Jahon | 23:54 / 19.04.2020
10519
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda epidemiyadan keyin jamoat xavfsizligi vaziri o‘rinbosariga nisbatan tergov boshlandi

Xitoyning davlat nazorat qo‘mitasi jamoat xavfsizligi vaziri o‘rinbosariga nisbatan tergov boshladi. Amaldor koronavirus epidemiyasi vaqtida virus tarqalishi o‘chog‘iga aylangan Xubey provinsiyasiga maxsus komissiya tarkibida yuborilgan.

Bu haqda qo‘mita xabarida ma'lum qilingan.

“Jamoat xavfsizligi vazirligi partiya qo‘mitasi a'zosi, vazir o‘rinbosari Sun Litszyun intizom va qonunni jiddiy buzishda gumon qilinmoqda. Ayni vaqtda unga nisbatan tergov olib borilmoqda”, deyilgan xabarda.

Ta'kidlanishicha, ayni vaqtda amaldor haqidagi ma'lumot vazirlik saytidan o‘chirib tashlangan. 

Sun Litszyun

Sun Litszyun Xitoyda koronavirus epidemiyasi avj olgan vaqtda Xubey provinsiyasiga yuborilgan maxsus komissiya tarkibiga kirgan. Ushbu komissiya mahalliy hokimiyatning epidemiyaning erta bosqichidagi harakatlarini tergov qilgan. Bu taftish natijalariga ko‘ra Uhan shahri va Xubey ma'muriyatidagi bir qator rasmiy shaxslar o‘z lavozimlaridan olingan.

Sun Litszyun Xubeyda kamida bir oy ishlagan va bir necha marta mahalliy televideniyening reportajlarida ko‘rinish bergan.

Xitoy jamoat xavfsizligi vazirligi rahbariyatiga nisbatan o‘tkazilgan oxirgi tergovlardan biri vazirning boshqa bir o‘rinbosari, Interpolning sobiq rahbari Men Xunvey ishi bo‘lgan. 2018 yil sentyabrda Men Xunvey Fransiyadan Xitoyga kelgach, aloqaga chiqmay qo‘ygan. Shu yilning 7 oktyabrida Xitoy hukumati uning korrupsiyada gumon bilan hibsga olinganini ma'lum qilgan. 2020 yil yanvarida Xitoy sudi sobiq amaldorni 14,46 mln yuan (2,12 mln dollar) pora olishda aybdor deb topib, uni 13,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid