O‘zbekiston | 22:26 / 24.04.2020
283599
10 daqiqa o‘qiladi

Faoliyatiga ruxsat berilayotgan sub'yektlar ma'lum qilindi

Karantin choralarini yumshatish doirasida qurilish materiallari bozorlari, hunarmandlar, tijorat banklari shahoblachari, notaral idoralar, avtomobillarga xizmat ko‘rsatuvchi va boshqa ko‘plab tashkilotlarning faoliyatini tiklashga ruxsat berildi. Ruxsat berilgan tadbirkorlar sanitariya-epidemiologiya talablari asosida ishlarini tashkillashtirishlari belgilangan. Respublika maxsus komissiyasi Kun.uz’ga faoliyatiga ma'lum shartlar bilan ruxsat berilayotgan sub'yektlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat yaxshilangan hududlarda karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilib, iqtisodiyotning muayyan yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub'yektlarining o‘z ishini davom ettirishiga ruxsat berilmoqda.

Respublika hududida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, sanoat, infratuzilma, transport va logistika sub'yektlarining barqaror faoliyat yuritishini ta'minlash maqsadida Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan epidemiya sharoitida iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror ishlashini ta'minlash, aholi o‘rtasida ishsizlik oshib ketishining oldini olish hamda budjet tushumlarini ta'minlash uchun iqtisodiyotning qator yo‘nalishlari faoliyatiga ruxsat berilmoqda.

  • Xususan, qurilish materiallari bozorlari, shu jumladan, qurilish materiallarining chakana va ulgurji savdosi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga (maydoni 500 kv.metrdan kam bo‘lmagan);
  • yirik ishlab chiqaruvchi sub'yektlarning o‘z mahsulotlarini sotishga mo‘ljallangan hududlardagi tarmoq do‘konlariga (sanitar normasi 10 kv.metrga 1 nafar xaridor tartibi asosida);
  • hunarmand va ustalarga – ular tomonidan yasalgan buyumlarni bozor rastalaridan tashqari alohida joylashgan joyda (do‘kon) sotish faoliyatiga;
  • urug‘ va ko‘chat yetishtirish hamda ularni sotish faoliyati bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub'yektlariga (mulkchilik shaklidan qat'i nazar);
  • tijorat banklarining obektlardagi shoxobchalariga (kassalari);
  • avtomobillarga ehtiyot qismlar sotish faoliyati bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub'yektlariga (mulkchilik shaklidan qat'i nazar);
  • avtomobillar, qishloq xo‘jaligi va qurilish texnikalariga servis xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga – 1000 kv.metrdan kam bo‘lmagan maydonga ega sub'yektlar, shuningdek, vulkanizatsiya xizmatlari ko‘rsatuvchi sub'yektlarga;
  • kimyoviy tozalash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlariga;
  • notarial idoralar va sug‘urta kompaniyalarini faoliyat yuritishiga;
  • to‘xtab qolgan investitsiya loyihalari va ijtimoiy soha obektlarini qurish ishlarini davom ettirishiga ijozat berilgani shular jumlasidan.
  • Qayd etish lozimki, koronavirus epidemiyasi sharoitida ushbu korxona va tashkilotlarni, savdo va xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyat yuritishi hamda qator obektlarda qurilish ishlarini davom ettirish sanitariya-epidemologiya talablari asosida belgilangan.

