Epidemiya ustidan hali to‘liq g‘alaba qozonilmagan, biroq u sekin-asta chekinmoqda. Karantin o‘rniga ijtimoiy masofalanishning yangi qoidalari joriy etiladi, deb yozmoqda TASS.

Eron poytaxti Tehron ko‘chalari piyodalar va mashinalar bilan to‘lgan. Ikki hafta avvalgiga nisbatan ko‘chada odamlar bir necha barobar ko‘p, lekin odatiy Tehron tiklanishigacha hali ancha bor. Ko‘plar shahar bo‘ylab sayr qilib yurishibdi, o‘rindiqlarda dam olishmoqda

Foto: Nikita Smagin / TASS

Cheklovlarni paydar-pay olib tashlashni boshlash uchun hukumat kasbiy faoliyatni uch turga bo‘ldi: koronavirus tarqalishi tahdidiga ko‘ra past, o‘rta va yuqori darajaga.

Biznesning birinchi kategoriyasi Tehrondan tashqari butun mamlakat hududida 11 aprel kuni ishga qaytdi. So‘nggi haftalarda poytaxt epidemiyaning bosh o‘chog‘i sanalgani bois, yumshatishlar bu yerda 18 apreldan kuchga kirdi.

20 aprelda yangi choralar paketi qabul qilindi. Endi ikkinchi toifa — koronavirus tarqalishining o‘rtacha xavfi bo‘lgan biznes turlari ishga qaytdi. Dushanba kuni qurilish mollari do‘konlari, suvenir sotadigan rastalar, fotosalonlar, kiyim-kechak butiklari, avtoservislar ochildi. Dorixonalar va supermarketlar epidemiya avj nuqtasiga chiqqan paytlarda ham mijozlarga xizmat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Savdo markazlari va bozorlar ham ishlamoqda, biroq qisqartirilgan grafikda — soat 18:00ga qadar. Restoranlar, sport klublari va ayrim jamoat muassasalari yopiqligicha qolmoqda. Qahvaxonalarning ham ko‘pchiligi ochildi, faqat ular yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yishgan.

Foto: Nikita Smagin / TASS

Bundan tashqari, 20 apreldan yana bir muhim yumshatish joriy etildi: shaharlar o‘rtasida shaxsiy transportda qatnash mumkin. To‘g‘ri, hozircha hukumat fuqarolarga sayohatga chiqishdan tiyilishni maslahat bermoqda.

«Xaraz shossesida cheklovlar olib tashlanganidan so‘ng avtomobillar soni keskin ko‘paydi. Biz Tehron aholisidan [mamlakat shimolida joylashgan] Mozandaronda joylashgan o‘zlarining villalari va dala hovlilariga yo‘l olishdan tiyilib turishni so‘raymiz», — degan dushanba kuni sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Eraj Harirchi.