O‘zbekiston | 17:08 / 18.04.2020
11999
2 daqiqa o‘qiladi

EPSILON (EDC): G‘arbiy Ernazar-2 yangi qudug‘idan uglevodorodlarning sanoat miqyosidagi oqimi olindi

Foto: EPSILON

Joriy yilning 18 aprel kuni G‘arbiy Ernazar-2 qudug‘ining quyi sermahsul qatlamlarida burg‘ulash hamda GRP ishlari yakunlanishi natijasida quduqdan gaz oqimi olindi. Yuqori intervalning 20 m oralig‘i perforatsiya qilinganidan so‘ng esa quduqning kunlik debiti 200 ming kub.m gaz hajmigacha yetkaziladi.

Barcha ishlar COVID-19 koronavirusi tarqalishiga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida, o‘rnatilgan sanitar-epidemiologik me'yorlariga qat'iy rioya qilingan holda olib borilmoqda.

Shuningdek, Ayzavat-8 qudug‘ida ham intensiv ravishda gaz namoyon bo‘lishi kuzatilayotgan holda burg‘ulash ishlari tugallanmoqda, bu holat esa o‘z navbatida mazkur istiqbolli tuzilma katta salohiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi. Yaqin orada quduq o‘zlashtirilgach, undan sanoat miqyosidagi gaz oqimi olinishi kutilmoqda, bu ham navbatdagi istiqbolli yangi kon ochilganidan dalolat beradi.

Bugunga kelib, kompaniya tomonidan zahiralari 26 mlrd. kub.m dan ortiq bo‘lgan 7 ta yangi gaz koni ochilgan.

Kezi kelganda, shuni ham aytib o‘tish o‘rinliki, hozirgi oddiy bo‘lmagan sharoitda, kompaniya ish haqini to‘lashda hamda hamkorlar bilan o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishda afsuski, vaqtinchalik qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu holat esa kompaniyamiz mahsulotini olgan iste'molchilar, qayta ishlash korxonalari bilan va kreditlarni qoplash bo‘yicha kelib chiqqan o‘zaro qarzdorlikka bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Kompaniya ayni paytda ish haqini qisman bo‘lsa-da, to‘lab berishni boshladi hamda birinchi galda mazkur masalani hal etish uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.

Epsilon Development Company (EDC) Matbuot xizmati

Mavzuga oid