O‘zbekiston | 16:46 / 15.04.2020
32910
4 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Qo‘chqorov: «Bunday sharoitda mablag‘ni ayab o‘tirmaslik kerak»

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov bugungi kunda har qanday hukumat oldida turgan muhim masala haqida gapirdi.

Bank-moliya sektori brifingida ishtirok etgan Bosh vazir o‘rinbosari brifing tashkilotchilariga murojaatchilar tomonidan yuborilgan savollarga javob berdi.

Karantin vaqtida O‘zbekistondagi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar qanday? Iqtisodiyotda yuzaga keladigan salbiy ta'sirlarni yumshatish bo‘yicha qanday choralar ko‘riladi?

«Inqiroz choralari va ta'siri ham uch xil. Birinchisi, bu odamlarning aziyat chekishi. Ikkinchisi, iqtisodiy pasayish. Uchinchisi, real sektor va moliyaviy sektordagi «shoklar» bo‘lishi mumkin. Bu juda ham muhim. Inqiroz chetdan kirib kelganida mana shunday «shoklar» ehtimoli oshadi.

«Shok» bu nima? Misol uchun, aviakompaniyamiz faoliyati batamom to‘xtagan. Chunki u uchaman desa ham, bilasizlarki, boshqa mamlakatda birorta aeroport qabul qilmayapti. Bu real sektorning «shoki», dedi Qo‘chqorov.

Bosh vazir o‘rinbosari bugungi kunda har qanday hukumat oldida turgan muhim masala haqida aytib o‘tdi.

«Har qanday hukumat uchun eng muhim masala – inqiroz, uning ta'sirini cho‘zib yubormaslik. Uni tezroq neytrallashtirish, bartaraf qilish muhim. Chunki iqtisodiy pasayish qanchalik chuqur va davom etuvchi bo‘lsa, uning ta'siri juda ham katta bo‘ladi. Bu aholining qashshoqlashishiga, mamlakatni umuman yomon ahvolga olib keladi. Shuning uchun vazifamiz iqtisodiy pasayishning eng pastki nuqtasi chuqurlashishining oldini olishdan iborat.

Har qanday inqiroz xarajatni keltirib chiqaradi. Oldimizda turgan masalalarni xarajatsiz hal qilib bo‘lmaydi. Hozirgi vaqtda budjet taqchilligi uncha yoki buncha bo‘larkan degan gaplarga o‘rin yo‘q. Iqtisodiyotni saqlab qolish haqida gap ketyapti. Rahbariyatning topshiriqlari bilan ayrim sanoat tarmoqlari, qurilishda ishlarni jonlantirish bo‘yicha ishlarni boshladik. Juda ham katta xarajatlar haqida gap ketishi mumkin. Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xalqaro moliya tashkilotlaridan, hukumatlardan kredit mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha ish olib borishyapti. Shu bilan birga, ichki resurslarimizning ham ishlatilishi ehtimoli katta. Bu davlatimiz rahbarining qarorlari bilan bo‘ladigan tadbirlar.

Ma'lum bir resurslarga ega har qanday mamlakat bunday sharoitda mablag‘ni ayab o‘tirmaydi. Chunki bugungi kunda mablag‘ni ayab o‘tirish – inqirozni siklini cho‘zib yuborish demakdir. Uni cho‘zib yuborish degani iqtisodiyotga yetadigan zararni chuqurlashtirib borish va iqtisodiyotning o‘nglanishini orqaga surish. Iqtisodiyotning o‘nglanishi qanchalik orqaga surilaversa, odamlar aziyat chekishi ham uzoqroq davom etaveradi, daromadlar ham tushib boradi va oxir-oqibat davlatning o‘zi budjetiga mablag‘ ololmaydi», deya Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid