The New York Times’ning yozishicha, virusga qarshi vaksina topilmaguncha iqtisodiyotda o‘nglanish kuzatilishi dargumon.

Biznes egalari iqtisodiy cheklovlar bekor bo‘lgandan so‘ng barchasi yana avvalgidek bo‘lishiga ishonmayapti.

Birgina misol. Denverda restoran va mehmonxona tarmoqlari – Sage Hospitality Group egasi Uolter Izenberg 6000 nafar ishchisining 5000 nafarini ishdan bo‘shatishga majbur bo‘ldi. Uning kunlik daromadi 3 mln dollardan 40 ming dollargacha (naq 75 baravar) tushib ketishi uchun atigi 3 hafta kifoya qildi.

Qachonlardir o‘z faoliyatini idish-tovoq yuvishdan boshlagan Uolter Izenberg 5000 kishini ishdan bo‘shatish oson bo‘lmaganini aytadi.

«Xodimlarimga qiyinligini tushunaman. Ularni yana ish o‘rniga qaytarishni istayman. Lekin iqtisodiy muammolar yil yakuniga qadar davom etishi mumkin.

Prezident ham tezroq Amerika iqtisodiyotini oyoqqa qo‘yish haqida o‘ylayapti. Lekin hammasi Tramp bashorat qilayotgandek emas. Koronavirus uchun samarali davo yoki vaksina topilmagunga qadar iqtisodiyot ham «sog‘aya olmaydi». Odamlar avvalgidek sayohat, vaqtichog‘lik qilishga shoshilmayotganini ko‘rib turibman», deydi Izenberg.

Karantindagi Uoll-strit, Nyu-York
Foto: Lucas Jackson / Reuters

Donald Tramp karantin va u bilan bog‘liq cheklovlarni tezroq yumshatish tarafdori. Chunki cheklovlar 11 yillik iqtisodiy taraqqiyotni chippakka chiqardi, millionlab amerikaliklar ishsiz qoldi.

Ammo hammasi cheklovlarni bekor qilgan bilan hal bo‘lib qolmaydi. Restoran va do‘konlarning yana ochilishi insoniyat xarid uchun tayyor degani emas: odamlarni iqtisodiy ehtiyojlar emas, virusni yuqtirib olish vahimasi boshqarmoqda.

«Yashil chiroq yonishi uchun sariq chiroq davrini ham boshdan kechirish kerak»

AQSh savdo palatasi prezidenti Syuzanna Klark iqtisodiyotning qayta jonlanish jarayonini svetoforga o‘xshatdi.

«Restoran va do‘konlarning eshiklarni ochib qo‘yganimiz bilan ish bitmaydi. Iqtisodiyotning jonlanishi svetoforga o‘xshaydi. Biz hozir qizil chiroqdamiz. Hamma harakatdan to‘xtagan. Yashil chiroq yonishi uchun avval sariq chiroq davrini ham boshdan kechirishimiz kerak.