O‘zbekiston | 11:00 / 19.04.2020
20543
7 daqiqa o‘qiladi

Intervyu: Sherzod Shermatov onlayn darslarga o‘qituvchilarni saralash, ularga bo‘layotgan tanqid va internet tezligi haqida

18 aprel kuni Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov va bir guruh jurnalist hamda blogerlarning onlayn muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda vazir xalq ta'limi sohasida dolzarb bo‘lib turgan bir qator savollarga javob berdi. Muloqotda jurnalistlar tomonidan televideniye orqali o‘tilayotgan onlayn darslarga o‘qituvchilarning tanlab olinish jarayoni borasida savol berildi.

Vazir Shermatov savolga javoban o‘qituvchilar bu jarayonga yil davomida tanlovlar o‘tkazib, hakamlar hay'atini tayinlab, ochiq darslarda baholanib tanlanmaganini aytdi.

«Chunki bunday tanlashga imkoniyat ham yo‘q edi. O‘zimiz ham oldindan tayyorgarlik qilmagan edik. «Yil o‘qituvchisi» bo‘lgan, tanlovlarda qatnashgan o‘qituvchilar bor. Tanlovimiz asosan Toshkent shahri bilan cheklangan, chunki karantin bo‘lgani uchun o‘qituvchilarni viloyatdan olib kelish imkoniyati bo‘lgani yo‘q. Bolalarni olimpiadalarga tayyorlagan, hamma sohadan yaxshiroq bo‘lgan o‘qituvchilarning ro‘yxati olib turiladi, shularning ichidan tanlab olingan. Qisqa muddatda tanlangani uchun xato o‘tadigan vaziyatlar bo‘ldi», – dedi u.

Shermatov javobida onlayn darslarni kuzatib, o‘qituvchilardan kamchilik topayotganlarning o‘zi xato nimadaligini tushunmayotgani borasida to‘xtalib o‘tdi. 

«Inqirozdan oldin o‘qituvchilarni kasbiy litsenziyasi, sertifikatlashtirishni amalga oshirish taklifi berilgan edi. Chunki o‘qituvchilik kasbiga kirish uchun ham ko‘pgina mamlakatlarda shu narsa bor. Ijtimoiy tarmoqlarda [bu masala yuzasidan] rosa “to‘polon” bo‘ldi. Bundan ko‘zlangan maqsad – o‘z ustida ishlaydigan, metodologiyani biladigan, darsni yaxshi o‘tadigan o‘qituvchilarni sekin-sekin shakllantirish edi. Lisenziyalash bo‘yicha qancha to‘polon ko‘tarilgani birdan esimizdan chiqib ketdi. 15 martda Respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilinganidan keyin 16 martdan ro‘yxatlarni qilib, televideniye bilan gaplashib, suratga olish jarayonlarini boshlab yubordik. Televizorda chiqayotgan o‘qituvchilarni eng yaxshi o‘qituvchilar deb bemalol aytish mumkin. Chiqish uchun birinchidan, o‘qituvchining o‘zi tayyor bo‘lishi kerak, hamma yerda karantin bo‘lib, hamma uyida o‘tirgan vaqtda qo‘rqmasdan [televideniyega] borishi kerak. Ikkinchidan, ularning xatosini topib, to‘polon bo‘lganidan keyin ularning ham ko‘ngli sovib, biz ham qolgan o‘qituvchilarga o‘xshab uyda o‘tira qolaylik deb aytganlari ham bo‘ldi. Bular ham chiqmasa, nima qilishimiz kerak, efirni o‘chirib qo‘yishimiz kerakmi?», - dedi u.

Vazirga ko‘ra, onlayn darslarni o‘tish uchun boshida kelgan o‘qituvchilar tarkibi bilan hozirgisi o‘rtasida katta farq bor va jarayon doimiy o‘zgarib boradi. Bugun nafaqat onlayn darslar, balki kunlik yangiliklarni o‘qish, xabarlar almashishda ham millionlab o‘zbekistonliklarni bir muammo qiynaydi — sifatsiz internet.

Shermatovga bu borada uning bir paytlar AKT vaziri bo‘lgani eslatilib, internet tezligini oshirish uchun nimalar qilish kerakligi haqida savol berildi.

«To‘rt yil oldingi vaqtga qaraydigan bo‘lsak, Zoom`da sizlar bilan bunday gaplasha olmas edik. Chunki 1 mbitlik tarifning o‘zi katta tarif hisoblanadi. Bunday tarif olish ham qiyin. Hozir ko‘z tegmasin, bemalol gaplashyapmiz. Bu ham internet tezligining o‘zgarganiga dalolat bo‘lsa kerak. Shuning uchun internet tezligi oshganini ham inobatga olish kerak. Ijobiy o‘zgarish bor. So‘nggi uch yilda undan oldingiga qaraganda internetning tezligi ancha oshgan. Optikaning ko‘paygani jihatidan ham, telefonlarda ham internet tezligi avvalgiga qaraganda oshgan. Biroq [internetga bo‘lgan]talab ham oshib boryapti. Ayniqsa, karantinga o‘tilganidan keyin talab juda oshdi. Butun dunyoda karantinga o‘tilganidan keyin internet o‘rtacha 30-40 foizga sekinlashdi.

Lekin internet tezligini bundan keyin ham oshirishimiz kerak. Amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ma'lumot bersa kerak», – dedi Xalq ta'limi vaziri. Unga ko‘ra, karantin davrida onlayn darslarni internet orqali tashkil qilinmaganiga sabab ham internet tezligi muammosi hisoblanadi.

«Internet qanaqaligini bilamiz. Masalan, qo‘shni davlat Qozog‘iston respublikasini olaylik. Bizdan ancha oldin internet bozorlariga sarmoya kiritgan. Ular ham boshida onlayn darslarni internet orqali o‘tamiz deb harakat qilishdi. Keyin «internetimiz infratuzilmani ko‘tarmas ekan, onlayn o‘tmaymiz», deb televizion darslarga o‘tishdi. Biz boshidan “og‘ir” trafik – videolarni televideniye orqali jo‘natamiz deb qaror qildik. Chunki bu ham qo‘shimcha «nagruzka» bo‘lishi kerak emas edi. Bolalarning ta'lim sifatiga salbiy ta'sirining oldini olish uchun biz internet orqali uzatayotganimiz yo‘q. Darslarning «Onlayn maktab» deb atalishi – shunaqa nom, lekin darslar televideniye orqali ketyapti.

Elektr bo‘lmagan hududlar, tog‘li hududlar bor. Vaqti-vaqti bilan u yerga ham borishi kerak. Lekin ommani eng ko‘p qamrab olish yo‘li – televideniye. Bu darsni to‘laqonli olib borish uchun internet kerak emas. Internet bunga qo‘shimcha. O‘qituvchilardan o‘quvchilarning onlayn darslarni ko‘rishi, uy vazifalarini bajarishi,tushunmagan joylari bo‘lsa, yordam berishini telegram [ilovasi] bo‘lsa telegram orqali, bo‘lmasa telefon orqali nazorat qilish aytilgan edi. Hozirgi onlayn darslarni davom ettirish uchun internet majburiy emas», – dedi Shermatov.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 10 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, har bir vazirlik o‘zining asosiy xarajatlaridan tashqari jamg‘armalaridagi mablag‘ni respublika budjetiga o‘tkazishi belgilangan.Xo‘sh, qaror bo‘yicha Xalq ta'limi vazirligidan qancha mablag‘ budjetga yo‘naltirilishi mumkin?

Shermatov savolga quyidagicha javob berdi: «Qarorda hammasi yozilgan. Albatta, bu ham xalq ta'limi sohasiga ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘larning qisqarishiga olib keladi. Elga kelgan to‘y. U yerda birinchi qisqarayotganlar – qo‘shimcha to‘lanadigan rag‘batlantirish pullari. Davlat tizimining barcha tuzilmasi bo‘yicha rag‘batlantirish pullari kamaymoqda. Inqiroz davri hamma birlashadigan davr. Shuning uchun hammamiz birlashib qiyinchiliklarni birga yengib o‘tishimiz kerak. Shuning uchun nafaqat bizning sohada, boshqa istalgan davlat boshqaruvi tashkilotida ham oylik kamayadi».

Intervyuni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid