Shu va boshqa savollarga oydinlik kiritish uchun Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi Ro‘zimuhammad Xonnazarov bilan suhbat uyushtirdik.

– Ro‘zimuhammad Abduqahhorovich, bizga ma'lumki, siz Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi bo‘lish bilan birga shu sohada doktorlik darajasiga ega O‘zbekistondagi yagona olimsiz. Ayting-chi, sohaning kechasi, buguni va ertasiga qanday baho berasiz?

Ro‘zimuhammad Xonnazarov

– Xalq tabobati sohasining o‘tmishi haqida gapiradigan bo‘lsak, uning o‘tmishi qorong‘i edi, ya'ni xurofot sifatida qaralar, xalqimizning ming yillar davomida shakllangan va avloddan avlodga o‘tib kelayotgan tabobatga oid bilim, tajriba va ko‘nikmalari e'tibordan chetda qolgandi. Qisqacha aytganda, tabiblarning egasi yo‘q, ular qayerga murojaat qilishni bilmas, qonunchilikda esa bo‘shliq bor edi.

 Sohaning buguni prezidentning 2018 yil 12 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan bog‘liq bo‘ldi. Chunki bu qaror O‘zbekiston tarixida sohani tartibga solishga qaratilgan birinchi normativ-huquqiy hujjat edi.

Shu bilan birga, joriy yilning 10 aprelida davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» ikkinchi qarori qabul qilindi. Bu qaror xalq tabobatining huquqiy maqomini yangi bosqichga olib chiqdi. Chunki bugun xalq tabobati mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida rasmiy maqomga ega bo‘ldi. Sodda qilib aytganda, tabiblar qonuniy faoliyat yuritishi mumkin bo‘ldi.

Istiqbollariga kelsak, bugun dunyo mamlakatlari aholisi, asosan rivojlangan davlatlar aholisining tabiiy, arzon, zarari kam va xavfsiz xalq tabobati usullari va dori vositalariga qiziqishi ortib bormoqda. Bizning diyorimizda buyuk tabiblar o‘tganini va ulardan ulkan ma'naviy meros qolganini hech kim inkor eta olmaydi. Ayni paytda mamlakatimizning bu sohada imkoniyatlari juda katta. Masalan, respublikamizda o‘n mingdan ortiq mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lsa, o‘rtacha olganda har bir mahallada bir nafardan tabib faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning soni 10 mingdan ortadi. Bu tibbiyot sohasida katta kuch va imkoniyat demakdir. Faqat biz bundan to‘g‘ri va samarali foydalanishimiz kerak.

To‘rt mo‘'tadil iqlimga ega mamlakatimiz hududida noyob tabiiy holda o‘sadigan dorivor giyohlar bor, tabiblar ulardan samarali foydalanib kelmoqda. Bugun xorijdan kelayotgan mehmonlar kasalxonalardagi zamonaviy tibbiy uskunalar va jihozlar uchun emas, balki noyob dorivor giyohlar va buyuk Ibn Sinoning merosxo‘rlari bo‘lgan tabiblarni qidirib kelayotganiga ko‘p guvohi bo‘lyapmiz. Ular nafaqat tabibga, balki mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham sezilarli foyda keltirishi mumkin.