 16000 0316334 – Visa (AQSh dollari)
  • «Ipoteka-bank», Mehnat, MFO: 00 423, INN: 200 897 248.
  • Tel 71-245-34-05, 71-245-34-47, 71-245-38-59

Mavzuga oid