Ushbu talablar bilan quyidagi keltirilgan xujjatda tanishish mumkin:

Mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha korxona va tashkilotlarda COVID-19 kirib kelishi oldini olish va tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan talablar

  • Korxona yoki tashkilot, qurilish obekti ochiq zonada joylashgan bo‘lsa, albatta atrofini to‘liq o‘rash, begonalar kirishini qat'iyan man qilish;
  • korxona va tashkilotlarga begona shaxslar kirishining oldini olish va xavfsizligini ta'minlash maqsadida qo‘riqlash va boshqa xizmat turlaridan foydalanish;
  • xodimlarni har kuni ishxonada kamida 2 marta – ish boshlanishidan avval va ishdan keyin «filtr»dan o‘tkazish, tana haroratini o‘lchash, tana harorati yuqori bo‘lgan yoki kasallik alomatlari bo‘lgan xodimlar aniqlanganda albatta ishdan chetlashtirish;
  • tana harorati yuqori bo‘lgan yoki kasallik alomatlari (quruq yo‘tal, holsizlik, yuqori harorat, hid sezish qobilyatining pasayishi) bo‘lgan xodimlarni alohidalashtirish uchun tibbiy punktda izolyator tashkil etish;
  • ish kuni boshida yoki yakunida barcha xonalarni dezinfeksiyalovchi vositalar bilan zararsizlantirish, shuningdek, kvars lampalar bilan ishlov o‘tkazish, albatta kun davomida kamida ikki marta xonalarni shamollatish;
  • korxonalarda barcha xodimlar uchun qulay bo‘lgan joylarga qo‘llarini dezinfeksiyalovchi vositalar bilan zararsizlantirish uchun yetarli darajada zararsizlantiruvchi uskunalar o‘rnatish;
  • har kuni jamoat uchun umumiy bo‘lgan xonalarni (ovqatlanish, dam olish xonalari, hojatxona) zararsizlantiruvchi vositalar bilan zararsizlantirish ishlarini o‘tkazish;
  • har 2-4 soatda barcha tashqi muhit obektlarini (eshik tutqichlari, vklyuchatel, zina tutqichlari, stol, stullar, tashkiliy texnika) zararsizlantirish uchun yetarli darajada zararsizlantiruvchi uskunalar o‘rnatish;
  • yuvuvchi va zararsizlantiruvchi moddalar, shaxsiy himoya vositasining (niqob va rezina qo‘lqop) 5 kunlik zaxirasini yaratish, tibbiy niqoblarni kamida har 2-3 soatda almashtirish;
  • xodimlarning ish joyida bir-biridan kamida 2 metr masofada muloqot qilishlarini nazorat qilish;
  • barcha xodimlarni to‘liq shaxsiy himoya vositasida (tibbiy niqob
  • va rezina qo‘lqop) faoliyat ko‘rsatishini muntazam nazorat qilish, shaxsiy himoya vositalarini ishlatilgandan so‘ng markazlashgan holda yig‘ish
  • va ularni utilizatsiya qilish;
  • ba'zi korxonalar xodimlari o‘rtasida yuqori nafas yo‘llari kasalliklarining oldini olish va maksimal darajada muloqotni kamaytirish maqsadida onlayn tarzida ish faoliyatini tashkil etish;
  • xodimlarning ovqatlanishi uchun alohida xona tashkil etish, ish joyida ovqatlanishni taqiqlash, ularning qo‘l yuvish uchun zararsizlantiruvchi uskunalar bilan ta'minlash;
  • xodimlarga karantin vaqtida qulaylik yaratish va ularning erkin holda ko‘chada yurishlarining oldini olish va foydali ish soatlarini oshirish maqsadida markazlashgan holda ovqat yetkazib berilishini ta'minlash;
  • xodimlarni yotoqxonalar bilan ta'minlash, barcha xodimlar ish joyi
  • va yotoqxonalari o‘rtasida piyoda yurishlarini taqiqlash, ularni transport vositalari bilan ta'minlash;
  • jamoa yig‘ilish xonalaridan (chekish xonasi, ma'naviyat va ma'rifat xonasi, oshxona, majlislar xonasi) foydalanishda cheklov choralarini ko‘rish;
  • agarda korxona va tashkilotda biror nafar xodimda quruq yo‘tal, isitma, holsizlik va shunga o‘xshash klinik belgilar paydo bo‘lsa, zudlik bilan «103» raqamli tez yordamga murojaat qilish.

Mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha savdo korxonalarida COVID-19 kirib kelishi oldini olish va tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan talablar

1. Tashrif buyuruvchilar uchun:

  • savdo nuqtasi va unga tutash hududlarda xavfsizlikni ta'minlash
  • va xaridorlar orasidagi ijtimoiy masofa saqlanishiga rioya qilinishini ta'minlash maqsadida qo‘riqlash va boshqa xizmat turlaridan foydalanish;
  • savdo nuqtasiga kiruvchi har bir shaxsning tana haroratini masofadan turib o‘lchashni tashkil etish. Tana harorati yuqori bo‘lgan fuqaro aniqlansa, savdo markaziga kiritmaslik va «103» telefon raqami orqali tibbiyot xodimlarini chaqirtirish;
  • savdo nuqtasiga kirish joyida dezinfeksiyalovchi vosita bilan to‘yintirilgan maxsus gilamcha (dezinfeksiyalash to‘sig‘i)ni 1 smenada eng kamida 1 marta almashtirib turish;
  • yirik savdo markazlarida (maydoni 500 kv.metrdan katta) tashrif buyuruvchi odamlarning ust-boshidan antiseptik bilan purkash yo‘li bilan dezinfeksiyalash uchun maxsus o‘tish joylarini o‘rnatish;
  • savdo do‘konlariga kirish joyida teri uchun maxsus antiseptiklar
  • (shu jumladan, o‘rnatilgan dozatorlar yordamida) bilan qo‘lni zararsizlantirish joylarini tashkil qilish;
  • har bir xaridor orasida 2 metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofa saqlanishini ta'minlash.

2. Savdo nuqtasi xodimlari uchun:

  • shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinishini ta'minlash, yuqori nafas yo‘llari infeksiyalari kasalliklari belgilari (tana haroratining yuqoriligi, yo‘tal, tumov) bo‘lgan xodimlar ishga qo‘yilmasligini ta'minlash;
  • xodimlarni 1 martalik yuz niqoblari bilan yetarli darajada ta'minlash (yuz niqobini tugash muddati va ish vaqtining davomiyligiga qarab kamida 3 soatda 1 dona);
  • xaridorlar bilan ishlovchi har bir xodimni eng kamida 5 dona yuz niqobi, antiseptik salfetkalar, qo‘lqop, teri va qo‘lni zararsizlantiruvchi (ro‘yxatga olingan va qo‘llash uchun qarshi ko‘rsatmasi bo‘lmagan) antiseptiklar bilan ta'minlash;
  • xodimlarning ovqatlanish va dam olish vaqtlarida to‘planishlarini cheklash, ish joyida ovqatlanishni taqiqlash, ular uchun bir martalik idishlardan foydalangan holda karantin vaqtida qulaylik yaratish va ularni erkin holda ko‘chada yurishlarining oldini olish va foydali ish soatlarini oshirish maqsadida markazlashgan holda ovqat yetkazib berilishini ta'minlash;
  • har 2-4 soatda barcha tashqi muhit obektlarini (eshik tutqichlari, vklyuchatel, perila, stol, stullar, tashkiliy texnika, aravachalar tutqichlari) zararsizlantirish uchun yetarli darajada zararsizlantiruvchi uskunalar o‘rnatish;
  • xodimlarni har bir ovqatlanish oldidan, ishdan so‘ng qo‘llarini maxsus zararsizlantiruvchi vositalar bilan yuvish, profilaktik chora-tadbirlarga, shaxsiy va umumiy gigiyena qoidalariga amal qilish zarurligi to‘g‘risida muntazam xabardor qilib borish;
  • ishlatilgan shaxsiy himoya vositalarini maxsus idishlarda alohida ajratilgan yig‘ish va ularning utilizatsiya qilinishini ta'minlash.

Izoh. Korxona va tashkilot rahbarlari qo‘l ostida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarning sog‘ligi uchun mas'ul ekanliklari yana bir bor eslatib o‘tilishi maqsadga muvofiqdir.

Mavzuga oid